BAAning Abu-Dabi shahriga 30-noyabr kuni uchib borib, aeroportda bir sutkadan ortiq qolib ketgan 31 nafar o‘zbekistonliklarning bir qanchasi 1-dekabr kuni Toshkentga qaytib keldi (bir qismi esa Samarqandga qaytgan). “Gazeta.uz” muxbiri Mirolim Isajonov Wizz Air aviakompaniyasining 1-dekabr kuni soat 19:50 dagi reysi bilan O‘zbekistonga qaytgan yo‘lovchilarning ayrimlari bilan suhbatlashdi.
Avval xabar berganimizdek, 30-noyabr kuni soat 1:00 da Toshkentdan Wizz Air aviakompaniyasining 5W7160 reysi bilan uchib borgan 31 nafar erkak hech bir tushuntirishsiz boshqa yo‘lovchilardan ajratib olingan, pasportlari olib qo‘yilgan va tashrifning maqsadi hamda davomiyligi haqida so‘roq qilingan. Keyinroq boshqa reys bilan kelgan boshqa erkaklarning ham ushlab turilgani ma’lum bo‘lgan. Ularning umumiy soni noma’lum.
“Gazeta.uz” muxbiri bilan suhbatlashgan fuqarolar Abu-Dabi aeroportida huquqlari poymol bo‘lgani, mahalliy harbiylar ularga qo‘pol muomalada bo‘lgani va aeroportda yarim sutkadan ortiq vaqt davomida ovqatlanmaganini aytdi.
Yo‘lovchilardan birining so‘zlariga ko‘ra, u va sheriklari, jami 20 ga yaqin odam Abu-Dabi orqali Dubay, Qatar va Bahraynga sayohat qilishni va safarni yana Abu-Dabida yakunlashni rejalashtirgan bo‘lgan. Har bir shaharni ikki kundan aylanib, dam olishni niyat qilgan hamrohlar oldindan mehmonxonalarni band qilib, to‘lovlarini ham amalga oshirgan. Hatto kruiz layneriga ham chipta olingan bo‘lgan.
Ammo ularning to‘rt nafari aeroportdan chiqarilmay, O‘zbekistonga qaytarib yuborilgan. “Oramizda keksalar, ayollar va bolalar bor edi. Ular chegaradan o‘tkazib yuborildi, ammo oilasi bilan borgan sheriklarimizdan ikki nafari hamda yakka o‘zi safarga chiqqan men, shuningdek, yana bir hamrohimiz Abu-Dabiga kiritilmadik”, — deydi u.
“30-noyabr kuni soat 01:30 larda Abu-Dabi aeroportida tekshiruvdan o‘tayotganimizda, nazoratchilar pasportimni ochib ko‘rdi va yonidagi telefon orqali kimnidir chaqirdi. Keyin harbiy kiyimdagi bir necha nafar erkak kelib, biri pasportimni qo‘liga olib, ingliz tilida birga yuring, deya ishora qildi. Meni harbiylar xonasiga olib borib, bir nechta savol berishdi. Dastlab Abu-Dabiga nega uchib borganimni so‘rashdi. Barcha savollariga javob qaytarganimdan keyin tashqariga chiqib turishimni, pasportimni esa tekshirib bo‘lgach qaytarishlarini aytishdi. Tashqarida turib, o‘sha xonaga kirib-chiqayotganlarni kuzata boshladim. Boshqa davlat fuqarolari u yerdan tezda chiqib, bemalol chegaradan o‘tdi. Lekin O‘zbekiston fuqarolari qattiq tekshirildi, ayniqsa, erkaklar ushlab turilaverdi. Birga safarga chiqqan sheriklarimdan uch nafari birin-ketin o‘sha xonaga kirib-chiqdi. Bundan tashqari, Umra ziyoratiga ketayotgan ba’zi o‘zbekistonliklarni ham aeroportdan o‘tkazishmadi”, — deydi u.
Uning ta’kidlashicha, 30-noyabr kuni uchib borgan o‘zbekistonliklarning 31 nafarini pasportlari 4−5 soat tekshirilib, aeroportda ushlab turilgan. “Odamdek muomala qilishmadi. Nega ushlab turishgani va aybimizni so‘rasak, tayinli javob berishmadi. Bu „siyosiy holat“, deyishdi. Ayrimlarining aytishicha, o‘zbekistonlik uch erkakning kasriga qolibmiz (yahudiy ravvinning o‘ldirilishida gumon qilinayotgan uch nafar O‘zbekiston fuqarosi nazar tutilmoqda — tahr.). Lekin haligacha u yerda nima uchun ushlab turilganimiz va nega ortga qaytarib yuborilganimiz yuzasidan aniq ma’lumot berishmadi”, — dedi u.
“6 soat mobaynida aeroportdagi sovuq zalda o‘tirdik. So‘ng xarbiy kiyimdagi erkak kelib, „sizlarni bitta tushlik qildirib, chiqarib yuboramiz, sabr qilib turinglar“, deb ketdi. Uning gapiga xursand bo‘lib tursak, oradan hech qancha vaqt o‘tmay, salkam 20 nafar qurollangan harbiy bizni o‘rab oldi. „Kim telefonida muloqot qilsa yoki videoga olsa, qo‘lidagini olib qo‘yamiz“, — deya ogohlantirdi. Ichkaridan chiqqan formali odam 15 kishining pasport bo‘yicha ism-familiyasini o‘qidi va ularni harbiylar qayergadir olib ketdi. 20 minutdan keyin bizni — qolgan 16 erkakni bir yerto‘laga olib borishdi. 31 nafar o‘zbekistonlikni o‘sha yerto‘lada ushlab turishdi: na suv bor, na ovqat. Bir ilojini qilib, telefonda elchixonamiz raqamini topib, ular bilan bog‘landik. Shundan so‘ng elchixonadan kelishdi. Keyin bizga non-tuz, aeroport ichida bemalol yurish huquqi berildi. Elchixona vakillari biz bilan suhbatda: „Iloji bo‘lsa, bir-ikki oycha sayohatga chiqmay turinglar, tanishlarga ham aytib qo‘yinglar“, dedi”, — deydi Abu-Dabi aeroportidan O‘zbekistonga qaytarib yuborilgan 37 yoshli erkak.
Uning qayd etishicha, u va O‘zbekistonga qaytarilgan sheriklarining har biri 2−3 ming dollarga “kuyib” qoldi.
“Ilgari ham Abu-Dabiga borganman, lekin bunday holat bo‘lmagan. Bu safar shuncha xarajatga kuyib qoldik: mehmonxonalar, chiptalar, kruiz-laynerga oldindan to‘lov qilgandik. Aeroportdagi harbiylarga bu boradagi hamma hujjatlarni ko‘rsatdik, lekin ular buni tushunmadi va yordam berishni istamadi. Abu-Dabidan Toshkentga qaytish chiptasini avvaldan Wizz Air kompaniyasidan onlayn sotib olganimiz sabab men va uch hamrohim 1-dekabr kuni O‘zbekistonga qaytib keldik. Qolganlar qayerdan va kim orqali qaytish chiptasini olganini bilmayman”, — deya qo‘shimcha qildi u.
“Toshkentga qaytayotgan kunimiz 15−20 nafar o‘zbekistonlik erkaklar ushlab turilgan edi. Menga kelayotgan ma’lumotlarga ko‘ra, bundan tashqari, yana 15 kishi o‘sha yerto‘lada ekan. Taxminan 50 nafar atrofidagi vatandoshlarimiz Abu-Dabi aeroportida ushlab turilibdi. Bunday holat bundan keyin ham davom etishi mumkin”, — deydi suhbatdosh.
“Abu-Dabida ushlab turilganlar ham Toshkentga qaytganidan keyin, hammamiz birga BAAning O‘zbekistondagi elchixonasiga shikoyat qilmoqchimiz. Bizning shuncha xarajatimizni kim, qaysi davlat to‘lab beradi: O‘zbekistonmi yo BAA? Chunki u yerdan qaytarilayotgan har bir fuqaro ma’lum darajada xarajat qilgan. Umra ziyoratiga ketayotganlarning ham ba’zilari puliga kuyib, qaytib kelyapti”, — dedi u.
Abu-Dabi orqali Dubayga biznes uchrashuvga ketayotgan vaqtida bir sutka ushlab turilgan, so‘ng Toshkentga qaytarib yuborilgan toshkentlik erkakning aytishicha, aeroportda ularga kuchli bosim o‘tkazilgan.
“Avtomatlar bilan qurollangan harbiylar bizni o‘rab oldi, xuddi terroristga qaragandek muomala qilishdi. Ayrimlarning qo‘lidagi telefonini olib qo‘yishdi, ba’zilarnikini tekshirishdi, hatto ichkarida bir necha kishining qo‘liga kishan solingan holat ham bo‘ldi. Na yotishga, na o‘tirishga joy qilib berildi, odamlar polda uxladi. Qisqasi, O‘zbekiston fuqarolarini juda xo‘rlashdi. U yerda o‘zimizga advokat yo‘llashga ham sharoit bo‘lmadi, chunki bizni yopiq holatda ushlab turishdi. Qonun buzmagan yoki kimnidir haqorat qilmagan bo‘lsak, bir sutkadan ortiq vaqt ushlab turishga ularning haqi yo‘q edi. Buning sababini harbiylar va aeroport xodimlaridan so‘rasak, ular qo‘pol muomala qilib, javob bermadi. Haligacha aniq ma’lumot ololganimiz yo‘q”, — deydi u.
“Pokiston, Xitoy kabi davlatlardan kelgan bir necha fuqaro, hujjatidagi kamchilik sabab, ushlab turilgandi. Bizda esa hech qanday kamchilik bo‘lmasa ham, besabab ushlab turildik. Sharoitsiz ahvolda, hech qanday axborot bermay, terrorchilar guruhini ushlab turgandek qo‘pol muomalada bo‘lishdi. Bir amallab elchixona bilan bog‘langanimizdan keyingina ahvol biroz yaxshilandi. Lekin kecha uchib borgan reysdagi o‘nlab erkaklar ham ushlab turilibdi, degan xabarni eshitdim. Abu-Dabi aeroportida ushlab turilgan o‘zbekistonliklar soni ortib boryapti. Bizni Abu-Dabida deportatsiya qilishdimi-yo‘qmi, buning ham anig‘ini bilmaymiz”, — deya qo‘shimcha qildi fuqaro.
“Gazeta.uz” avvalroq ushbu holat yuzasidan Wizz Air aviakompaniyasi vakilining fikrlarini e’lon qilgan edi.
2-dekabr kuni O‘zbekiston tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Bahromjon A’loyev BAAning O‘zbekistondagi elchis Said Matar al-Qamziy bilan Abu-Dabi aeroportida o‘zbekistonlikl erkaklarning ushlab turilishi bilan bog‘liq vaziyatni muhokama qilgani ma’lum bo‘ldi. “Mavjud holatni imkon qadar qisqa muddatlarda hal qilish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar ko‘rishga kelishib olindi”, — deyiladi O‘zbekiston TIV axborotida.
Ammo O‘zbekiston fuqarolari Abu-Dabi aeroportida nega, qanday sabablar bilan ushlab turilgani haqida hamon rasmiy izoh berilganicha yo‘q. Shu vaqtgacha aniq qancha o‘zbekistonlik erkak Abu-Dabi aeroportida ushlab qolingani ham ma’lum emas.