Germaniya kansleri Olaf Shols Ukrainaga 2-dekabrdagi tashrifi chog‘ida mamlakatga yangi harbiy yordam ko‘rsatishini e’lon qildi va u Rossiya prezidenti Vladimir Putinga Berlin urushda qancha kerak bo‘lsa, shuncha vaqt Kiyev bilan birga bo‘lishini aytdi. Bu haqda Reuters yozmoqda.

Qayd etish kerakki, bu uning Ukrainaga qiladigan kamdan kam tashriflaridan biridir, u so‘nggi bor Kiyevga ikki yarim yil avval — 2022-yil iyunda kelgandi. Navbatdagi tashrif Donald Trampning Oq uyga qaytishi arafasida va Sholsning Berlindagi boshqaruv koalitsiyasi qulaganidan bir necha hafta o‘tib sodir bo‘lmoqda.

“Yevropaning eng yirik iqtisodiyoti bo‘lgan Germaniyadagi siyosiy vaziyat Ukrainadagi noaniqlik hissini kuchaytirmoqda, rus qo‘shinlari sharqda tobora tezroq harakat qilmoqda. Agar Tramp Ukrainaga eng qudratli ittifoqchisi bo‘lgan AQShning yordamini to‘xtatsa, Kiyevning yevropalik hamkorlari Ukrainaga qanchalik yordam berishi mumkinligi noma’lum”, — deyiladi xabarda.

“Kiyevdan Putinga xabarim: biz bu bilan uzoq muddat mashg‘ul bo‘lamiz. Bizning Ukrainani qo‘llab-quvvatlashimiz susaymaydi. Biz Ukraina xalqini qancha kerak bo‘lsa, shuncha qo‘llab-quvvatlaymiz”, — deb yozdi Shols X sahifasida.

Shols safari chog‘ida shu oyda 650 million yevro (682,37 million dollar) qiymatidagi qo‘shimcha harbiy yordamlar yetkazib berilishini e’lon qildi. Paketga IRIS-T havo hujumidan mudofaa tizimlari, Leopard 1 tanklari va qurollangan dronlar kiradi.

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy o‘z videomurojaatida Shols bilan muzokaralar ikki yarim soatdan ko‘proq davom etganini aytdi.

“Kansler bilan uchrashuvimiz chog‘ida Germaniya global siyosatda nima bo‘lishidan yoki kayfiyat qanday o‘zgarishidan qat’i nazar, Ukrainani kerak bo‘lganda qo‘llab-quvvatlashda davom etishiga kelishib oldik”, — dedi u.

Shols va Zelenskiy Ukraina va Germaniya firmalari tomonidan ishlab chiqarilgan dronlarni ko‘zdan kechirdi, shifoxonaga tashrif buyurdi va yaralangan harbiy xizmatchilar hamda tibbiyot xodimlari bilan suhbatlashdi.

Germaniyani Ukrainaning AQShdan keyingi ikkinchi yirik qurol-yarog‘ yetkazib beruvchisi sifatida e’tirof etgan Shols, bu uning mamlakatini Rossiya bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri mojaroga olib kelishi mumkinligidan qo‘rqib, Ukrainaga Taurus raketalarini yuborishdan bir necha bor bosh tortgan, deydi Reuters.

Zelenskiy qo‘shma matbuot anjumanida Ukraina yigirmata “maxsus” obyektni himoya qilish uchun ko‘proq havo mudofaasiga muhtojligini aytdi. “Biz Taurus masalasida bir fikrga kelish ustida ishlayapmiz”, — dedi u.

  • Germaniya kansleri Olaf Shols va Rossiya prezidenti Vladimir Putin 15-noyabr kuni ikki yil ichida ilk bor telefon orqali muloqot qilgandi. OAV ma’lumotlariga ko‘ra, ularning suhbati bir soatga yaqin davom etgan. Kremldagilar suhbatni “ish yuzasidan, batafsil va juda ochiq” deb ta’riflagan. 2-dekabr kuni Kiyevga tashrifi chog‘ida Shols Putin bilan suhbatda “Ukraina mustaqil, suveren, demokratik davlat bo‘lish huquqiga ega” ekanini aniq anglatganini aytdi.