Bir qator operativ prognostik ob-havo modellari 1-dekabr tunida Markaziy Osiyodan bulutlar chekinayotganini tasdiqlovchi kosmik tasvirlarni ko‘rsatdi. Bundan O‘zbekistonga uzoq muddat yog‘ingarchiliksiz va biroz sovuq haroratni taqdim etadigan keng masshtabli antitsiklon yaqinlashayotgani anglanadi. O‘zbekiston hafta boshida antitsiklonning janubi-sharqi, hafta o‘rtalarida esa uning janubiy va janubi-g‘arbiy chekkasi ta’sirida bo‘ladi.
Aynan shu ta’sir oqibatida ta’sirida havo harorati mamlakat shimolida kunduzi +5 darajadan, aksariyat hududlarda +10 darajadan, janubiy viloyatlarda +12 darajadan past bo‘lishi kutiladi. Tungi havo harorati ham nol daraja va undan pastroq, shimoliy hududlar va Farg‘ona vodiysi viloyatlarida, shuningdek, tog‘li hududlarda nafaqat tunda, balki tongda ham nol darajadan past sovuq bo‘lishi prognoz qilinyapti.
Ish kunlari antitsiklon chekkasi ta’sirida tekisliklarda tong otishi va Quyosh botishidan so‘ng qalin tuman tushishi, Farg‘ona vodiysi viloyatlarining tekislik hududlarida bunday hodisalar uzoqroq davom etishi, hatto bulduruq hodisasi kuzatilishi mumkin. Oddiy qilib aytganda, O‘zbekistonda deyarli butun hafta davomida quruq va sovuq harorat kuzatilishi mumkin.
Shu bilan birga, yakshanba kuni Kaspiy dengizi tarafdan kirib kelishi kutilayotgan nam havo oqimi yog‘ingarchiliklarga sabab bo‘lishi mumkin. Yog‘inli bulutlar mintaqaga sovuq ob-havo fonida yaqinlashib kelayotgani uchun birinchi yog‘ishidayoq qor ko‘rinishida tushishi mumkin.
“O‘zgidromet” prognoziga ko‘ra, 2-dekabr kuni respublika bo‘ylab quruq va sovuq harorat kuzatiladi. Havo harorati shimolda 0…+5 daraja, boshqa hududlarda +3…+8 darajagacha, janubda +10 darajagacha iliq, tog‘larda -3daraja sovuqdan +2 daraja iliq orasida o‘zgarsa, tunda shimolda -8 daraja, tog‘larda -10 darajagacha sovuq kutiladi. Boshqa hududlarda ham harorat minimumlari nol daraja va undan past kuzatiladi. Tekislik hududlariga tuman tushishi mumkin.
Sinoptiklar 3−5-dekabr kunlari O‘zbekistonda quruq, yog‘ingarchiliksiz ob-havo kuzatilib, janubda havo harorati maksimumi +12 darajagacha, aksariyat hududlarda -5 daraja sovuqqacha, shimol va tog‘larda tunda harorat minimumlari -8 daraja sovuqqacha pasayishi, tuman tushishi kutilmoqda. 5-dekabr kuni tog‘larda tungi harorat biroz ko‘tarilishini hisobga olmasa, boshqa joylarda dushanba, seshanba, chorshanba va payshanba kunlari ob-havo bir xil bo‘lishi kutilmoqda.
Juma, shanba va yakshanba kunlari harorat hafta boshi va o‘rtalariga nisbatan biroz ko‘tariladi, ammo bu kabi ko‘tarilishni ko‘pchilik deyarli sezmaydi. Juma va shanba kunlari yog‘ingarchilik kutilmaydi, shanba kuni faqat tog‘larga biroz qor yog‘ishi mumkin. Yakshanba kuni esa kechga tomon Qashqadaryo, Surxondaryo, Samarqand, Jizzax, Sirdaryo, Toshkent viloyatlarida, keyinroq Farg‘ona vodiysida qor yog‘ishi mumkin.
Yevropa o‘rta va uzoq muddatli ob-havo prognoz markazining (ECMWF) 2−9-dekabr kunlari O‘zbekistonning aksariyat hududlarida o‘rtacha haftalik harorat shu davr uchun xos bo‘lgan iqlimiy me’yor atrofida, ayrim hududlarda esa me’yordan 1−3 daraja past bo‘lishini prognoz qilgan. Ya’ni, hafta “sovuqroq” bo‘ladi. Faqat Xorazm viloyati va unga qo‘shni Qoraqalpog‘iston Respublikasining tumanlarida haftalik harorat me’yordan biroz yuqori kuzatilishi mumkin.
Umuman, hafta davomida umumiy harorat foni yilning shu davri uchun mos iqlimiy me’yordan respublikaning katta qismida 1−3 daraja past bo‘lishi, yog‘ingarchilik bo‘yicha esa hafta boshi quruq kelishi kutilyapti. Hafta davomida asosiy aholi istiqomat qiluvchi hududlarda haroratning sezilarli pasayishi energetika tarmoqlariga yuklamani oshirishi mumkin.
Harorat rejimi va tez o‘zgaruvchan ob-havo muhitining inson salomatligiga ta’siri
O‘zbekiston butun ish haftasi davomida antitsiklon chekkasining ta’sir doirasida bo‘lishi, boz ustiga, mazkur antitsiklonda atmosfera bosimi 1030 va 1035 gPa ga yaqin bo‘lishi oqibatida aholi antitsiklon ta’sirni o‘z tanida his qiladi.
Qayd etish joiz, bundayin yuqori atmosfera bosimi inson salomatligiga, ayniqsa, allergik, astmatik hamda qon bosimi xastaliklaridan aziyat chekayotgan kishilarga jiddiy salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Bu tur bemorlar havodagi turli ko‘rinmas mayda zarrachalarga ta’sirchan (agressiv) bo‘ladi, aksiga olib, antitsiklon vaqtidagi tinch ob-havo sharoitida bu kabi zarralar havoda ko‘p muddat muallaq saqlanadi.
Yuqori bosimli davoiy antitsiklon ta’siri inson tanasida bosh va yurak og‘rig‘i, ishchanlikning sustlashuvi, umumiy zaiflik bilan namoyon bo‘ladi. Atmosfera bosimining ko‘tarilishi qondagi leykotsitlar sonini kamaytirib, organizmning himoya funksiyalariga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Bularning bari inson salomatligini sezilarli darajada yomonlashtiradi va turli yuqumli kasalliklarga moyil qilishi mumkin.
Tavsiyalar. Antitsiklon ta’sirlarga moyil kishilar tongda tetiklashtiruvchi yengil dush qabul qilishi, yengil gimnastika mashg‘ulotlari bilan shug‘ullanishi hamda ovqatlanish ratsioniga kaliy moddasiga boy mevalarni qo‘shishi tavsiya etiladi. Immun va asab tizimini zo‘riqtirmaslik maqsadida kundalik ish tartibini ham ma’lum muddat biroz o‘zgartirish lozim. Iloji bo‘lsa, ko‘proq dam olgan ma’qul.
O‘zbekistonda antitsiklon jarayonlari ta’siri 1,5−2,5 sutkagacha, juda kam hollarda 3,5 sutkagacha davom etishi mumkin.
Bu hafta kuchli shamollar bo‘lishi ehtimoli deyarli yo‘q. O‘z-o‘zidan, atmosfera bosimining qisqa vaqt ichida keskin o‘zgarishi ehtimoli ham past. Shunday ekan, joriy hafta ish kunlari tabiiy ob-havo muhitining ichki qon bosimiga ta’sir etishi xavfi baland emas.
Ammo yakshanba kuni nam havo oqimi, katta ehtimol, kuchli shamollar bilan kirib keladi. Bu vaqtda atmosfera bosimining qisqa vaqt ichida keskin o‘zgarishi, ya’ni “barik tubsizlik” hodisasi ro‘y berishi mumkin. Bu hodisa va unda qanday choralar ko‘rish lozimligi haqida avvalgi materiallarda to‘xtalib o‘tganmiz.
Bioiqlimiy sharoitlar
Bu hafta O‘zbekistonning shimoliy va tog‘li hududlari, shuningdek, Farg‘ona vodiysi viloyatlaridagi aholi sovuqdan ko‘proq ta’sirlanadi. Kunduzi iliqdek tuyuladigan harorat kuzatilsa-da, kechga tomon haroratning pasayishi odamning tez sovqotishiga sabab bo‘ladi.
Oddiy qilib aytganda, qalinroq kiyinish kerak. Tunda va tongda harorat nol daraja atrofida bo‘lgani uchun, ko‘pchilik bosh kiyim kiyishga ham majbur bo‘ladi. Shimolda, vodiyda va tog‘larda esa odamlar qo‘lini sovuqdan asrash uchun hatto qo‘lqop ham kiyib olishi mumkin.
Ammo haqiqiy sovuqlik stresslarini xush ko‘ruvchilar tog‘larga chiqishi, qorli manzaralarda haqiqiy qish nafasidan bahramand bo‘lishi ham mumkin, albatta.
Kosmik ta’sirlar
O‘zbekistonliklar hafta davomida magnit bo‘roni qo‘zg‘alishlaridan ta’sirlanmaydi. Chunki ko‘plab prognoz modellari Quyosh fotosferasidagi sokinlik sabab, Yer magnitosferasida ham vaziyat barqaror bo‘lishini taxmin qilgan.
Qozog‘istondagi Ionosfera instituti e’lon qilgan geomagnit bo‘roni prognozida ham aholi hafta davomida salomatlikka umuman xavf tug‘dirmaydigan “yashil” darajadagi qo‘zg‘alishlar bilan to‘qnashishi qayd etilgan.
Hozir dunyoda magnit bo‘ronlarini ikki kundan ortiq davr uchun ishonchli prognoz qila oladigan vosita va usullar mavjud emas. Shu bois magnit bo‘ronlariga ta’sirchan kishilar o‘z rejalarini yaqin ikki kunlik magnit bo‘roni prognozi ma’lumotlariga tayanib tuzishi maqsadga muvofiq.
Ob-havo o‘zgarishlari bilan bog‘liq atmosfera ifloslanishi
Yakshanba kuni kechga tomon O‘zbekistonning katta qismida kutilayotgan yog‘in-sochinli ob-havo mayda dispers zarrachalari tarqalishiga imkon bermaydi. Ammo haftaning boshqa kunlari antitsiklonal jarayonlar bunday zarrachalarning tarqalishi uchun qulay muhitni yuzaga keltiradi. Xususan, ish kunlari poytaxt havosida ham mayda dispers zarrachalari bilan bog‘liq ifloslik sezilarli ko‘payishi taxmin qilinmoqda.
Havoda mayda chang zarrachasi bilan bog‘liq ifloslanish ortgan paytda qanday harakat qilish lozimligi borasida Sanitariya-epidemiologiya qo‘mitasi aholining turli yosh qatlamlari va bemorlar uchun tavsiyalar tayyorlagan.
Shunday qilib, 2−8-dekabr sanalarida ob-havo bo‘yicha eng qulay kunlar juma va shanba bo‘lib, iqlimiy o‘zgarishlarga moyil ko‘pchilik shu kunlarda o‘zini ancha yengil his qilishi kutilyapti. Ayni vaqtda, yuqorida ta’kidlanganidek, joriy hafta ob-havosi energetika tarmoqlari uchun yaxshigina sinov bo‘ladi. Farg‘ona vodiysi aholisi esa, namlik omili sabab, bakteriyalarning navbatdagi faolligiga guvoh bo‘lishi mumkin.