Gruziya Konstitutsiyaviy sudi prezident Salome Zurabishvili va muxolifatchi partiyalar vakillarining parlament saylovlarini ko‘plab qonunbuzarliklar tufayli o‘tkazilmagan deb topish va ularning natijalarini bekor qilishni talab qilgan da’volarini rad etdi. Qaror sud veb saytida e’lon qilindi.

Qaror to‘qqizta sudyadan yettitasi tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. U uzil-kesil hisoblanadi va shikoyat qilinishi yoki qayta ko‘rib chiqilishi mumkin emas, deyiladi sud saytida.

To‘qqiz nafar sudyadan ikki nafari — Giorgi Kvechernchxiladze va Teymuraz Tugushi alohida fikr bildirib, umumiy qarorga qarshi chiqdi, deya qayd etadi “Rustaveli 2”.

Zurabishvili 18-noyabr kuni Konstitutsiyaviy sudga da’vo qilish rejasini ma’lum qilgandi. Shundan so‘ng 30 nafar muxolifatchi deputat tomonidan da’vo arizasi kiritildi. “Hammamizga ma’lumki, mamlakatdagi birorta ham institut endi mustaqil emas. Va biz bunga ko‘p marta dalillar oldik, lekin mamlakatda hech bir yuridik nizo ko‘rib chiqilmasdan qolmasligi kerak. Da’vomning maqsadi — qaysi mamlakatni xohlayman, kim bilan bu mamlakatni xohlayman va bu mamlakat qay tomon borishi kerak, degan masalani tanlash oldida turgan sudyalarning vijdonini to‘liq tekshirishdir. Ularning bunga javobi ham muhimroq bo‘ladi”, — deya tushuntirgan prezident Konstitutsiyaviy sudga da’vo yuborish haqidagi qarorini.

Gruziyada parlament saylovlari 26-oktabr kuni bo‘lib o‘tgan. Gruziya Markaziy saylov komissiyasi ularning natijalarini tasdiqladi — hukmron “Gruzin orzusi” 89 ta deputatlik mandatini, to‘rtta muxolifat partiyasi jami 61 mandatni qo‘lga kiritdi. Muxolifat saylov natijalarini soxtalashtirish deb atadi va deputatlik mandatlaridan voz kechdi.

Tbilisida mamlakat Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lishi bo‘yicha muzokaralarni to‘xtatish to‘g‘risidagi hukumat qaroridan keyin besh kundan beri norozilik namoyishlari davom etmoqda. Politsiya va maxsus kuchlar aksiyalarni, shu jumladan, maxsus vositalar — vodomyotlar va ko‘zni yoshlatuvchi gazdan foydalangan holda bostirmoqda. 200 dan ortiq kishi qo‘lga olingani ma’lum.