2-dekabr kuni tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Baxromjon A’loyev BAA elchisi Said Matar al-Qamziyni qabul qildi, deb xabar qildi TIV matbuot xizmati.

Tomonlar so‘nggi kunlarda Abu-Dabi aeroportida O‘zbekiston erkak fuqarolarining ushlab turilishi bilan bog‘liq vaziyatni muhokama qildi.

“Mavjud holatni imkon qadar qisqa muddatlarda hal qilish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar ko‘rishga kelishib olindi”, — deyiladi xabarda.

Uchrashuvda ikki davlat o‘rtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy aloqalarni rivojlantirish masalalari ham muhokama qilindi.

“Gazeta.uz” 30-noyabrdan beri Abu-Dabi aeroportidagi chegara xizmati yakka tartibda yetib kelgan yosh yigitlarning mamlakatga kirishiga yo‘l qo‘ymaganini yozgandi.

Toshkentdan uchgan reyslardan biridagi 31 erkak qo‘lga olingan. Ularning pasportlari olib qo‘yilib, 15 soat ovqatsiz ushlab turilgan va tashrif maqsadi haqida so‘roq qilingan. So‘ng ular mamlakatni tark etishga majbur qilingan. Boshqa reyslarda ham hibsga olinganlar bo‘lgan. Hibsga olinganlarning bir qismi allaqachon Abu-Dabiga reyslar amalga oshiriladigan Toshkent va Samarqandga qaytgan.

Biz vaziyat haqida Toshkent aeroportida Wizz Air vakili bilan intervyu e’lon qildik.

Hozircha hibsga olish sabablari haqida rasmiy bayonot berilmagan.