Toshkentda 10-noyabrdan noqonuniy o‘rnatilgan tashqi reklamalarni demontaj qilish bo‘yicha navbatdagi reyd boshlandi. Ertasiga Toshkent hokimligi barcha noqonuniy reklamalar olib tashlanishini ma’lum qildi.
“Biz barcha reklama konstruksiyalari egalarini vaqtni boy bermay, o‘z reklamalarini yagona dizayn-kod talablariga muvofiq qonuniylashtirish choralarini ko‘rishga chaqiramiz”, — deya ta’kidlangandi xabarda.
2022-yil avgust holatiga ko‘ra, Toshkentda 11 mingta reklama konstruksiyalari mavjud edi. Bugungi kunda ulardan bor-yo‘g‘i 857 tasi yangi namunadagi pasportga ega va dizayn-kodga mos keladi, deya ma’lum qildi Toshkent shahar hokimining o‘rinbosari — poytaxt hokimligi huzuridagi Raqamli rivojlanish departamenti (RRD) direktori Aleksey Xen “Gazeta.uz” bilan suhbatda.
RRD qoshidagi “Tashqi reklama” loyiha ofisi rahbari o‘rinbosari Lazizbek Toshqulovning ta’kidlashicha, qolgan 10 mingta konstruksiyaning hammasi ham buzib tashlanmaydi. Tadbirkorlar 1-dekabrga qadar xususiy mulkka o‘rnatilgan (1000 ga yaqin) tashqi reklama obyektlarini qonuniylashtirish, shuningdek, davlat mulkiga o‘rnatilgan konstruksiyalar uchun yangi namunadagi pasportlar olish bo‘yicha ariza berish imkoniga ega edi. Buni my.gov.uz portali orqali amalga oshirish mumkin edi. Shunda qabul qilingan dizayn-kodga mos keladigan reklama o‘z joyida qoldirilishi ko‘zda tutilgandi.
Lazizbek Toshqulovning so‘zlariga ko‘ra, dizayn-kodga mos kelmaydigan 5 mingga yaqin kichik konstruksiyalar olib tashlanadi. Davlat mulkiga o‘zboshimchalik bilan o‘rnatilgan konstruksiyalar yo‘q qilinadi.
Tashqi reklama obyektlarining dizayn-kodi shahar muhitining u yoki bu elementlari uchun muayyan tartib-qoidalarni o‘rnatuvchi birinchi me’yoriy hujjat bo‘ldi. Uning maqsadi — tashqi reklama bozorini tartibga solish hamda yanada uyg‘un va xavfsiz shahar muhitini yaratish.
RRD dizayn-kodni ishlab chiqish ustida 2023-yildan buyon shug‘ullanadi. Hukumatning 2024-yil 31-avgustdagi qarori bilan RRD tashqi reklama bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlardan biri sifatida belgilangan edi.
“Bizga reklama konstruksiyalarini hisobga olish va ular bilan bog‘liq barcha tadbirlar amalga oshirishga mo‘ljallangan „Tashqi reklama“ respublika platformasini ishlab chiqish vazifasi yuklatildi. Platformada tegishlicha ruxsat olgan barcha reklama konstruksiyalari, obyektlarning fotosurati va tavsifi jamlanadi. Shuningdek, bo‘sh lotlar ham ko‘rsatiladi. Buning uchun u my.gov.uz va eauksion.uz elektron autsion tizimi bilan o‘zaro bog‘langan. Platforma yil oxirigacha ishga tushishi kutilyapti”, — deydi RRD rahbari Aleksey Xen.
Platformani ishlab chiqish jarayonida departament mutaxassislari shaharda qanday turdagi reklama obyektlari bo‘lishi mumkin va qoidalar qanday bo‘lishi kerak, degan savolni o‘rtaga tashladi.
“Biz Moskva, Qozon, Novosibirsk, Olmaota va Yevropa shaharlari tajribasini o‘rganib chiqdik va barchasi o‘z dizayn-kodiga ega ekanini aniqladik. Ular me’yoriy hujjat shaklida bo‘lib, ulardan foydalanish bo‘yicha ilovalar ham bor”, — deydi Aleksey Xen.
Departament Reklama industriyasi milliy assotsiatsiyasi va Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish va raqobatni rivojlantirish qo‘mitasi bilan hamkorlikda Toshkentdagi reklama konstruksiyalari turlarini, shuningdek, 2018-yilda Moskvaning “Strelka” byurosi mutaxassislari tomonidan ishlab chiqilgan, lekin qabul qilinmay qolgan shahar dizayn-kodini o‘rgandi. RRD shu ma’lumotlar asosida dizayn-kod ishlab chiqdi.
“Bu juda zarur hujjat, chunki korxona reklama konstruksiyasini o‘rnatmoqchi bo‘lsa, unda qanday o‘lchamlar, ranglar, texnologiyalarga ruxsat etilgan, degan savol tug‘iladi. Bularning barini tartibga solmasa, istalgancha qilish mumkin bo‘lib qoladi”, — deydi Aleksey Xen.
Dizayn-kod birinchi navbatda endi o‘rnatilishi taqiqlangan ommabop konstruksiya turlarini, shuningdek, reklama joylashtirishga yo‘l qo‘yilmaydigan muhit sharoitlarini belgilab berdi.
Shunday qilib, quyidagilar mumkin emas:
- tarixiy binolarning fasadlari va madaniy meros obyektlariga taalluqli binolarda tashqi reklama o‘rnatish. Bunda ayrim istisnolar mavjud. Masalan, Alisher Navoiy nomidagi opera va balet teatri binosi oldiga afisha qo‘yish mumkin, chunki teatrlar, odatda, bino yonida o‘z repertuarini joylashtiradi. Endilikda teatr o‘z afishasini dizayn-kodga moslashtirishi kerak;
- ko‘chaning qatnov qismi va piyodalar yo‘laklarida reklama konstruksiyalarini o‘rnatish;
- yo‘l belgilariga o‘xshash reklamalarni o‘rnatish. Ular shu vaqtgacha Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi bilan kelishilmagan holda o‘rnatilayotgan edi;
- xavfsizlik texnikasi qoidalarini buzgan holda konstruksiyalar o‘rnatish;
- derazalarni to‘sib qo‘yadigan konstruksiyalar o‘rnatish. Bunda reklamani fasadlardan qancha masofada va qanday burchak ostida joylashtirish mumkinligini aytish qiyin, chunki muhit sharoitlari turlicha bo‘lishi mumkin. Bunday holatlarning har biri alohida ko‘rib chiqiladi;
- turar joy binolarining derazalari ro‘parasida LED-monitorlar o‘rnatish;
- daraxtlarda reklama o‘rnatish;
- yoritish ustunlari (simyog‘ochlar) va boshqa ustunlarga konstruksiyalar o‘rnatish;
- binolar orasiga osma reklamalar o‘rnatish;
- ovozli va proyeksion reklamalar o‘rnatish;
- bayroqlar, shtenderlar, reklama bannerlari va derazalarga e’lonlar yopishtirish.
Shundan so‘ng, RRD poytaxtning har bir tumani kesimida reklamadan xoli hududlar xaritasini tuzdi. Bunday hududlarga madaniy meros obyektlari, diniy muassasalar, qabristonlar, ayrim davlat idoralari, shuningdek, mozaikali binolar kiradi. Xaritalarda nafaqat obyektlarning o‘zi, balki ular atrofidagi bufer zona ham belgilab qo‘yilgan.
“Biz joylashtirilgan reklama u yoki bu madaniy meros obyektini to‘sib qo‘ymasligi kerak, degan tamoyildan kelib chiqib, har bir obyekt uchun bufer zonani alohida hisoblab chiqdik”, — deydi RRD qoshidagi “Tashqi reklama” loyiha ofisi rahbari Alixon Ahmadjonov.
Dizayn-kod o‘rnatishga ruxsat etilgan 20 turdagi konstruksiyani, shuningdek, reklama maydoni yuzasiga qarab ularning formatlarini, jumladan, nostandart konstruksiyalarni ham belgilab beradi. Shuningdek, to‘plamda turli o‘lchamdagi tashqi reklama obyektlari o‘rtasidagi minimal masofa ham belgilab qo‘yilgan.
Konstruksiyaning har bir turi uchun o‘lchamlar, texnologiya (masalan, statik yoki elektron), poydevor, ustun va karkas materiallar, rang va yorqinlikka oid talablar ishlab chiqilgan.
Bundan tashqari, hujjatda har bir formatni shahar muhitida joylashtirish tartib-qoidalari: daraxtlar, jamoat transporti bekatlari, piyodalar o‘tish joylari, svetoforlar va yo‘l belgilari, bordyurlar, trotuarlar va chorrahalardan qancha masofada joylashtirish mumkinligi ko‘rsatilgan.
Dizayn-kod jamoat transporti bekatlarida reklama joylashtirishga ruxsat beradi. Hujjatda bekatning namunaviy ko‘rinishi belgilanmagan. Unda faqat avtobus bekati qanday ko‘rinishda bo‘lishi mumkinligiga misol keltirilgan, deb tushuntiradi Aleksey Xen. To‘q sariq rangda ko‘rsatilgan joylar - yon tomoniga siti-format ko‘rinishida, orqa devori va tom qismiga reklama joylashtirishga ruxsat etiladi.
Bekatlardagi LED-monitorlarning maksimal yorqinligi, shuningdek, media-fasadlarning yorqinligi dizayn-kodda belgilanmagan. Biroq “Tabiiy va sun’iy yoritish” SHNQga ko‘ra, multimedia tizimlarining yorqinligi har kvadrat metrga 100 kandeladan oshmasligi kerak. RRD monitorlarning yorqinligini o‘lchaydi va tadbirkorlarga me’yorlarga rioya qilish majburiyatini yuklaydi.
Shu bilan birga, did bilan ishlab chiqilgan taqdirda, bekatlarni brendlashga ruxsat beriladi, deydi Aleksey Xen. Toshkentda 250 ta bekatga ega bo‘lgan JCDecaux xalqaro reklama agentligi dunyo mamlakatlarida bekatlarni brendlash bo‘yicha ayrim misollar bilan o‘rtoqlashdi. To‘g‘ri yondashilsa, bekat o‘ziga xos san’at obyektiga aylanishi mumkin.
O‘rnatishga ruxsat etilgan reklama konstruksiyalari ro‘yxatiga, media-fasadlar va bekatlardan tashqari, ko‘tarma kranlar, qurilish panjaralari va to‘siqlaridagi reklamalar ham kiritilgan, chunki ularda ham reklama uchraydi.
Qolaversa, RRD tashqi reklama obyektlari uchun axborot lavhasining yagona standartini qabul qildi. Unda konstruksiyani o‘rnatgan kompaniya nomi, obyektning pasportiga yo‘naltiradigan QR-kod, pasport raqami, uning amal qilish muddati, aloqa uchun reklama agentligining telefon raqami ko‘rsatiladi.
“Biz majburiy ranglar va shriftlarni belgilab oldik hamda turli xil konstruksiyalarga axborot taxtasini joylashtirish bo‘yicha tavsiyalar berdik. Shuningdek, lavhaning o‘lchamlari, shrifti va QR-kodi minimal o‘lchamiga ham talablar o‘rnatildi — bu talablar konstruksiya turiga bog‘liq: obyekt qanchalik katta bo‘lsa, lavha ham shunchalik katta bo‘ladi”, — deydi Aleksey Xen.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bu me’yorlar belgilanmasa, tadbirkorlar hatto axborot lavhasini ham brendlashtirgan bo‘lardi. Uning mavjudligi konstruksiyaning hujjatga ega ekanligini bildiradi.
“Biroq hozir qonuniy konstruksiyalarning hammasiga ham bunday lavhalar o‘rnatilmagan, shuning uchun demontaj qilishdan oldin ruxsat bor-yo‘qligini tekshirishimiz uchun bizga obyektning joylashuvi va fotosuratlarini yuborishadi”, — deydi Aleksey Xen.
Dizayn-kodning yana bir qiziqarli bandi — avtotransport vositalaridagi reklama. Toshkentda yetkazib berish xizmati rivojlanganligi sababli, skuterlarga reklama joylashtirishga ham talablar belgilangan.
“Ushbu me’yor o‘tgan yili Vazirlar Mahkamasining reklama bozorini tartibga solish to‘g‘risidagi qarorida belgilangan edi. Lekin dizayn-kodga biz tasvirlarni — u qanday ko‘rinishda bo‘lishi kerakligini kiritdik. Buning uchun biz transport vositalarida reklama joylashtirish bo‘yicha arizalarni tahlil qildik va ularni odatda qayerga yopishtirishlarini o‘rgandik. Bu tashqi reklamaning boshqa turlariga qo‘yilgani singari qat’iy talablar emas. Transport vositasi o‘zining estetik ko‘rinishini yo‘qotmasligi uchun dizayn-kod bilan belgilangan chegaralardan ko‘pi bilan 30 foizga chiqishga ruxsat beriladi”, — deya tushuntiradi Aleksey Xen.
Uning qo‘shimcha qilishicha, avtotransport vositalarida reklama joylashtirish uchun ruxsatnoma bor-yo‘qligini YHXB xodimlari tekshiradi. Hujjat yo‘q bo‘lsa, bu avtotransport vositasining texnik xususiyatlarini o‘zgartirishga tenglashtiriladi va buning uchun transport vositasi jarima maydonchasiga joylashtiriladi. Transport vositalari egalari ham reklama joylashtirish uchun arizani my.gov.uz orqali topshirishi mumkin.
Avtotransport vositalariga barcha turdagi reklama konstruksiyalarini o‘rnatish va reklamalarni joylashtirishning yillik tariflari xalq deputatlari shahar Kengashining 2024-yil 1-maydagi qarori bilan tasdiqlangan.
Aleksey Xenning ma’lum qilishicha, konstruksiyalarning texnik xavfsizligiga qo‘yiladigan talablarni Qurilish vazirligining litsenziyasiga ega bo‘lgan alohida kompaniyalar tekshiradi. Bu hukumatning reklama bozorini tartibga solish to‘g‘risidagi qarorida ko‘zda tutilgan. Bunday kompaniya konstruksiyaning barcha talablarga muvofiqligi — poydevorning mustahkamligi, ishlatilgan materiallar, og‘irlik, konstruksiyaning shamolga, shamol va qor yuklamasiga chidamliligi va boshqalar to‘g‘risida xulosa chiqaradi. Xulosani tayyorlashda grunt xususiyatlari, hududning seysmik tavsifi, shamol shiddati, yerosti silkinishlari qanchalik tez takrorlanishi inobatga olinadi. Tadbirkorga kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha tavsiyalar berilishi mumkin. Konstruksiyalarning texnik xulosasini har ikki yilda yangilash talab etiladi. Kompaniyalar tomonidan imzolangan xulosalar monitoringi va ularni tekshirish bilan shahar va tuman qurilish boshqarmalari shug‘ullanadi.
Dizayn-kodda ba’zi kamchiliklar bo‘lishi mumkin, deya tan oladi Aleksey Xen. Masalan, media-fasadlarga qo‘yiladigan talablarni (illyuminatsiya yorqinligi bundan mustasno) belgilash, aftidan, hozirgi kunda imkonsiz. Hozircha ular shaharda unchalik ko‘p emas, lekin ularning soni ko‘payishi ehtimoli yuqori. Vaqt o‘tishi bilan ularni qanday tartibga solish mumkinligi aniq bo‘ladi. Yangi talablar shahar Kengashining alohida qarorlari bilan dizayn-kodga kiritiladi.
“Biz Toshkent sharoitini hisobga olgan holda dunyodagi eng yaxshi amaliyotlarni o‘rganib chiqdik va qo‘lladik. Hali yana ko‘p narsalarni takomillashtirish mumkin, biroq shuning o‘zi ham shunday qoidalar to‘plamining umuman yo‘qligidan ko‘ra yaxshiroq yaxshiroq. Bu shaharning estetik qiyofasini yaxshilash yo‘lidagi birinchi qadam”, — deydi Aleksey Xen.
RRD reydlar davomida olib tashlangan konstruksiyalarning bir qismini tadbirkorlar qayta o‘rnatib olishi mumkinligini inkor qilmayapti. Bu, ayniqsa, shtenderlar, bayroqlar va stendlar kabi reklamalarning arzon turlariga taalluqli. Monitoring bilan inspektorlar shug‘ullanadi. Hozir shaharda atigi to‘rt nafar inspektor bor, lekin kadrlar tanqisligi butun shaharni piyoda tekshirish va 11 mingta obyektni xatlovdan o‘tkazishga xalal bermadi, deydi Aleksey Xen. Vaqt o‘tishi bilan odamlar vizual tozalikka o‘rganib qoladi va bu odatiy holga aylanadi.
Dizayn-kodni amalga tatbiq etishning birinchi bosqichida RRD muddatsiz bo‘lgan barcha eski namunadagi pasportlarni yangi elektron namunalarga almashtirishi kerak. Ular 2030-yil 1-dekabrga qadar amal qiladi. Keyin 2025-yil 1-avgustgacha barcha reklama konstruksiyalarini dizayn-kodga moslashtirish rejalashtirilgan.
Toshkent shahar hokimligi xalqaro maslahatchilar bilan hamkorlikda poytaxt dizayn-kodini ham ishlab chiqdi. U peshlavhalar, fasadlar, ko‘cha jihozlari, manzil lavhalari va hatto daraxtlar bilan binolarning fasadlari orasidagi masofa kabi ikir-chikirlarning qanday ko‘rinishda bo‘lishini tartibga soladi. Ish loyihaoldi kuzatuvdan boshlandi. Mutaxassislar tomonidan butun shahar bo‘ylab aholini gavjum nuqtalar, tranzit markazlari, piyodalar faolligi, mahallalar tipologiyasi, tijorat klasterlari, chakana savdo, ofis infratuzilmasi, turizm funksiyalari aniqlandi, aholi tarkibi, shaharning qurilish bosqichlari o‘rganildi.
Yaqin vaqt ichida ushbu dizayn-kod Toshkent shahar xalq deputatlari Kengashi tomonidan ko‘rib chiqilishi kutilyapti. Agar u qabul qilinsa, tashqi reklamadan tashqari shahar infratuzilmasi va obodonlashtirishning barcha elementlarini qamrab oluvchi me’yoriy hujjat kuchga kiradi, chunki tashqi reklama uchun alohida hujjat ishlab chiqilgan.