Qirg‘iziston va Tojikiston hukumat komissiyalari qirg‘iz-tojik davlat chegarasining qolgan uchastkalari tavsifini to‘liq yakunladi, deyiladi Qirg‘iziston Vazirlar mahkamasining rasmiy veb-saytidagi xabarda.
Kelishuvlarga 4-dekabr kuni Batken shahrida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda komissiyalarga rahbarlik qiluvchi Qirg‘iziston MXDQ raisi Kamchibek Tashiyev va Tojikiston MXDQ raisi Saymo‘min Yatimov erishdi.
Tashiyev va Yatimov ishchi guruhlarga davlat chegarasini delimitatsiya qilish bo‘yicha yakuniy hujjatlarni rasmiylashtirish jarayonini boshlashni topshirdi.
“Butun mas’uliyat bilan ayta olamanki, bugun tarixiy lahza hisoblanadi — chegaraning kelishib olinishi. Endi buyog‘iga yuridik rasmiylashtirish, parlamentlar orqali ratifikatsiya qilish va hurmatli prezidentlarimizning imzolari qoladi. O‘ylaymanki, yaqin kelajakda, deyarli bir necha oydan so‘ng, biz chegaralarimiz masalasini butunlay hal qilamiz”, — deya ta’kidladi Qirg‘iziston MXDQ raisi.
Qirg‘iziston-Tojikiston chegarasining umumiy uzunligi 972 kilometrni tashkil etadi. O‘nlab bahsli hududlar tufayli u yerda vaqti-vaqti bilan qurolli to‘qnashuvlar bo‘lib turardi. Oxirgi yirik mojaro 2022-yil sentyabr oyida sodir bo‘lgan edi. O‘shanda ikkala tomondan ham o‘nlab odamlar jarohat olgan va halok bo‘lgan.