BBC nashri dunyo bo‘ylab katta ta’sirga ega va ilhomlantiruvchi 100 nafar ayolning ro‘yxatini shakllantirdi. 2024-yilgi ro‘yxatdan baxtsiz hodisa ortidan 2 oyog‘idan ayrilgan denovlik tikuvchi va tadbirkor Dilorom Yo‘ldosheva ham o‘rin oldi.
Nashr bergan ma’lumotga ko‘ra, 2022-yilda Surxondaryo viloyatining Denov tumanida yashovchi Dilorom Yo‘ldosheva o‘rim-yig‘im paytida baxtsiz hodisa tufayli ikki oyog‘idan ayrilgan. U yangi kasb-hunarlarni o‘rganish barobarida pul topishlari uchun o‘zbekistonlik yosh xotin-qizlarga ham ko‘maklashmoqchi bo‘lgan, shu bois o‘zining tikuvchilik biznesini ochishga qaror qilgan.
“U tadbirkorlik va resurslarni boshqarish asoslarini o‘rgandi. 40 dan ortiq shogird tayyorladi. Bir necha oyning o‘zida biznesi sezilarli darajada o‘sdi. Bepul mashg‘ulotlar o‘tkaza boshladi. Ishchilar va maktab o‘quvchilari uchun kiyim-kechak ishlab chiqarish bo‘yicha shartnomalar tuzdi. O‘shandan beri uning biznesi o‘zi va boshqa o‘nlab ayollar uchun daromad manbaiga aylandi”, — deya keltiriladi ayolga berilgan ta’rifda.
Eslatib o‘tamiz, Adliya vazirligi, qator nodavlat-notijorat tashkilotlar va homiylar ishtirokida Dilorom Yo‘ldosheva haqida “Matonat” nomli film ishlagan. Unda ayolning matonati haqida hikoya qilish barobarida bu hayotda imkonsiz narsaning o‘zi yo‘qligini ko‘rsatiladi.
Shuningdek, Dilorom Yo‘ldoshevadan oldin 2017-yilda tuzilgan “100 ayol” ro‘yxatida Qarshi shahridagi 2-ixtisoslashtirilgan umumiy o‘rta ta’lim maktab-internatining matematika fani o‘qituvchisi Muxabbat Sharapova ham bo‘lgan.
2024-yilgi bardoshli ayollar ro‘yxatida tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti sovrindori Nadya Murad, aktrisa Sheron Stoun, sportchilardan Parijdagi Olimpiya O‘yinlarining finaligacha chiqib, ammo vazn o‘lchash bosqichidan o‘tolmay o‘yinlardan chetlatilgan hindistonlik kurashchi Vinesh Fogat, sovuqqon ko‘rinishi bilan tarmoqlar yulduziga aylangan o‘q otuvchi Olimpiada sovrindori janubiy koreyalik Kim Yeji, shuningdek, nigeriyalik iqlim bo‘yicha adolat himoyachisi Adenike Titilope Oladosular ham bor.
Keltirilishicha, BBC “100 Ayol” jamoasi izlanishlar natijasida to‘plangan, 41 til xizmati va BBC Media Action tomonidan taklif qilingan nomlar asosida qisqa ro‘yxat tuzadi. So‘nggi 12 oy ichida sarlavhalarga chiqqan yoki muhim voqealarga ta’sir qilgan, chiqmagan bo‘lsa-da, ilhomlantiruvchi hikoyalari bor yoki katta muvaffaqiyatlarga erishgan va o‘z jamiyatida o‘zgarishlar qilayotgan ayollarga e’tibor qaratiladi. 2024-yildagi nomzodlar bardoshlilik mavzusiga muvofiq tanlangan.
“Biz kechayotgan yil butun dunyo ayollari uchun qanchalik og‘ir bo‘lganini e’tirof etmoqchi bo‘ldik. Shu bois, chidam bilan o‘z jamoalarida yoki butun dunyoda o‘zgarishlar qilayotgan ayollarga e’tibor qaratdik”, — deydi loyiha mualliflari.