NATOning 32 a’zosi orasida Bryusselda bo‘lib o‘tadigan tashqi ishlar vazirlarining bo‘lajak uchrashuvida Ukrainani ittifoqqa taklif qilish uchun zarur bo‘lgan konsensusning “hech qanday alomatlari” yo‘q, deb xabar berdi Reuters.
NATO tashqi ishlar vazirlarining uchrashuvi 3 va 4-dekabr kunlari bo‘lib o‘tadi. “Konsensusga erishish uchun haftalar va oylar kerak bo‘ladi. Bu ertaga sodir bo‘ladi deb o‘ylamayman”, — dedi NATOning yuqori martabali diplomati.
Amerikalik amaldorning so‘zlariga ko‘ra, uchrashuvda kelgusi yilda ehtimoliy muzokaralardan oldin Ukraina maksimal kuchli pozitsiyada bo‘lishi uchun uni qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirish muhokama qilinadi.
“Buning eng yaxshi yo‘li — moliyalashtirish, o‘q-dorilar va safarbarlikni oshirish”, — dedi agentlik suhbatdoshi.
Ukraina Tashqi ishlar vazirligi, o‘z navbatida, mamlakat xavfsizligi uchun yagona real kafolat faqat Ukrainaning NATOga to‘laqonli a’zoligi bo‘lishini ma’lum qildi. Vazirlik Budapesht memorandumini eslatdi, uning doirasida Ukraina hududiy yaxlitlik kafolati evaziga yadroviy quroldan voz kechgan. Hujjat 1994-yilda Ukraina, Rossiya, AQSh va Buyuk Britaniya tomonidan imzolangan.
“Bugungi kunda Budapesht memorandumi xavfsizlik bo‘yicha strategik qarorlar qabul qilishda uzoqni ko‘ra olmaslik yodgorligi hisoblanadi. U Yevroatlantika hamjamiyatining hozirgi yetakchilariga Yevropa xavfsizligi arxitekturasini ularni hisobga olish emas, balki Ukraina manfaatlari hisobiga qurish muvaffaqiyatsizlikka uchrashi haqida eslatma bo‘lib xizmat qilishi kerak.
“Budapesht memorandumining achchiq tajribasiga ega bo‘lgan holda, biz Ukrainaning NATOga to‘laqonli a’zoligi uchun hech qanday muqobil, surrogat yoki o‘rinbosarlarni qabul qilmaymiz”, — deyiladi Ukraina TIV bayonotida.
Vazirlik Budapesht memorandumiga qo‘shilgan AQSh va Buyuk Britaniya, shuningdek, Fransiya va Xitoy hamda Yadro qurolini tarqatmaslik shartnomasining barcha ishtirokchilarini “Ukraina xavfsizligining samarali kafolatlarini taqdim etishni qo‘llab-quvvatlashga” chaqirdi.
Ukraina NATOga a’zolikni kelajakda Rossiyaning ehtimoliy hujumidan mamlakat xavfsizligi uchun eng yaxshi kafolat deb biladi. Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy avvalroq alyansga taklifni Rossiya bilan urushni to‘xtatishning yagona yo‘li deb atagan edi. O‘tgan hafta Sky News nashriga bergan intervyusida u agar Ukraina tomonidan nazorat qilinadigan hudud “NATO soyaboni ostiga” olinsa va Rossiya tomonidan bosib olingan yerlar “diplomatik yo‘l” bilan qaytarilsa, o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishish mumkinligini taxmin qildi. Zelenskiy Kyodo News nashriga bergan boshqa intervyusida, shuningdek, Ukraina armiyasining bosib olingan hududlarni qaytarish uchun kuchlari yetarli emasligini va diplomatik yechim topish talab etilishini tan oldi.
NATOning iyul oyida Vashingtonda bo‘lib o‘tgan yubiley sammitida alyans mamlakatlari Ukrainaning blokka kirish yo‘li “qaytarilmas” ekanini e’lon qilgan, ammo mamlakatga taklif yuborilmagan. Har qanday qaror, birinchi navbatda, AQShning pozitsiyasiga bog‘liq bo‘ladi, deb ta’kidlaydi Reuters.