O‘zbekistonda elektr energiyasini isrof qilayotgan tadbirkorlar jarimaga tortilmoqda.
Bosh prokuror o‘rinbosari Shohruh Aminov va prezident administratsiyasining mas’ul xodimi 30-noyabr kuni energiya resurslarini behuda sarflash va boshqa dolzarb masalalar yuzasidan hududlarda amalga oshirilayotgan ishlarni muhokama qildi.
Yig‘ilishda, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar prokurorlari, tarkibiy tarmoq rahbarlari, Energetika, Adliya, Ichki ishlar, Favqulodda vaziyatlar vazirliklari, Soliq qo‘mitasi, O‘zenergoinspeksiya, “Hududiy elektr tarmoqlari” va “Hududgazta’minot” hamda ularning hududiy, tuman (shahar) bo‘linmalari qatnashdi.
Sohaga mas’ul bo‘lgan vazirlik va idoralar tomonidan energiya resurslaridan behuda foydalanish holatlarini oldini olish bo‘yicha ishlar yetarlicha tashkil qilinmaganligi, joylarda iste’molchilar orasida resursni iqtisod qilish borasidagi profilaktik targ‘ibot tadbirlari samarali o‘tkazilmayotgani ko‘rsatib o‘tildi.
Shu munosabat bilan quyidagi ko‘rsatmalar berildi:
- energoresurslarni behuda sarflashning huquqiy oqibatlari haqida tarqatma materiallarni ishlab chiqib, joylarda tarqatish;
- hududlarda energoresurslarini behuda sarflanishini oldini olish bo‘yicha targ‘ibot tadbirlarini kuchaytirish;
- savdo va xizmat ko‘rsatish obyektlari, xususan yirik savdo markazlari, do‘konlar, kafe, yoqilg‘i quyish shoxobchalarida tashqi reklama va illyuminatsiyalardan kunning yorug‘ vaqtlarida foydalanilishi holatlariga yo‘l qo‘ymaslik choralarini ko‘rish;
- qo‘lbola usulda tayyorlangan isitish moslamalaridan foydalanish holatlarini oldini olish.
Reydlar
Spot nashrining xabar berishicha, 30-noyabr kuni Toshkent shahrining Mirobod tumanida prezident administratsiyasi xodimlari va tuman prokurori Bobur Abdullayev boshchiligidagi ishchi guruh “energiya resurslaridan foydalanishda isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha ishlar olib bordi”.
Tekshiruvlar davomida markaziy ko‘chalar va savdo obyektlarida elektr va issiqlik energiyasini behuda sarflash holatlari aniqlanib, tadbirkorlarga energiya resurslaridan foydalanishda isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan ogohlantirishlar berildi.
“Kunduz kuni chiroq va reklama vositalarida elektr energiyasidan asossiz foydalangan” yuridik shaxslarga nisbatan jami 10 ta ma’muriy bayonnoma tuzilib, 22,2 kVt energoresurslar tejalishiga erishildi.
1-dekabr kuni Yakkasaroy tumanida ham tuman hokimligi, prokuratura hamda tegishli idoralar ishtirokida maxsus ishchi guruh tomonidan reyd tadbirlari o‘tkazildi.
Unda tumanning markaziy ko‘chalarida kunduz vaqtida chiroqlar yoki reklama vositalari orqali elektr energiyasidan asossiz foydalangan ayrim yuridik iste’molchilar aniqlandi.
Iste’molchilarga nisbatan ma’muriy bayonnomalar tuzildi. Ular bilan elektr energiyasidan oqilona foydalanishning ahamiyati haqida tushuntirish ishlari olib borildi.
“Hurmatli Yakkasaroy tumani aholisi va tadbirkorlari! Sizlarni elektr energiyasidan tejamli va oqilona foydalanishga chaqiramiz. Reyd tadbirlari davom etayotganini ma’lum qilib, barchani resurslarni ehtiyot qilishga mas’uliyat bilan yondashishni so‘rab qolamiz”, — deyiladi xabarda.
Elektr ta’minotidan uzib qo‘yish bo‘yicha tahdidlar
Dam olish kunlarida “O‘zbekiston 24” telekanalida Bosh prokuratura va O‘zenergoinspeksiya boshchiligidagi ishchi guruh tomonidan Chilonzor tumanida o‘tkazilgan reyd haqida lavha e’lon qilindi.
Xususan, Muqimiy ko‘chasida joylashgan savdo majmuasida tekshiruv o‘tkazilib, qonunbuzarlarga nisbatan bayonnomalar tuzildi.
“Asosiy e’tibor kunning yorug‘ qismida elektr enegriyasini tejash ishlari ko‘rildi. Ulardan samarasiz foydalanish holatlari yuzasidan ma’muriy bayonnomalar tuzildi. Ularni rasmiylashtirishdan bo‘yin tovlagan tadbirkorlar esa elektr tarmog‘idan ajratildi”, — deydi Chilonzor tumani prokurori katta yordamchisi Jahongir Jabborov.
Yunusobod tumanida “O‘zenergoinspeksiya” tomonidan ko‘p qavatli uylarning yo‘laklari o‘rganilib, “qish mavsumida elektr energiyasidan oqilona foydalanish bo‘yicha” aholiga zarur tavsiyalar berildi.
Inspeksiyaning ma’lum qilishicha, yil boshidan buyon elektr energiyasidan asossiz foydalanish, masalan, kunning yorug‘ vaqtida yoritish kabi 2356 ta holat aniqlangan. Huquqbuzarliklarga yo‘l qo‘ygan mansabdor shaxslarga nisbatan 442 ta holat bo‘yicha ma’muriy bayonnomalar tuzildi va 5 ta korxonaga nisbatan moliyaviy sanksiyalar qo‘llash to‘g‘risida dalolatnomalar rasmiylashtirildi.
Ta’kidlanishicha, amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida umumiy quvvati 314,2 kVt bo‘lgan elektr energiyasining noratsional iste’molining oldi olindi.
So‘nggi ikki kun ichida Toshkent shahrida kunning yorug‘ vaqtida asossiz yoritish holatlarining 264 tasi aniqlandi, deb qayd etdi huquqni muhofaza qiluvchi organlar.
Avgust oyida prezident “Energiyani tejash, undan oqilona foydalanish va energiya samaradorligini oshirish to‘g‘risida”gi qonunni imzolagandi. Qonunda energiya tejash sohasidagi qoidabuzarliklar uchun javobgarlik choralari belgilab qo‘yilgan.
Elektr yoritkichlarni me’yoridan ortiq, ishlab chiqarish zaruriyatisiz foydalanish, kunning yorug‘ davrida maqsadsiz yoritish uchun jarima miqdori elektr energiyasi narxining 50 foizini tashkil etadi.