4-dekabr kuni tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Italiyaning yangi tayinlangan elchisi Pergabriyele Papadia de Bottinini qabul qildi, deb xabar berdi TIV rahbari o‘z Telegram kanalida.

«O‘zbekiston-Italiya strategik hamkorlik kun tartibidagi ustuvor yo‘nalishlarni muhokama qildik. Tashqi ishlar vazirligi janob elchini mamlakatimizdagi faoliyati davomida har doim qo‘llab-quvvatlashga tayyor», — ta’kidladi vazir xabarida.

Elchi ikki kun avval ish boshlagan.

«So‘nggi yillarda Italiya va O‘zbekiston o‘rtasida mustahkam do‘stlik va hamkorlik aloqalari o‘rnatilib, yaqinda strategik sheriklik darajasiga ko‘tarildi. Men o‘zbekistonlik do‘stlarni, shuningdek, ushbu ajoyib mamlakatga qiziqqan italiyaliklarni barcha sohalarda aloqalarni kengaytirish va mustahkamlash uchun Toshkentdagi elchixonaga murojaat qilishga taklif qilaman», — deya uning so‘zlarini keltiradi elchixonaning Instagram’dagi sahifasi.