Koreya Respublikasi parlamenti 3-dekabr kuni mamlakat prezidenti Yun Sok Yol tomonidan joriy etilgan harbiy holatni bekor qilish uchun ovoz berdi, deb xabar bermoqda Yonhap va Reuters.
Ovoz berishda 300 nafar deputatdan 190 nafari ishtirok etdi. Ular Milliy Assambleya binosida to‘siqlar o‘rnatib, maxsus kuchlarni ichkariga kiritmadi.
Mamlakat Konstitutsiyasiga ko‘ra, harbiy holat parlamentdagi ko‘pchilik talab qilganida bekor qilinishi kerak, deya aniqlik kiritdi Yonhap.
Mahalliy telekanallarning jonli efirida Milliy majlis (parlament) binosi oldida odamlar to‘plana boshlaganini ko‘rish mumkin.
Namoyishchilar “Prezident Yunga impichment,” “Harbiy holatni bekor qiling, demokratiyani himoyalang” va “Biz g‘alaba qilamiz” deb baqirmoqda.
“Juda jahlim chiqqan, shuning uchun bu yerga keldim. Buni tushunish qiyin. Bu 50 yil oldin sodir bo‘lishi mumkin edi, lekin hozir emas, hech kim tushunmayapti”, — dedi namoyish ishtirokchilaridan biri Reuters nashriga.
Parlament qaroridan so‘ng harbiy holat qo‘shinlari Milliy Assambleya binosini tark eta boshladi. Ta’lim vazirligi barcha ta’lim muassasalarida o‘qish o‘zgarishsiz davom etishini ma’lum qildi.
Voqealar rivoji
- Prezident teleko‘rsatuvda harbiy holat joriy etilganini e’lon qildi va buni konstitutsiyaviy tartibni “kommunistik kuchlar”dan himoya qilish zarurligi bilan izohladi. U bunday chorani muxolifatning harakatlari tufayli qo‘llaganini aytdi, uning so‘zlariga ko‘ra, muxolifat mamlakatni inqirozga olib kirmoqchi.
- U bu qarorni parlamentda ko‘pchilikka ega bo‘lgan muxolifatdagi Demokratik partiya hukumatning budjet bo‘yicha taklifini rad etib, davlat auditori va bosh prokuroriga impichment e’lon qilishga qaror qilganidan keyin qabul qildi.
- Demokratik partiya yetakchisi Li Je Myon harbiy holat joriy etilishini Konstitutsiyaga zid deb atadi. Prezidentning “Xalq kuchi” partiyasi rahbari Xon Don Xun ham qarorni qo‘llab-quvvatlamadi, uni “noto‘g‘ri” deb atadi va bloklashni va’da qildi. Li Je Myon ham tarafdorlarini Milliy Assambleya binosiga kelishga chaqirdi.