“O‘zbekiston temir yo‘llari” ijtimoiy tarmoqlarda 7-dekabrdan Xiva shahrigacha Afrosiyob tezyurar poyezdlari qatnovi yo‘lga qo‘yilishi haqida tarqalgan xabarlarni rad etdi.
Afrosiyob poyezdining Urganch temir yo‘l vokzaliga yetib kelishi aks etgan video, xususan, mahalliy Telegram kanallarda tarqaldi.
“Ammo shuni ta’kidlash kerakki, Buxoro — Urganch — Xiva temir yo‘l uchastkasini elektrlashtirish ishlarini yakunlash doirasida bitta yuqori tezlikda harakatlanuvchi „Afrosiyob“ poyezdi sinovdan o‘tkazildi. Ushbu bosqich yangi marshrutni sinovdan o‘tkazish va infratuzilmaning to‘liq foydalanishga tayyorligini tekshirish dasturining bir qismidir”, — dedi kompaniya.
Eslatib o‘tamiz, yaqinda kompaniya raisi Zufar Narzullayev O‘zbekiston prezidenti yangi yil arafasida “Buxoro — Miskin — Urganch — Xiva” (465 km) elektrlashtirilgan temir yo‘lini ochishni rejalashtirayotganini ma’lum qilgan edi.
Shu bilan birga, 196 kilometrlik “Miskin — Nukus” liniyasini elektrlashtirish bo‘yicha qurilish ishlari boshlanishi kerak (loyihani 2026-yil oxirigacha yakunlash rejalashtirilgan).
Elektrlashtirish “Toshkent — Nukus” yo‘nalishida yuqori tezlikda harakatlanishni yo‘lga qo‘yish imkonini beradi. Buning uchun Koreya Respublikasidan oltita “Hyundai Rotem” elektropoyezdi xarid qilinmoqda.