AQSh Moliya vazirligining Xorijiy aktivlarni nazorat qilish boshqarmasi (OFAC) Urganchdagi mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilariga nisbatan jinsiy jinoyatlarda ayblangan uch nafar O‘zbekiston sobiq amaldoriga qarshi sanksiyalar e’lon qildi. Sanksiyalar 2-dekabr — Xalqaro qullikka barham berish kunida joriy qilindi.

Mehribonlik uyining sobiq rahbari Yulduz Xudaybergenova, shuningdek, Xorazm viloyati adliya boshqarmasining sobiq boshlig‘i Oybek Masharipov va Yangiariq tumani favqulodda vaziyatlar boshqarmasining sobiq boshlig‘i Anvar Kuryazovlar “odam savdosi va gender zo‘ravonlik, jumladan, davlat mehribonlik uyidagi bolalarga nisbatan jismoniy va jinsiy zo‘ravonlik”da ayblanmoqda.

“Yulduz Xudaybergenova, Anvar Kuryazov va Oybek Masharipovlar davlat xizmatchisi bo‘lib ishlaganlarida muntazam ravishda jismoniy zo‘ravonlik, jinsiy zo‘ravonlik va bolalar savdosi bilan shug‘ullangan. Xudaybergenova davlat mehribonlik uyi direktori bo‘lib turgan vaqtida kamida uch nafar voyaga yetmagan qizni kamida 10 oy davomida pul va mol evaziga olti erkak bilan jinsiy aloqa qilishga majburlagan. U ularning itoatkorligini ta’minlash uchun jismoniy zo‘ravonlik, tahdid, ochlik va izolyatsiyadan foydalangan. Masharipov va Kuryazov mehribonlik uyi uchun „sovg‘a“ evaziga bolalar bilan jinsiy aloqa qilishni talab qilgan va shu maqsadda muassasaga muntazam tashrif buyurgan”, — deyiladi xabarda.

Uchalasi ham butun dunyo bo‘ylab inson huquqlarining jiddiy buzilishiga mas’ul shaxslarni nishonga oladigan global Magnitskiy qonuni sanksiyalari ro‘yxatiga kiritildi.

Ushbu shaxslarning AQShda joylashgan yoki amerikalik shaxslarning nazorati ostidagi barcha aktivlari va mulkiy manfaatlari muzlatiladi. Ularning ulushi 50% yoki undan yuqori bo‘lgan har qanday kompaniyalar ham bloklanishi mumkin.

Shu bilan birga, bu shaxslarga AQSh Davlat departamenti tomonidan viza cheklovlari qo‘yildi.

Rossiyalik huquq maslahatchisi Sergey Magnitskiy nomi bilan atalgan qonun 2012-yilda uning tergov izolyatoridagi o‘limiga aloqador shaxslarni jazolash uchun qabul qilingan. To‘rt yil o‘tgach, qonun “global” maqomini oldi va AQShga butun dunyo bo‘ylab inson huquqlarini buzuvchilar va korrupsionerlarga qarshi viza va moliyaviy cheklovlarni joriy etish imkonini berdi.

Xorazm ishi

Eslatib o‘tamiz, 2022-yil sentabr oyida jinoyat ishlari bo‘yicha Xiva tumani sudi Yulduz Xudaybergenovani 5,5 yilga, Anvar Kuryazov va Oybek Masharipovni esa 1,5 yilga ozodlikdan cheklashga hukm qilgandi, bu faqat 22:00 dan 6:00 gacha uydan chiqishni, shuningdek, probatsiya organlari bilan kelishmagan holda yashash joyini o‘zgartirishni taqiqlash degani.

Nemolchi.uz o‘sha yilning 31-mart kuni e’lon qilgan xabaridan keyin jamoatchilik mehribonlik uyi rahbari minimum 10 oy davomida kamida 3 nafar tarbiyalanuvchining jinsiy aloqa xizmatlarini taklif qilganidan xabar topdi.

Ommaviy norozilikdan so‘ng ish qayta ko‘rib chiqish uchun qaytarildi.

Ular moddaning eski tahririda nazarda tutilgan eng yuqori jazoni oldi — 3 yil qamoq. Ayblanuvchilarga nisbatan qo‘llangan “garov” tarzidagi ehtiyot chorasi bekor qilindi, sobiq mansabdor shaxslar sud zalida qamoqqa olindi.

Faol Irina Matviyenko moddalar malakasi bo‘yicha savol berdi va jabrlangan qizlar qaram holatda bo‘lgani va jinsiy aloqaga to‘liq rozilik bera olmaganini, shuning uchun ayblanuvchilarning xatti-harakatlari “voyaga yetmaganlarni jinoiy til biriktirib, guruh bo‘lib zo‘rlash” sifatida kvalifikatsiya qilinishi kerakligini ta’kidladi. Bu ayblovlar bo‘yicha moddalar 15 yilgacha qamoq jazosini nazarda tutadi.

Bosh prokuror o‘rinbosari Svetlana Artikova mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari bilan jinsiy aloqada bo‘lgan sobiq amaldorlarga nisbatan qo‘yilgan ayblovlar to‘g‘ri saralanganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, zo‘rlash faktlari tasdiqlanmagan.