Shavkat Mirziyoyev 29-noyabr kuni “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlarning faoliyati samaradorligini oshirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunni imzoladi.

Hujjatda aytilishicha, ayni vaqtda jamoat va davlat xavfsizligini ta’minlash, fuqarolarning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilish, huquqbuzarliklar profilaktikasi hamda jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha vazifalarning samarali amalga oshirilishi Qurolli Kuchlarda va huquqni muhofaza qiluvchi organlarda xizmatni o‘tayotgan shaxslar uchun belgilanadigan cheklovlarning qonun bilan tartibga solinishini taqozo etmoqda.

Mazkur qonun bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarida va huquqni muhofaza qiluvchi organlarda xizmatni o‘tash bilan bog‘liq cheklovlar belgilashni nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda. Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran bir oy o‘tgach kuchga kiradi.

Ushbu qonun O‘zbekiston Qurolli Kuchlari va huquqni muhofaza qiluvchi organlar jangovar shayligini va xizmat faoliyati samaradorligini yanada oshirishga, harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari o‘rtasida tarbiyaviy ishlar natijadorligini ta’minlashga xizmat qiladi, deyiladi hujjatda.

Harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlariga tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishga, o‘z xizmat vakolatlarini jismoniy va yuridik shaxslarning manfaatlarini ko‘zlab bajarish yoki bajarmaslik evaziga ulardan biron-bir mukofot, foyda yoki sovg‘alar olishga, qonunchilikda nazarda tutilmagan imtiyozlardan, preferensiyalar yoki afzalliklardan o‘z xizmat mavqei bilan bog‘liq holda foydalanishga doir taqiqlar belgilanmoqda.