Vazirlar mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi va Turkiyaning yirik qurilish kompaniyalaridan biri Kalyon Insaat mehnat migratsiyasi sohasida hamkorlikni boshladi. Turkiyadagi qurilish loyihalarida 1410 nafar O‘zbekiston fuqarosini ishga joylashtirish rejalashtirilmoqda. Bu haqda 29-noyabr kuni tashkilot matbuot xizmati xabar berdi.
Dastlabki 20 nafar O‘zbekiston fuqarosi 1-dekabr kuni Toshkentdan Istanbulga uchib ketdi. Yana 40 nafar fuqaro 3-dekabrda Samarqanddan ishga jo‘naydi. Dastlabki bosqichda korxonada 60 ishchi, 2025-yilning yanvaridan esa yana 1350 mutaxassis ish boshlaydi.
“Turkiyada ishga qabul qilinayotgan o‘zbekistonliklarning mehnat faoliyatini monitoring qilamiz va kelgusi yil yanvar oyida 1350 nafar mutaxassisni Turkiya bozorida ish bilan ta’minlaymiz”, — dedi kompaniya vakili Akin Kirchichek.
Shartnomaga ko‘ra, yo‘lkira, turar joy, uch mahal issiq ovqat, maxsus kiyim va himoya vositalari ish beruvchi tomonidan qoplanadi. Shuningdek, munosib ish haqi va mehnat huquqlari kafolatlanadi.
Xabarda qayd etilishicha, Kalyon Insaat 1974-yildan buyon Turkiyada qurilish, energetika va transport sohalarida muvaffaqiyatli loyihalarni amalga oshirib kelmoqda. Uning mashhur loyihalari orasida Istanbul aeroporti, Bosfor bo‘g‘ozi ostidagi Marmaray temiryo‘l tunneli va Karapinar quyosh elektr stansiyasi bor.