“Gazeta.uz” YouTube’dagi o‘zbekistonlik kontent mualliflari tomonidan tayyorlangan videolarning oyma-oy sarhisobini tayyorlashda davom etadi. Navbat — 2024-yilning noyabr oyi yakunlariga.
Izoh: Quyida mushtariylar e’tiboriga havola etilayotgan videolar tahririyat tavsiyasi emas. Bunda aniq bir format ostida muntazam kontent e’lon qilib kelayotgan, muallifi o‘zbekistonliklar bo‘lgan o‘nlab YouTube loyihalardan ayrimlarining 2024-yil noyabr oyidagi eng ko‘p ko‘rilgan bittadan videosi tanlab olingan. Ayni vaqtda, fursatdan foydalanib, “Gazeta.uz”ning o‘zbek va rus tahririyatlari tomonidan noyabr oyida tayyorlangan videokontentni ham yana bir bor eslatib o‘tishni joiz deb bildik.
“Gazeta.uz” e’lon qilgan videolar
“Kontekst”. AQShda saylovlar qanday o‘tadi?
5-noyabr kuni AQShda navbatdagi prezidentlik saylovi bo‘lib o‘tdi. “Gazeta.uz” o‘zining yangi — “Kontekst” loyihasida bu mamlakatda saylov qanday tashkillashtirilishi, ikkilanuvchi shtatlar, 2024-yilgi saylovning avvalgilaridan farqi va prezidentlikka nomzodlar ilgari surayotgan g‘oyalar haqida ma’lumot berishga harakat qildi.
So‘rovnoma: Jamoat transporti ayollar va erkaklar uchun alohida ajratilishi kerakmi?
O‘zbekistonda jamoat transportlari ayollar va erkaklar uchun alohida ajratilishi kerak, deb o‘ylaysizmi? Ko‘pchilik bu xavfsizlik va qulaylikni ta’minlashi mumkin, deb hisoblaydi. Ba’zilar esa tiqilinchni bartaraf etish uchun boshqa choralarni taklif etadi. Bu haqda poytaxt aholisi nima deydi? “Gazeta.uz” ayrim hududlarda bo‘lib, ularga mikrofon tutdi.
Boysun zavoli — 2. Jilovlanmagan kon, gazdan zaharlanayotgan aholi: Boysunning taqdiri nima bo‘ladi?
“Gazeta.uz” jamoasi 1−2-noyabr kunlari texnogen ofat oqibatlaridan hali ham aziyat chekayotgan Boysunda bo‘lib, noyabr boshidagi vaziyat va boysunliklarning fikrlarini o‘rgangan edi. Boysundan tayyorlangan birinchi reportajni bu havola orqali ko‘rish mumkin.
Avtomaktablar qachon ochiladi? Rasmiylar javobi
O‘zbekistonda 2024-yilning fevralidan beri avtomaktab egalari o‘quvchilarning yangi guruhlarini ocholmayotganidan e’tiroz bildirmoqda. Ular bunga imtihon markazlariga mo‘ljallangan “og‘ir talablar”ning avtomaktablarga ham qo‘llangani sabab bo‘ldi, deyapti. YHXX esa talabni bajarganlar bemalol ishlayotganini aytmoqda. “Gazeta.uz” vaziyatni o‘rgandi.
Oy materiali: Boysun haqidagi reportajlar qanday tayyorlandi?
“Oy materiali” podkastining navbatdagi sonida Otabek Turdiyev va Ziyoda Ramazonova Boysundagi “Mustaqillikning 25 yilligi” gaz koniga qarashli quduqlardan birida sodir bo‘lgan avariya oqibatlariga bag‘ishlangan materiallar qanday tayyorlangani haqida o‘z tajribalari bilan bo‘lishdi.
So‘rovnoma: Andijonliklar Bobur haykali ko‘chirilishi haqida nima deydi?
Andijondagi Bobur haykali joylashgan maydon o‘rnida biznes markazi qurilishi, haykal eski shahar hududiga ko‘chirilishi rejalashtirilyapti. Bobur haykalining ko‘chirilishi va uning o‘rnida inshoot qurilishi tarmoqlarda keng muhokama qilinib, jamoatchilik e’tiroziga sabab bo‘ldi. “Gazeta.uz” Andijonda bo‘lib, viloyat aholisining munosabatiga qiziqdi.
Dekabr oyida ob-havo qanday bo‘ladi?
So‘nggi bir necha o‘n yillikda O‘zbekistonda qishda sovuq kunlar soni ikki barobarga kamaygan. 2024-yil dekabri ham, prognozlarga ko‘ra, iliqroq o‘tadi. Ammo oy boshi sovuqroq kelishi kutilmoqda. Iqlimshunos Erkin Abdulahatov “Gazeta.uz” uchun dekabr ob-havosi bo‘yicha sharh tayyorladi.
Mifonomika. Inson umrining qiymati yo‘qmi?
“Gazeta.uz”, bir necha oylik tanaffusdan so‘ng, “Mifonomika” podkastini davom ettiradi. Bu gal Nyu-York universiteti professori, iqtisodchi Behzod Hoshimov bilan inson umrining iqtisodchilar tomonidan baholanishi, buning nima uchun kerakligi muhokama qilindi. Masalan, baxtsiz hodisa yoki boshqa sabablar bilan inson vafot etganida, uning oilasiga kim va qancha kompensatsiya to‘lab berishi kerak? Jarohatlanganida-chi? YTHlardan o‘limlar sonini kamaytirish uchun davlat siyosatida inson umrining bahosi hisobga olinishi nima uchun muhim? Podkastda shu kabi savollar atrofida fikr yuritilgan.
So‘rovnoma: Talabalarga bir oyda qancha pul kerak?
17-noyabr — Xalqaro talabalar kuni. Sana munosabati bilan “Gazeta.uz” Toshkent va Nukusdagi talabalardan bayram, ularning bir oylik xarajatlari miqdori, talabalik hayotining yaxshi va qiyin jihatlari haqida so‘radi.
Rus tilida. Bolalarni zo‘ravonlikning barcha turlaridan himoya qilish bo‘yicha yangi qonun qanday bo‘ladi?
O‘zbekistonda “Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi. Uning ustida 2023-yil oktabridan beri Ijtimoiy himoya milliy agentligi, Adliya vazirligi va UNICEF ishlab kelayotgan edi. Hujjatda bolalarga nisbatan zo‘ravonlikning oldini olish bo‘yicha qator chora-tadbirlar ko‘zda tutilgan. “Gazeta.uz” Ijtimoiy himoya milliy agentligi og‘ir hayotiy vaziyatlarga tushib qolgan bolalar uchun ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Laylo Fayzimurodova va UNICEF`ning O‘zbekistondagi vakolatxonasining bolalarni himoya qilish bo‘yicha mutaxassisi Safinas Axayeva bilan yangi qonun qanday ishlashi va u jamiyatda zo‘ravonlikka nisbatan munosabatni o‘zgartira olishi yoki yo‘qligi bo‘yicha suhbatlashdi.
Dilfuza Allayorova. Jahon chempioniga aylangan yangibozorlik o‘qituvchi
Yangibozorlik Dilfuza Allayarova dunyodagi eng nufuzli yugurish musobaqalaridan biri — Sidney marafonida chempion bo‘ldi. U 2 soat 55 daqiqada 42,2 km masofani bosib o‘tdi. Sportdagi sarguzashtlarini pandemiya davrida 5 km masofaga yugurishdan boshlagan va 2021-yilda “Zaamin Ultra”da 50 km masofani yugurib, O‘zbekistondagi birinchi ultramarafonchi ayolga aylangan Dilfuza opa endi Nyu-Yorkdagi musobaqaga hozirlik ko‘rmoqda va 100 kilometrga yugurish orzusida.
Boshqa mualliflar e’lon qilgan videolar
Endi boshqa mualliflar e’lon qilgan videokontentlarga o‘tsak. Bunda, yuqorida qayd etilganidek, aniq bir format ostida muntazam kontent e’lon qilib kelayotgan, muallifi o‘zbekistonliklar bo‘lgan o‘nlab YouTube loyihalardan ayrimlarining 2024-yil noyabr oyidagi eng ko‘p ko‘rilgan bittadan videosi tanlab olindi.
NmaGap. “Fikrlamasak, qul bo‘lib qolaveramiz!”. Rasul Kusherbayev
“NmaGap” loyihasining noyabr oyidagi sonlaridan birida sobiq deputat, ekologiya vaziri maslahatchisi Rasul Kusherbayev mehmon bo‘ldi.
Markaziy sektor. Savollar murabbiyga! Futbolchilarga e’tiroz yo‘q
14-noyabr kuni futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi Jahon chempionati saralashining uchinchi bosqichi doirasida Qatarga mag‘lub bo‘ldi. O‘yindan so‘ng ba’zi muxlislar O‘zbekiston terma jamoasi murabbiyini o‘yin uslubini o‘zgartirgani uchun qoralagan bo‘lsa, boshqalari hakamni o‘yinni o‘z vaqtida yakunlamagani uchun tanqid qildi. “Markaziy sektor” loyihasining quyida keltirilayotgan soni ana shu uchrashuvning batafsil tahliliga bag‘ishlangan.
O‘zbekcha futbol. O‘zbekiston terma jamoasi va bosh murabbiy keskin tanqid qilindi | Mirzahakim To‘xtamirzayev
Futbol mavzusi davom etadi. Yuqorida ta’kidlanganidek, terma jamoaning Qatarga qarshi o‘yinidan so‘ng uning o‘yin uslubi va murabbiyini tanqid qiluvchilar yetarlicha bo‘ldi. Xususan, “O‘zbekcha futbol” podkastida futbol sharhlovchisi Mirzahakim To‘xtamirzayev mehmon bo‘lib, O‘zbekistonning Qatar bilan o‘tkazilgan va Shimoliy Koreya bilan bo‘lib o‘tishi kutilayotgan o‘yini (suhbat 18-noyabr kuni e’lon qilingan, O‘zbekistonning Shimoliy Koreya bilan o‘yini esa 19-noyabr kuni o‘tkazildi va unda o‘zbekistonlik futbolchilar 1:0 hisobida g‘alaba qozondi) haqida o‘z fikrlarini bildirgan.
Texnoplov. Olam torlardan iboratmi? Olamning yagona nazariyasi
“Texnoplov” loyihasining navbatdagi sonida “Borliq iplardan iboratmi?”, “Gravitatsiyani ushlab ko‘rish mumkinmi?”, “Butun borliq yaralishini tushuntirib beradigan qoida mavjudmi?”, “Nega vaqt bo‘yicha sayohat qilish imkonsiz?”, “Yorug‘lik tezligidan ham tez bo‘lgan narsa mavjudmi?” kabi savollarga javob izlandi.
Sahna standup. Abdurahim Mansurov | “34” nomli stendap konserti
Noyabr oyida “Sahna” stendap klubi rezidenti Abdurahim Mansurovning “34” nomli konsert dasturi YouTube’ga joylashtirildi.
Lolazor. 2025-yilda kimning cho‘ntagi to‘ladi?
Odatda har hafta yakshanba kuni yangi soni e’lon qilinadigan “Lolazor” podkasti uchun noyabr oyi barakasiz keldi — oy davomida faqat bitta podkast chiqdi. Unda budjet, AQSh O‘zbekistonni JSTga qo‘shilishini qo‘llab-quvvatlagani, ko‘p imtiyozlarning yashirin tarzda berilayotgani, Amerikadagi saylov, propan narxi kabi mavzular ko‘tarildi.
Magnit. Umrni uzaytirish mumkinmi? Nega haqiqiy yoshimizni bilmaymiz?
“Magnit”ning bu galgi sonini loyiha muallifi Abdullajon Yusupov inson umri davomiyligi mavzusiga bag‘ishladi va umrni uzaytirish mumkinmi, degan savolga javob izladi.
NQE podkast. Tramp taxtga o‘tirganining dunyoga ta’siri
Azam Qahramoniy o‘zining “Nozik qalb egalari” podkastida bu safar bloger Nozim Safari bilan AQShdagi saylovlar natijasi va Tramp hokimiyatga kelishining dunyoga ta’siri haqida fikr almashdi.
Ular. O‘zgacha qadriyatli zumerlar bilan suhbat. Maxsus son
“Ular” loyihasining navbatdagi sonida zumer avlod vakillari mehmon bo‘ldi. Suhbat davomida ularning qadriyatlari, fikrlashi, xohish-istaklari haqida hamda ular “millennial”lardan nimasi bilan ajralib turishi haqidagi so‘raldi.
Fikr yetakchilari. Rossiya va Xitoydan qochayotgan milliarderlar, Ilon Mask Oq uyda, nasiya savdo va marketpleyslar
“Fikr yetakchilari” podkastining bu safargi mehmoni — Asaxiy internet-do‘koni asoschisi Firuz Allayev. Podkast mualliflari u bilan biznesdagi tajribasi, Asaxiy’ning rivojlanish tarixi va kelajakdagi rejalari haqida so‘radi. Suhbat davomida shuningdek, Trampning AQSh prezidentligiga qaytishi, Amerikadagi saylovlar va Ilon Maskning siyosatga yaqinlashishi haqida ham gap bordi.
Sigma. Islom, liberalizm va g‘oyalar
“Sigma” podkastining noyabrdagi sonlaridan birida siyosatshunos Hamid Sodiq mehmon bo‘ldi. Mehmon bilan hozirgi siyosat qoidalari qanday paydo bo‘lgani, Uyg‘onish davrida shakllangan g‘oyalar, demokratiya va liberalizm inqirozi, liberallar va konservatorlar o‘rtasidagi qarama qarshiliklar haqida suhbatlashildi.
Susambil. Maymunlar qiroli olamining to‘liq tahlili
“Susambil” muallifi Nodir Nishonov bu gal tomoshabinlariga Xitoy fentezi olamining asosiy qahramonlaridan biri — Sun Ukun haqida hikoya qildi. Ma’lumot uchun, 2024-yil 20-avgustda u haqida chiqarilgan “Black Myth: Wukong” yilning eng yaxshi o‘yinlaridan biri bo‘ldi.
Qurultoy. O‘zbekistondagi ko‘hna tog‘ sivilizatsiyasi
“Qurultoy”ning noyabr oyida eng ko‘p ko‘rilgan conida tarix fanlari doktori, professor Farhod Maqsudov mehmon bo‘ldi. Avvalroq Farhod Maqsudovning chet ellik hamkasblari bilan o‘tkazgan tadqiqotlari natijasi nufuzli Nature jurnalida chop etilgan edi. Bu yangilik dunyoning turli nufuzli OAVlarida ham yoritildi. Tadqiqot tafsilotlari haqida bevosita uning muallifidan bilib olish uchun “Qurultoy” mualliflari olimni ko‘rsatuvga taklif qildi.
Uzbekonomics. AQShda 2024-yilgi prezidentlik saylovi va nomzodlarning iqtisodiy dasturlari tahlili
Uzbekonomics podkastining noyabr oyida e’lon qilingan sonida iqtisodchi Botir Qobilov va Behzod Hoshimov AQShdagi 2024-yilgi prezidentlik saylovi haqida suhbatlashdi. Epizodda dastlab AQShda prezidentlik saylovlari qanday o‘tishi haqida gaplashildi, jarayonda nimalarga e’tibor berilishi, qaysi shtatlarda ovoz berish natijalari boshqalarnikidan ahamiyatliroq ekani haqida so‘z yuritildi. Shuningdek, suhbat davomida nomzodlarning iqtisodiy dasturlari haqida batafsil to‘xtalib o‘tildi.
EKG stendap. 6-son
“EKG stendap” loyihasining 6-sonida stendap-komiklar Abbos Serobov, Azimbek Xushmamatov, Madina Zokirjonova, Azizjon Karimov, Izzatilla Chorixo‘jayev chiqish qildi.
Cubic. Kontent marketing nima?
YouTube’ning o‘zbek segmentida loyihalar ko‘paygani sari, ma’lum mutaxassisliklar bo‘yicha ham tor doira uchun mo‘ljallangan videokontent tayyorlanmoqda. Asosan marketologlar uchun yoziladigan “Cubic” podkasti ham ana shunday loyihalardan biri. Podkastning navbatdagi mehmoni “Janob marketolog” nomi bilan tanilgan Sadriddin Abdurahimov bo‘ldi. Suhbat davomida biznes, marketolog kim ekani, kontent marketing orqali qilingan natijalar hamda xalqaro bozordagi marketing haqida fikrlar aytildi.
Olmoniston. Qurilish va byurokratiya
“Olmoniston” loyihasining bu galgi sonida Renat Ruziyev va Husan Mukimov Germaniyada arxitektura va qurilish sohasida tahsil olib, hozirda o‘z faoliyatini yuritib kelayotgan o‘zbekistonlik Shuhrat Yo‘ldoshev bilan qurilish va byurokrtaiya mavzularida suhbatlashdi.
Tasvir. Husniddin Atoning boshqalardan afzal fazilati nimada?
O‘zbekcha kontent ko‘paygani sari alohida mutaxassisliklar bo‘yicha ham loyihalar paydo bo‘layotgani ta’kidlangan edi. Ana shunday loyihalardan biri — bu fotograf Muhiddin Alining “Tasvir” podkasti. Podkastning noyabr sonida ko‘plab yosh fotojurnalistlar ustozi hisoblangan Husniddin Ato mehmon bo‘ldi.
Siz-chi, qaysi loyihalarni kuzatib borasiz?
Keyingi sarhisobda yana qaysi loyihalar e’tiborga olinishi kerak deb o‘ylaysiz? Bu haqda Telegram’dagi botimiz orqali bizga yozing: @GazetauzFeedbackBot.