Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Ukraina armiyasi Rossiya tomonidan bosib olingan hududlarni, shu jumladan, Qrimni ozod qilish uchun yetarli resurslarga ega emasligini tan oldi. Bu haqda u Kyodo News nashriga bergan intervyusida aytib o‘tdi.
“Bizning armiyamiz buni amalga oshirish uchun yetarli kuchga ega emas, bu — haqiqat. Biz haqiqatan ham diplomatik yechim topishimiz kerak”, — dedi Zelenskiy.
Ukraina bunday qadamni “yetarli darajada kuchli ekanini tushunganidan keyingina” ko‘rib chiqadi, shunda Rossiya yangi bosqinni boshlamaydi, deya qo‘shimcha qildi Ukraina rahbari Ukrainani NATOga taklif qilishga yana bir bor chaqirib. Avvalroq Zelenskiy o‘z mamlakatining NATOga a’zoligini Rossiya bilan urushni to‘xtatishning yagona yo‘li deb atagan edi.
Intervyuda Zelenskiy, shuningdek, saylangan prezident Donald Tramp lavozimga kirishganidan keyin AQShning qo‘llab-quvvatlashi masalasini ham muhokama qildi. Saylovoldi kampaniyasi davomida Tramp AQShning Ukrainaga ko‘rsatayotgan harbiy va moliyaviy yordami ko‘lamini bir necha bor tanqid qilgan va urushni yanvar oyida inauguratsiyasidan oldin to‘xtatishga va’da bergan, biroq buni qanday amalga oshirishni rejalashtirayotganini aytilmagan.
Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, Tramp va uning jamoasi Ukrainaning pozitsiyasini biladi va Ukraina rahbari ilgari taqdim etgan “g‘alaba rejasi”ni o‘rganmoqda.
“Ular rejani o‘rganmoqda va biz ularning fikrini kutmoqdamiz. Ammo Ukraina taslim bo‘lmaydi”, — dedi u. “Bu fakt va, men o‘ylaymanki, u [Tramp] buni tushunadi”.
Zelenskiy avvalroq urushda harbiy jihatdan g‘alaba qozonish mumkin emasligi haqida gapirgan edi. “Biz Ukrainaning birorta ham okkupatsiya qilingan hududini Rossiyaniki deb tan ololmaymiz. Gap [shu jumladan] 2014-yildan buyon Putin tomonidan to‘liq bosqingacha bosib olingan hududlar haqida ketmoqda. Yuridik jihatdan biz buni tan olmaymiz, buni qabul qilmaymiz. Boshqa tomondan, biz hali ham Putinni 1991-yildagi chiziqlarga uloqtirish uchun yetarli kuchga ega emasligimizni tushunamiz”, — dedi Zelenskiy noyabr oyida Fox News nashriga bergan intervyusida.
Telekanal jurnalisti Zelenskiydan “ushbu urushga chek qo‘yish va Yevropada qon to‘kilishini to‘xtatish maqsadida” tinchlik kelishuvi uchun Qrimdan voz kechishga tayyormisiz, deb so‘radi.
“Biz Qrimni diplomatik yo‘l bilan qaytarishga tayyormiz, deb aytdim. Biz Qrimni qaytarish uchun o‘n minglab odamlarimizning hayotini sarflay olmaymiz. Biz Qrimni diplomatik yo‘l bilan qaytarish mumkinligini tushunamiz”, — dedi Ukraina prezidenti.
BBC rus xizmatining ta’kidlashicha, deyarli uch yillik keng ko‘lamli urush davomida Zelenskiyning o‘zi ham, uning vakillari ham 1991-yil chegaralariga qaytish maqsadi haqida gapirishgan, ammo so‘nggi paytlarda bu tezis frontdagi murakkab vaziyat va Ukraina jamiyatining charchog‘i fonida kamroq yangray boshladi.