Shavkat Mirziyoyev 2-dekabr kuni “Qishloq xo‘jaligi sohasida davlat boshqaruvini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. Bu haqda “Norma” xabar berdi.

Hujjat Yangi O‘zbekiston sharoitida agrar sohada zamonaviy talablarga javob beradigan ixcham, integratsiyalashgan davlat boshqaruvi tizimini yo‘lga qo‘yish, olib borilayotgan islohotlarning samaradorligini yanada oshirish va tizim faoliyatini transformatsiya qilish maqsadida qabul qilingan.

Qarorga ko‘ra:

  • Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari tuzilmalariga — Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisining va viloyatlar hokimlarining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari — Qoraqalpog‘iston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vaziri, viloyat qishloq xo‘jaligi boshqarmasi boshlig‘i lavozimi;
  • tuman (Quvasoy shahar) hokimliklari tuzilmalariga — hokimning qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari — tuman (Quvasoy shahar) qishloq xo‘jaligi bo‘limi boshlig‘i lavozimi kiritiladi.

Ushbu lavozimga tayinlanadigan mansabdorlar uchun asosiy vazifalar ham belgilab berilgan:

  • oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi sohalarini modernizatsiyalash, diversifikatsiya qilish va barqaror o‘sishini qo‘llab-quvvatlash uchun xususiy investitsiya kapitali oqimini ko‘paytirish orqali sohada davlat ishtirokini kamaytirish va investitsiyaviy jozibadorlikni oshirish mexanizmlarini joriy qilish;
  • respublika aholisining suvga bo‘lgan muttasil oshib borayotgan ehtiyojlarini qondirish uchun shart-sharoitlar yaratish, suv resurslarini tejash va undan samarali foydalanishni ta’minlash choralarini ko‘rish;
  • qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini xarid qilish va sotishda bozor tamoyillarini keng joriy etish, sifat nazorati bo‘yicha infratuzilmani rivojlantirish, qulay investitsiya muhitini yaratish, eksportni ko‘paytirish, maqsadli xalqaro bozorlarda raqobatbardosh, yuqori sifatli qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat tovarlari ishlab chiqarishni nazarda tutuvchi qulay agrobiznes muhiti va qo‘shilgan qiymat zanjirini yaratish;
  • qishloq joylarini muvozanatli va barqaror taraqqiy ettirishga ko‘maklashishni nazarda tutuvchi qishloq hududlarini rivojlantirish dasturlarini amalga oshirishni ta’minlash;
  • qishloq xo‘jaligi sohasida raqamli (smart) texnologiyalarni keng joriy etish, yangi ish o‘rinlari va xizmatlarni tashkil qilish chorasini ko‘rish.

Quyidagilar:

  • Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisining, viloyat hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimi;
  • tuman (Quvasoy shahar) hokimliklari tuzilmasidagi — hokimning qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimi;
  • Qishloq xo‘jaligi vazirligi tuzilmasidagi — Qoraqalpog‘iston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vaziri va viloyatlar qishloq xo‘jaligi boshqarmalari boshlig‘i hamda tumanlar (Quvasoy shahar) qishloq xo‘jaligi bo‘limlari boshlig‘i lavozimlari tugatiladi.

Bunda vazirlikning mazkur bandga muvofiq tugatilayotgan shtat birliklari hisobiga uning hududiy bo‘linmalarida oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashga mas’ul xodim lavozimi joriy etiladi.

Qishloq xo‘jaligi vazirligi ikki oy muddatda:

  • vazirlikning oziq-ovqat mahsulotlarini yetishtirish va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash borasidagi vakolatlariga oid normativ-huquqiy hujjat loyihasini;
  • oziq-ovqat taqdimnomalarni xavfsizligini ta’minlash borasidagi bajarmaganlik uchun javobgarlikni belgilash yuzasidan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha qonun loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritadi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari hamda qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abduraxmonov mazkur qarorning 2-bandi bilan belgilangan vazifalarning samarali bajarilishini ta’minlash hamda yuzaga keladigan muammolarni bartaraf etish choralarini ko‘rib boradi.

Qishloq xo‘jaligi vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritadi.