Poytaxtdagi ikkita maktabda virusli gepatit bilan kasallanish holatlari qayd etildi, deb xabar qildi Sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi va jamoat salomatligi qo‘mitasining Toshkent shahri bosh boshqarmasi.

Sanepidqo‘mning Mirobod tumani bo‘limi mutaxassislari tomonidan №214 va №65 maktablarda virusli gepatit kasalligi aniqlangani munosabati bilan epidemiologik tekshirish va sanitariya nazorati o‘tkazildi.

Tekshiruv davomida xodimlar quyidagilarni tekshirdi:

  • o‘quvchilar va ishchi xodimlarning o‘z vaqtida tibbiy ko‘rikdan o‘tganlik xulosalari;
  • shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya qilish tartibi;
  • maktab binosi va sinfxonalarda joriy tozalik ishlarining olib borilishi, jihozlarning sozligi;
  • isitish tizimlari yoqilib foydalanishga topshirilgani;
  • hojatxonalarda gigiyena qoidalariga rioya qilinishi, qo‘l yuvish moslamalari va oqova suv tizimining soz holatdaligi.

virusli gepatit, maktabлар, санэпидқўмита

Tekshiruv natijasida maktablarning sanitariya holati talabga javob bermasligi ma’lum bo‘ldi. Aniqlangan kamchiliklar yuzasidan maktab rahbariyatiga nisbatan ma’muriy bayonnoma tuzildi.

Oktabr oxirida Sanepidqo‘m xodimlari gepatit aniqlangan Bektemir tumanidagi 345-maktabda, oktabr oyi boshida shu tumandagi 290-maktabda, shuningdek, Yashnobod tumanidagi 206- va 215-sonli maktablarda tekshiruv o‘tkazgandi. Sentabr oxirida bunday holatlar Yashnobod tumanidagi 149- va 198-maktablarda, undan oldin esa 227-maktabda qayd etilgan.

Virusli gepatit beshta asosiy turga bo‘linadi: A, B (“sariq”), C, D va E. Gepatit A va E ifloslangan suv va oziq-ovqat orqali yuqadi, odatda surunkali bosqichga o‘tmasdan kasallikningo‘'tkir shakllarini keltirib chiqaradi. B, C va D gepatitlari qon va tana suyuqliklari orqali tarqaladi, C ko‘pincha surunkali bo‘lib, sirroz va jigar saratoniga olib keladi. Gepatit D faqat gepatit B borligida yuzaga keladi. Gepatit A va B’ga qarshi samarali vaksinalar, gepatit C’ga qarshi esa zamonaviy davolash usullari mavjud.

O‘zbekistonda B va C gepatitlari keng tarqalgan. Ularga qarshi kurashish SSV faoliyatining ustuvor yo‘nalishlaridan hisoblanadi. 2016-yilda mamlakatda taxminan 2,5 million gepatit B va 1,3 million gepatit C bilan yashaydigan odam borligi aniqlangan.

O‘zbekistonda virusli gepatit tarqalishiga qarshi kurash choralari ko‘rilmoqda. 2021-yilda gepatit C virusiga (GCV) qarshi kurash bo‘yicha milliy dastur ishga tushirilgandi. Uning maqsadi — 2030-yilga kelib respublikada GCV bilan kasallanish darajasini nolga tushirish. Misr bu borada O‘zbekistonga insonparvarlik yordami doirasida virusga qarshi dori vositalari yetkazib berish orqali yordam bermoqda.