Kriminologiya tadqiqot institutida uy qamog‘i ehtiyot chorasi va ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan shaxslarni masofaviy nazorat qilishga mo‘ljallangan metodika, elektron braslet qurilmasi va dasturiy ta’minot ishlab chiqildi.

Institut boshlig‘i polkovnik, yuridik fanlar doktori Baxtiyor Berdialiyevning qayd etishicha, hozirda qurilma to‘g‘risida intellektual mulk obyekti hujjatini olish, elektron brasletni ishlab chiqarish va tijoratlashtirish bo‘yicha kompleks choralar amalga oshirilmoqda.

Muassasa boshlig‘i fuqarolarga o‘z vaqtida va sifatli xizmat ko‘rsatish uchun ichki ishlar organlarining joylardagi tuzilmalari 85 foizi bevosita aholiga yaqin joylarda xizmat olib borayotganini qo‘shimcha qilgan. U O‘zbekiston dunyodagi eng xavfsiz davlatlardan biri hisoblanishini qo‘shimcha qilgan.

Shuningdek, institutning xalqaro hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yildi. Ayni paytda Turkiya, Germaniya, Koreya, Vengriya kabi davlatlardagi shunday tuzilmalar bilan hamkorlik o‘rnatilgan. Xorijiy davlatlar bilan hamkorlikda bir qator kriminologik tadqiqotlar o‘tkazilgan.

7-avgust kuni prezident tomonidan “Probatsiya to‘g‘risida”gi qonun imzolangandi. Unga ko‘ra, O‘zbekistonda ozodlikni cheklash tarzidagi jazoni o‘tash davrida jamoat tartibini buzish bilan bog‘liq huquqbuzarliklar uchun ma’muriy javobgarlikka tortilgan probatsiya nazoratidagi shaxsga nisbatan elektron braslet qo‘llaniladi.

Shaxsni probatsiya hisobiga qo‘yish uchun sudning qonuniy kuchga kirgan hukmi, ajrimi yoki qarori, shuningdek amnistiya akti yoxud afv etish asos bo‘ladi. Qonunga ko‘ra, shaxsni probatsiya hisobiga qo‘yish mazkur shaxsning yashash joyidagi tuman (shahar) probatsiya bo‘linmasining xodimi tomonidan probatsiyaga oid axborot tizimiga ma’lumotlarni kiritish orqali amalga oshiriladi.

Elektron kuzatuv vositasi (elektron braslet) ozodlikni cheklash tarzidagi jazoni o‘tash tartibi talablarini bajarmayotgani to‘g‘risida rasmiy ravishda ogohlantirilgan yoki ozodlikni cheklash tarzidagi jazoni o‘tash davrida jamoat tartibini buzish bilan bog‘liq huquqbuzarliklar uchun ma’muriy javobgarlikka tortilgan probatsiya nazoratidagi shaxsga nisbatan tuman (shahar) probatsiya bo‘linmasi boshlig‘ining qarori asosida qo‘llaniladi.

Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasida elektron braslet haqida nimalar deyilgandi?

Aprel oyida elektron braslet joriy etish haqida Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi e’lon qilingandi. Unda braslet qo‘llash to‘g‘risida quyidagi ma’lumotlar berilgandi.

Unga ko‘ra, elektron braslet uy qamog‘i ehtiyot chorasi yoki ozodlikni cheklash jazosi qo‘llanilgan shaxs oyog‘ining boldir qismiga taqiladi. Uy qamog‘i ehtiyot chorasi yoki ozodlikni cheklash jazosi qo‘llanilgan shaxsning oyog‘iga elektron brasletni taqish imkoniyati mavjud bo‘lmagan hollarda (suyak sinishi, boshqa jarohatlar bilan tibbiy muolaja ko‘rsatilgan holatda) elektron brasletni qo‘lning bilak qismiga taqishga ruxsat beriladi.

Ayol jinsidagi shaxsga elektron braslet shu jinsdagi xodim (ichki ishlar organi jamoat xavfsizligi xizmati huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘linmasi xotin-qizlar masalalari bo‘yicha katta inspektori) tomonidan taqiladi. Homilador ayol, ushbu Nizomning ilovasida nazarda tutilgan kasallikka chalingan yoki jismoniy nuqsoni bo‘lgan shaxsga elektron braslet taqilmaydi.

Uy qamog‘i ehtiyot chorasi yoki ozodlikni cheklash jazosi qo‘llanilgan shaxs uy qamog‘i ehtiyot chorasini yoki ozodlikni cheklash jazosini ijro etish jarayonida elektron brasletni oyog‘idan (yoki qo‘lidan) yechmaydi va doimiy ishchi holatda bo‘lishini ta’minlaydi.

Elektron brasletning vizual signali ishga tushgan taqdirda jamoat xavfsizligi xizmati xodimi profilaktika inspektori bilan birgalikda yuzaga kelayotgan vaziyatdan kelib chiqqan holda uy qamog‘i ehtiyot chorasi yoki ozodlikni cheklash jazosi qo‘llanilgan shaxsning elektron brasletni yechishga, unga shikast yetkazishga yoki qochishga bo‘lgan urinishlarini bartaraf etish (to‘xtatish, chek qo‘yish, nazoratni kuchaytirish), uy qamog‘i ehtiyot chorasi yoki ozodlikni cheklash jazosi qo‘llanilgan shaxs qochgan taqdirda, uni ta’qib qilish va ushlashga qaratilgan choralarni ko‘radi.

Elektron brasletning vizual signali ishga tushish sabablariga aniqlik kiritish jarayonida uy qamog‘i ehtiyot chorasi yoki ozodlikni cheklash jazosi qo‘llanilgan shaxsning qochganligi tasdiqlangan taqdirda jamoat xavfsizligi xizmati xodimi zudlik bilan ichki ishlar organlarining qo‘shimcha kuch va vositalarini jalb qilib, qochgan shaxsga taqilgan elektron brasletdan uzatilayotgan GPS signaliga muvofiq ularni tegishli hududga yo‘naltiradi. Mazkur harakatlar qochgan shaxsning ushlanguniga qadar davom etadi.

Elektron brasletga uy qamog‘i ehtiyot chorasi yoki ozodlikni cheklash jazosi qo‘llanilgan shaxs qasddan shikast yetkazgan hollarda yetkazilgan moddiy zararning o‘rni ushbu shaxs tomonidan qoplanishi belgilangandi.