Janubiy Koreya prezidenti Yun Sok Yol YTN telekanali orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirga uzatilgan murojaatida harbiy holat joriy etilganini e’lon qildi. Bu haqda Reuters xabar bermoqda. Mamlakatda oxirgi marta harbiy holat 1980-yilda e’lon qilingan.
Siyosatchining o‘zi bu Shimoliy Koreyaga xayrixoh kuchlarni yo‘q qilish va konstitutsiyaviy tartibni saqlash uchun kerakligini ta’kidladi.
Yonhap ma’lumotlariga ko‘ra, siyosatchi yig‘ilishda o‘ziga qarshi impichment protsedurasini o‘tkazishga urinishlar tufayli “hokimiyat falaj bo‘lishi xavfi” borligini aytgan. Janubiy Koreya prezidenti (2022-yilda “Xalq kuchi” partiyasidan saylangan) parlamentni nazorat qiluvchi Demokratik partiyadan bo‘lgan muxoliflarni Shimoliy Koreyaga xayrixohlikda va hukumat ishini falaj qilayotgan davlatga qarshi faoliyatda aybladi.
“Men ozod Koreya Respublikasini Shimoliy Koreyaning kommunistik kuchlari tahdididan himoya qilish, xalqimizning ozodligi va baxt-saodati hamda konstitutsiyaviy tartibga tajovuz qiluvchi davlatga qarshi prinsipsiz Shimoliy Koreya kuchlarini zudlik bilan yo‘q qilish uchun harbiy holat e’lon qilaman”, — degan prezident millatga murojaatida.
Yonhap va Reuters nashrining yozishicha, parlamentda ko‘pchilikka ega bo‘lgan muxolifat Demokratik partiya hukumatning budjet bo‘yicha taklifini rad etib, davlat auditori va bosh prokurorga impichment e’lon qilishga qaror qilganidan keyin Yun Sok Yol shunday qarorga kelgan.
Prezident o‘z murojaatida iyun oyida hukumat inauguratsiyasidan beri Milliy Assambleya 22 nafar davlat xizmatchisi, jumladan, ichki ishlar vaziri va mudofaa vaziriga impichment bilan tahdid qilganini ta’kidladi.
U, shuningdek, muxolifatni giyohvand moddalar savdosiga qarshi kurash va jamoat xavfsizligini qo‘llab-quvvatlashdan tortib, bolalar nafaqalarigacha bo‘lgan eng muhim xarajatlar uchun budjetni qisqartirishda aybladi.
“Milliy majlisimiz jinoiy guruhlar makoniga aylandi va qonunchilik diktaturasi orqali mamlakat sud-ma’muriy tizimini falaj qilishga va liberal demokratiya tizimini ag‘darib tashlashga urinmoqda”, — deyiladi prezident bayonotida.
Harbiy holat doirasida qanday choralar ko‘rilishiga aniqlik kiritilmadi.
“Bu nafaqat dunyoning har qanday mamlakati uchun, balki mamlakatimiz tashkil etilganidan beri misli ko‘rilmagan hodisa”, — dedi u.
Harbiy holat joriy etilgandan so‘ng ish boshlagan harbiy qo‘mondonlik mamlakatda har qanday siyosiy faoliyat, jumladan, norozilik namoyishlari va siyosiy partiyalar faoliyati to‘xtatilganini e’lon qildi. Shuningdek, barcha OAV va nashriyotlar ustidan nazorat o‘rnatildi.
Yonhap`ning ta’kidlashicha, parlament binosiga kirish politsiya va harbiylar tomonidan to‘sib qo‘yilgan.
Demokratik partiya yetakchisi Li Je Myon harbiy holat joriy etilishini Konstitutsiyaga zid deb atadi, prezidentning “Xalq kuchi” partiyasi rahbari Xon Don Xun esa buni “noto‘g‘ri” deb atadi va qarorni bloklashni va’da qildi.
Li Je Myon ham tarafdorlarini Milliy Assambleya binosiga kelishga chaqirdi. SBS jonli efiridagi kadrlarda parlament, politsiya va odamlar tepasida aylanib yurgan vertolyotlar ko‘rinadi.
- Janubiy Koreya prezidenti qayta saylanish huquqisiz umumiy to‘g‘ridan to‘g‘ri ovoz berish orqali besh yil muddatga saylanadi. Prezident hukumatga boshchilik qiladi va Janubiy Koreya Qurolli kuchlarining oliy bosh qo‘mondoni lavozimini egallaydi. Sok Yol 2022-yil 10-mayda prezident etib saylangan.