2025-yilda Toshkentda o‘tishi rejalashtirilgan Yoshlar o‘rtasidagi Osiyo o‘yinlari O‘zbekistonda o‘tkazilmaydigan bo‘ldi. Musobaqaga Bahrayn mamlakati mezbonlik qiladi. Bu ma’lumotni O‘zbekiston milliy olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati “Gazeta.uz"ga tasdiqladi. Shuningdek, 2-dekabr kuni Osiyo olimpiya kengashi ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida bu haqda rasman xabar berdi.

“Osiyo olimpiya kengashi O‘zbekiston poytaxti Toshkentda o‘tkazilishi rejalashtirilgan III Osiyo o‘smirlar o‘yinlari mamlakatda o‘tkazilishi bekor qilinganini e’lon qildi. Endi tadbir 2024-yil 2-dekabrdagi Ijroiya kengashi yig‘ilishida qaror qilinganidek, 2025-yilda Bahraynda o‘tkaziladi”, — deyiladi xabarda.

bahrayn, osiyo olimpiya kengashi, osiyo oʻsmirlar oʻyinlari

Tashkilot ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi Osiyo Olimpiya kengashiga (OCA) 2025-yil 7−20-sentabr kunlari bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan Osiyo yoshlar o‘yinlarini o‘tkazish imkoniyati yo‘qligi haqida xat yo‘llagan. Bunga Toshkentdagi Olimpiya shahri qurilishining o‘z vaqtida yakunlanmasligi sabab bo‘lgan.

Kengash bosh direktori Huseyn Al-Musallam bu musobaqalar 2026-yil Senegalning Dakar shahrida o‘tkaziladigan o‘smirlar Olimpiya o‘yinlariga saralash bilan bog‘liq ekanligini, yosh cheklovlari va saralash mezonlari sababli ularni keyingi muddatga ko‘chirish imkonsizligini ta’kidladi. Bahrayn Olimpiya qo‘mitasi 2025-yildagi o‘yinlarni qabul qilishga tayyorligini bildirib, sport inshootlari, yashash joylari va tibbiy xizmatlarni ta’minlashni o‘z zimmasiga olishini ma’lum qildi.

Osiyo olimpiya kengashi ijroiya qo‘mitasi 2025-yilgi yoshlar Osiyo o‘yinlarini Bahraynda o‘tkazish haqidagi qarorni bir ovozdan ma’qulladi va O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasiga “barcha sa’y-harakatlari uchun minnatdorchilik bildirib, kelajakda katta tadbirlarni qabul qilish imkoniyatiga ega ekanligini” ta’kidladi.

O‘zbekiston 2025-yilgi Osiyo o‘yinlariga mezbonlik qilish huquqini 2019-yil sentabr oyida Dohada bo‘lib o‘tgan OOK qaroriga ko‘ra olgandi. Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 8-avgustdagi “Tanlovga tayyorgarlik ko‘rish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori tasdiqlandi.

O‘zbekistondagi Olimpiya shaharchasining qurilishi 2022-yil 9-noyabr kuni davlat rahbari qo‘ygan tamal toshi bilan boshlangandi. Unga mingga yaqin ishchi va muhandislar, maxsus texnikalar jalb qilindi. “Gazeta.uz” davlat rahbarining shaharchadagi qurilishlarni bir necha marotaba ko‘zdan kechirgani borgani haqida xabarlar yozgandi.

Ushbu loyihaning qiymati 289 million dollardan ziyodga baholangan. Shaharcha maydoni 100 gektar. Bu yerda 10 ming o‘rinli yengil atletika va futbol stadioni, 6 ta yopiq va 7 ta ochiq sport inshootlari, suv sporti saroyi, velotrek, yakkakurash, jamoaviy sport majmualari barpo etilishi ko‘zda tutilgan.