Jahongir Ortiqxo‘jayev O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishida mamlakat uchun ochiladigan imkoniyatlarni ko‘rish kerakligini ta’kidladi.
Tadbirkor bu haqda 29-noyabr kuni “Toshkent yoshlarni sevadi” oyligi doirasida o‘tkazilgan yoshlar tadbirkorligi yo‘nalishidagi ochiq muloqotda qayd etdi, deb yozmoqda Spot.
JSTga qo‘shilish natijasida chetdan sifatli va arzon mahsulotlar kirib kelsa, mahalliy tadbirkorlar “sinib ketadi degan prognozlar qanchalik o‘rinli?” degan savolga tadbirkor “bu noo‘rin qo‘rquv”, deya javob bergan.
“Masalan, tashkilotga a’zo davlat — AQShga yangi rahbar Tramp kelyapti. U Meksika bilan Kanadaga bojni 25 foizga, Xitoyga 10 foizga oshirmoqchi. Bu esa JST qoidalariga ziddir. Ya’ni, bitta rahbar almashishi bilan savdo tashkiloti qonun-qoidalarini o‘zgartirishning imkoni yo‘q”, — deydi Ortiqxo‘jayev.
Uning aytishicha, Tramp bu orqali Amerika bozorini qaysidir mahsulotlardan himoya qilmoqchi. Ya’ni JStga kirish butun ishlab chiqaruvchilarni himoyasiz qoldirish, davlat o‘zining ishlab chiqarish strategiyasiga ega korxonalarini og‘ir ahvolga tashlab qo‘yadi, degani emas, deya tushuntirdi tadbirkor.
Ortiqxo‘jayev O‘zbekistondagi ko‘pgina korxonalar JSTning har qanday talablariga javob bera oladigan mahsulot ishlab chiqarish imkoniyatiga egaligini ta’kidladi. “Katta bir zarar yoki qo‘rqinchli hodisa yuz beradi deb o‘ylamayman”, dedi u.
Shuningdek, tadbirkor tashkilotga qo‘shilish mamlakatda ishlab chiqarilgan mahsulotlarni xorijiy davlatlarga ham yetkazib berish, qulay tarzda olib kirishga yordam berishini ta’kidladi.
“Biz importdan emas, bizga ochilayotgan boshqa davlatlarga xursand bo‘lishimiz kerak. Ya’ni, bizning mahsulotlarimizni boshqa davlatlarga ham sotish imkoniyatlarimiz ko‘payadi. Tanganing ikkinchi tomoni bor. Hamma biz yutqazamiz, deb o‘ylashi mumkin, lekin yutadigan joylarimiz ham ko‘p. <...> Va faqat sifat oshadi, xalqqa va davlatga foyda keltiradi”, — deya xulosa qildi Jahongir Ortiqxo‘jayev.
Noyabr oyi boshida O‘zbekiston AQSh bilan Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish bo‘yicha ikki tomonlama muzokaralarni yakunlagandi. Qo‘shma Shtatlar O‘zbekiston bilan tashkilotga a’zo bo‘lish bo‘yicha ikki tomonlama muzokaralarni yakunlagan 21-davlat bo‘ldi.
29-noyabr kuni esa Xitoy bilan ikki tomonlama muzokaralar yakunlangan. Prezidentning JST masalalari bo‘yicha maxsus vakili Azizbek Urunov “22 ta mamlakat bilan muzokaralar tugadi, ko‘p qolmadi”, deya ta’kidladi.
2-dekabr kuni esa Filippin bilan Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish bo‘yicha ikki tomonlama muzokaralar o‘z nihoyasiga yetdi. Urunov va respublikaning JSTdagi elchisi Tixanki Manuel 1-dekabr kuni Jenevada bo‘lib o‘tgan uchrashuvda protokolni imzoladi.