9-noyabr kuni “Barselona” futbol klubi jamoaning sport to‘plamlari bo‘yicha ta’minotchisi hisoblangan Nike kompaniyasi bilan ko‘p yillik hamkorlik davom ettirilishini e’lon qildi. Klub 2028-yilda yakunlanishi kerak bo‘lgan shartnomasini uzaytirdi hamda uning shartlarini yangiladi. The Athletic nashri mazkur shartnoma jamoaning moliyaviy ahvoliga qanday ta’sir qilishi haqida maqola tayyorladi. “Gazeta.uz” uning tarjimasini keltiradi.
“Barselona” prezidenti Joan Laporta so‘nggi oylarda muntazam ravishda “dunyo futbolidagi eng yirik” kelishuvga erishish arafasida ekanini ta’kidlab kelayotgandi. Uzaytirilgan shartnoma qiymati 2038-yilgacha 1,7 mlrd yevroga yetishi mumkin. Bu esa klubning hozirgi og‘ir va murakkab moliyaviy ahvolini sezilarli darajada yaxshilaydi.
Yangi kelishuvning tasdiqlanishi bilan Kataloniya klubi va Amerika sport kiyimlari giganti o‘rtasidagi bir yilga cho‘zilgan ziddiyatlarga boy muzokaralar yakuniga yetdi. Lekin bu kelishuv jamoaning La Ligadagi maosh chegaralari bilan bog‘liq muammolariga (liga klublarga futbolchilarga maosh tayinlashda yuqori chegara belgilaydi) qanchalik yaxshi yechim bo‘la olishi hozircha noma’lum.
“Barselona” nima deyapti?
Klub bayonotiga ko‘ra, ushbu yangi shartnoma Nike’ni “Barselona"ning nafaqat asosiy, balki barcha professional va havaskor jamoalari uchun ham rasmiy texnik hamkorga aylantiradi. Bundan tashqari, “Barselona” ushbu bitim klub brendini yanada mustahkamlashiga umid qilmoqda.
Moliyaviy jihatlar qanday?
The Athletic’ning so‘roviga javoban “Barselona” kelishuv tafsilotlari maxfiy ekani ma’lum qildi. Ammo nashrning klubdagi manbalari kelishuv qiymati keyingi 14 mavsum uchun jami 1,7 mlrd yevroni tashkil etishini ta’kidladi.
Yangi shartnomada ikki davr nazarda tutilgan. Birinchisi, 2028-yilgacha bo‘lgan davrni o‘z ichiga oladi — aynan shu yili klubning kompaniya bilan eski shartnomasi tugashi kerak edi. Klubdagi manbalarning ta’kidlashicha, yangi shartnoma sharofati bilan endi kelgusi to‘rt yilda daromad yiliga 108 mln yevro atrofida bo‘ladi — bu “Barselona” so‘nggi mavsumlarda Nike bilan hamkorlikdan topib kelayotgan daromadidan deyarli ikki baravar ko‘p.
Klub manbalariga ko‘ra, 2028-yildan boshlab bu ko‘rsatkich keyingi 10-yil ichida har mavsum uchun 120 mln yevrogacha oshadi.
“Barselona” prezidenti Joan Laporta. Manba: “Barselona” rasmiy sayti
Manbalar klub “imzo uchun bonus” sifatida qo‘shimcha 158 mln yevro ham olishini aytdi. Bu summa, joriy mavsumni ham hisobga olgan holda, shartnomadagi 14-yilga taqsimlab yuboriladi.
“Barselona” mazkur bitimni klubning katta g‘alabasi deb hisoblamoqda, chunki va’da qilingan yillik pulning asosiy qismi maydondagi natijalar qanday bo‘lishidan qat’iy nazar to‘lanishiga kelishilgan. Aynan shu masala muzokaralarning cho‘zilib, ziddiyatli kechishiga sabab bo‘lgandi.
Klubning avvalgi prezidenti Jozep Mariya Bartomeu boshchiligadigi direktorlar kengashi eski shartnomani 2016-yili imzolagandi. Unda yiliga 105 mln yevrogacha daromad va’da qilingan. Biroq bu kelishuv bo‘yicha klub Nike’dan yiliga atigi 50−60 mln yevro atrofida pul olgan, chunki “Barselona” maydonda kutilgan muvaffaqiyatga erisha olmadi. Masalan, bir necha mavsumdan buyon Chempionlar ligasidagi ishtirokini erta yakunlayotgan edi.
Nike nima deyapti?
Nike va “Barselona” 1998-yildan beri hamkorlik qilib keladi. Yangi shartnoma haqidagi The Athletic’ning so‘roviga javoban, Nike bu chuqur va mazmunli munosabatlarni davom ettirishdan mamnun ekanligini qayd etdi, lekin kelishuvning moliyaviy yoki biznes tafsilotlarini ochiqlay olmasligini bildirdi.
Nike vakili shunday dedi: “Biz barcha — yosh futbolchilarni ilhomlantiradigan va ularga kuch-quvvat beradigan ommaviy futbol tashabbuslaridan tortib, „Barselona“ futbol klubini uslub va madaniyatning global ramzi sifatida yuksalishigacha bo‘lgan darajalarda hamkorlikni birga davom ettirishdan mamnunmiz. Biz ayollar futbolini ham birgalikda rivojlantirishni istaymiz”.
Optimistik qarash
1,7 mlrd yevro klub futbolining elit darajasidagi sport to‘plamlariga doir ko‘p millionli bitimlar orasida ham juda katta summa hisoblanadi. Yangi shartnoma bo‘yicha daromadning sezilarli o‘sishi “Barselona"ning kelgusi yillardagi moliyaviy ahvolini yaxshilashga ham yordam beradi.
“Kamp Nou"dagilar uchun ayniqsa muhim bo‘lgan jihat shundaki, yangi shartnoma, “imzo qo‘yish bonusi” bilan birga qo‘shib hisoblaganda, “Real Madrid” va Adidas’ning yiliga 120 mln yevrolik kelishuvi ortda qoldirilganini anglatadi — “Barselona” prezidenti Laporta so‘nggi vaqtlarda aynan shu bitimni ko‘p eslayotgandi. “Real"ning bitimi shu vaqtgacha jahon futbolidagi eng serdaromadi hisoblanardi.
Nike bilan imzolangan yangi bitim “Barselona"ning amaldagi direktorlar kengashi o‘zidan avvalgilar meros qilib qoldirib ketgan moliyaviy muammolarni hal etish yo‘lida muvaffaqiyatli ishlayotgani haqidagi pozitsiyasini ham tasdiqlaydi.
Hozirgi holat qanday?
Shartnoma yakunlanishiga hali to‘rt yil muddat bo‘la turib, sport to‘plamlari ta’minotchisi bilan shartnomani qayta ko‘rib chiqish futbol olamida odatiy hol emas. Ammo, joriy yillik hisoblarga ko‘proq “pul tushirish” orqali daromadni oshirish zarurati borligi sabab, “Barselona” rahbariyati Nike bilan kelishuvni yangilashni bu muammoni hal qilishning potensial usuli sifatida ko‘rdi.
Nike yangi kelishuvga faqat o‘zi uchun foydali shartlarda rozi bo‘lmoqchi edi. “Barselona"ning muzokaralar jarayonida sport ta’minotchisiga nisbatan munosabatidan, jumladan, Kataloniya klubi eski kelushuvdan chiqib ketishning qonuniy yo‘llarini qidirganidan Nike norozi edi.
Laporta va unga eng yaqin mas’ullar muzokaralarning oxirgi bosqichida tashabbusni qo‘lga oldi. Hatto direktorlar kengashi ham kelishuvning to‘liq tafsilotlaridan 8-noyabr kuni, ovoz berish jarayoni boshlanishi arafasida xabar topdi.
The Athletic suhbatlashgan ba’zi manbalar aytilgan raqamlarga (ya'ni, 1,7 mlrd yevrogacha oshishi mumkin bo‘lgan daromadga) shubha bilan qaradi. Ispaniya poytaxtidagi ba’zi manbalar esa “Barselona” “Real Madrid"nikidan kattaroq qiymatli shartnomaga egaligiga shubha qilyapti.
Yangi kelishuv Kataloniya klubining litsenziyalash va savdo bo‘yicha ishlari (BLM — Barca Licensing & Merchandising)ga ta’sir qilishi haqida ham xavotirlar bor edi. Yangi shartnoma bo‘yicha Nike bergan bayonot AQSH ishlab chiqaruvchisi “Barselona” biznesining bu sohasida chuqurroq rol o‘ynashini ko‘rsatadi.
BLM 2018-yili Bartomeu tomonidan ishga tushirilgan edi va shundan beri klubning katta muvaffaqiyatiga aylandi. UYEFA ma’lumotlariga ko‘ra, 2022/2023 yilgi mavsumda “Barselona” liboslar sotish va savdodan Yevropa klublari orasida eng yuqori daromad (179 mln yevro) topgan.
Nike endi klubning rasmiy do‘konlarida sotiladigan ko‘plab casual (kundalik) kiyim-kechak to‘plamlari va boshqa mahsulotlarda kattaroq rol o‘ynashi, oqibatda klub g‘aznasiga avvalgidan kamroq daromad tushishiga doir xavotirlar bor. Klubdagi manbalar esa buni inkor qilmoqda.
“Barselona"ning maosh chegarasi bo‘yicha oxirgi ma’lumotlar
“Barselona” 2024-yil yozida ham La Liga uchun tarkibni ro‘yxatdan o‘tkazishda so‘nggi yillardagi kabi ko‘p qiyinchilikka uchradi. Xususan, “RB Leypsig"dan 60 mln yevroga olingan ispaniyalik pleymeyker Dani Olmo va “Jirona"dan 2,7 mln yevro evaziga olib kelingan yosh hujumchi Pau Viktorni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun klub ancha ter to‘kdi.
Ularning ikkovi ham La Liganing jarohatlangan futbolchilarni vaqtincha almashtirishga imkon beradigan 77-moliyaviy qoidasi orqali (himoyachi Andreas Kristensenning jarohat olgani sabab) so‘nggi lahzada ro‘yxatdan o‘tkazildi. Bu ularning faqat 31-dekabrgacha ro‘yxatdan o‘tganini anglatadi. Qishki tanaffusdan keyin ulardan biri yoki ikkovi maydonga tusha olishi uchun klub qayerdandir ko‘proq pul topishi kerak.
Sentyabr boshida bo‘lgan matbuot anjumanida Laporta klub o‘yinchilar bilan odatdagidek shartnoma imzolash va ularni La Liga uchun ro‘yxatdan o‘tkazishdan “60 mln yevro uzoqlikda” ekanini aytgandi.
Bir necha hafta o‘tgach, “Barselona” auditorlari 2023/2024 yilgi hisobotlardan klubning muammoli shu’basi — uning hozirgi va kelajakdagi media huquqlariga egalik qiluvchi Barca Vision’ning qiymatini chiqarib tashlashni so‘ragani ma’lum bo‘ldi.
Bu “Barselona” ruxsat etilgan maosh chegarasiga qaytishi uchun endi 120 mln yevro pul topishi lozimligini anglatadi.
Nike bilan bitim vaziyatga qanday ta’sir qilishi mumkin?
Laportadan Barca Vision muammosi haqida so‘ralganda, u yechimning bir qismi sifatida sport to‘plamlari bo‘yicha shartnomaning ulkan afzalliklari haqida bir necha bor gapirgandi.
100 mln yevro yoki undan kattaroq miqdordagi “bonus” Barca Studios’dan kutilgan daromadlar bo‘yicha muvaffaqiyatsizlik oqibatida klub hisobida yuzaga kelgan “tuynuklar"ning ko‘pini yoki barchasini yopishiga umid qilinayotgan edi. Yangi shartnoma bu bonusni 14-yil taqsimlab yuboradi, ya’ni 2024/2025 yilgi mavsumda bor-yo‘g‘i 9 mln yevro qo‘shimcha daromad olinishi rejalashtirilgan.
Klubdagi manbalar Nike bilan yangi shartnoma yordam berishini, ammo Barca Vision bilan bog‘liq muammoni hal qilmasligini aytdi. Shu sababli, ushbu loyiha uchun yangi investorlarni izlash davom etyapti. “Kamp Nou"dagi eng yuqori martabali mulozimlar bu jarayon muvaffaqiyatli bo‘lishiga va qishki transfer oynasida o‘yinchilarni sotishga to‘g‘ri kelmasligiga amin. Biroq, hozirgi boshqaruvda ko‘p kuzatilgani kabi, bu masala ham so‘nggi lahzagacha hal bo‘lmasligi mumkin.
Uzoq muddatli istiqbolda-chi?
Umumiy taassurot shundayki, Nike bilan tuzilgan yangi shartnoma Laportaning ikkinchi prezidentligi davridagi siyosatiga juda mos — klub avans shaklida pulni oladi va endi uni hisoblaridagi “teshiklarni yopish” hamda jamoa xarajatlariga ishlatishi mumkin.
Sohadagi manbalar bilan bo‘lgan ko‘plab suhbatlarda ta’kidlanganidek, Nike bilan imzolangan yangi shartnomadagi uzoq muddatli muammo — “Barselona” yana 14-yil shu shartnomaga bog‘lanib qolishidir. Inflyatsiya ham inobatga olinadigan bo‘lsa, 2034-yilga borib yiliga 127 mln yevro unchalik jozibali raqam bo‘lmay qolishi mumkin. “Bu kelishuv keyingi prezidentning oyoq-qo‘llarini bog‘lab qo‘yishi mumkin”, — dedi “Barselona” boshqaruvining sobiq a’zosi.
Ayni vaqtda, “Barselona” o‘z o‘rnida qolayotgani hamda klub topayotgan daromadning yaxshilanayotganiga doir raqamlarning kerakli va hayratlanarli ekani e’tirof etilyapti. “Moliyaviy jihatdan, Nike bilan bu yangi shartnoma kisloroddan to‘yib-to‘yib nafas olish uchun bir imkoniyat”, — dedi Laportaning moliyaviy va qarz siyosatini har doim ham qo‘llab-quvvatlamaydigan klub kayvoni (“entorno”)laridan biri.