O‘zbekiston 2030-yilgacha 2 mln gektardan ortiq degradatsiyaga uchragan yerlarni tiklashi kerak. Bu haqda ekologiya vaziri Aziz Abduhakimov Ar-Riyodda COP16 konferensiyasi doirasida o‘tkazilgan moliyaviy safarbarlik bo‘yicha vazirlar muloqotida gapirdi, deya xabar bermoqda “Gazeta.uz” muxbiri.

Qayd etilishicha, mazkur masalada mamlakat strategiyalarni BMT Cho‘llanishga qarshi kurash to‘g‘risidagi konvensiyasining (UNCCD) Yer degradatsiyasi neytralligi maqsadlariga muvofiqlashtirishi va aholining zaif qatlamlari uchun barqaror turmush sharoitini ta’minlash majburiyatini oladi.

“Oxirgi 5 yil davomida biz barqaror yer boshqaruvi va o‘rmonlarni barpo etish bo‘yicha tashabbuslarga 1 mlrd dollardan ortiq mablag‘ ajratdik. Ushbu sa’y-harakatlarga qaramay, butun dunyo bo‘ylab moliyalashtirishdagi kamchiliklar saqlanib qolmoqda. Ushbu ambitsiyalarni kengaytirish uchun mustahkam moliyalash mexanizmlari va innovatsion hamkorlik kerak. Biz milliy rivojlanish strategiyalariga muvofiq global moliyaviy oqimlarni ko‘paytirishga va ularni, ayniqsa, yer masalasiga yo‘naltirishga chaqiramiz”, — dedi muloqotga hamraislik qilgan Aziz Abduhakimov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, degradatsiyaga uchragan yerlarni tiklash va qurg‘oqchilikka chidamlilikni oshirish katta moliyaviy resurslar talab qiladi. Bu ko‘pincha respublika budjetidan oshib ketadi.

Vazir xalqaro moliyalashtirishga kirishni osonlashtiradigan mustahkam mexanizmlar va innovatsion hamkorliklar jamoaviy sa’y-harakatlar muvaffaqiyatli bo‘lishida muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi. Buning uchun u quyidagilarni taklif qildi:

  • mablag‘lardan foydalanish, ariza berish va tasdiqlash jarayonlarini soddalashtirish;
  • grant asosidagi moliyalashtirishni, ayniqsa, uzoq muddatli ekologik foyda keltiradigan, lekin moliyaviy daromadlari cheklangan loyihalar uchun ko‘paytirish;
  • donorlar talablariga javob beradigan bank loyihalarini ishlab chiqish uchun texnik yordam ko‘rsatish;
  • moliyalashtirishning innovatsion mexanizmlari va vositalari, jumladan, qo‘shimcha resurslarni safarbar qilish uchun yashil obligatsiyalarni kengaytirish.

cop16, деградация, xalqaro moliyalashтириш, қuрғоқчилик

Abduhakimov O‘zbekiston xalqaro moliyalashtirishni samarali boshqarish borasidagi salohiyatini allaqachon namoyon etgani haqida gapirarkan, bunga xalqaro moliya instituti bilan hamkorlik natijasida Orolbo‘yi mintaqasida o‘rmonzorlarni barpo etish bo‘yicha muvaffaqiyatli loyihalar amalga oshirilib, degradatsiyaga uchragan yerlar insonlar va tabiat uchun foydali ekotizimlarga aylantirilgani misol keltirdi.

“Biz ilg‘or sug‘orish tizimlariga sarmoya kiritdik, qishloq xo‘jaligida suvdan foydalanishni qisqartirdik va qurg‘oqchilikka chidamlilikni oshirdik. Ammo xalqaro moliyalashtirishga osonroq va tezroq kirish orqali biz ko‘proq imkoniyatga ega bo‘lamiz. O‘zbekiston degradatsiyaga uchragan yerlarni gullab-yashnayotgan ekotizimlar va barqaror hududlarga aylantirish uchun davlat va xususiy sarmoyalardan foydalangan holda namuna ko‘rsatishga tayyor”, — dedi u.

Avvalroq prezident so‘nggi paytlarda mamlakatda chang bo‘ronlari tez-tez kuzatilayotganini, bunga global iqlim o‘zgarishi bilan birga noqonuniy daraxt kesilishi, suv kamayishi, tartibsiz chorva boqilishi oqibatida cho‘l yaylovlari degradatsiyaga uchrayotgani ham sabab bo‘layotganini aytgandi.