The Korea Herald

Prezident Yun Sok Yol seshanba kuni kechqurun favqulodda holat e’lon qilganidan so‘ng Janubiy Koreya kutilmagan notinchlikka uchradi, bu muxolifatni zudlik bilan impichmentga, hukmron partiyani esa og‘ir vaziyatda qolgan yetakchi bilan aloqani uzishga undadi.

Yun kutilganidan oldinroq chekingan bo‘lsa-da, olti soatlik tartibsizlik o‘z zararini yetkazib ulgurdi. Demokratiya ramzi bo‘lgan Milliy majlisga [parlament — tahr.], harbiylarning qo‘lida qurol bilan bostirib kirishi, parlament yordamchilari esa o‘t o‘chirgichlarni tutib, ularga qarshi kurashayotgani aks etgan videolar butun mamlakatni larzaga soldi.

[Yunning] bu qadami uni yanada ko‘proq siyosiy izolyatsiyaga olib kelmoqda: hukmron konservativ «Xalq kuchi» partiyasidagi uning tarafdorlari undan yuz o‘girmoqda, asosiy muxolifat Demokratik partiya esa unga qarshi impichment e’lon qilish tashabbusi bilan chiqdi.

Hankyoreh

Yunning kechki payt harbiy holat e’lon qilishi koreys jamiyatida kuchli shokka sabab bo‘ldi.

Harbiy diktaturaga qarshi kurash va bir vaqtning o‘zida rivojlangan davlatlar qatorida bo‘lish uchun fuqarolik hokimiyati yordamida demokratlashtirish va iqtisodiy o‘sishga o‘tgandan so‘ng Koreya xalqi to‘satdan va syurrealistik ravishda urush holati e’lon qilingan voqelikka qaytdi.

Ko‘pchilik Yunning qarorini irratsional va siyosiy qatlinafs (o‘z joniga qasd qilish) deb hisoblaydi, ba’zilar esa hatto prezidentni «telba» deb atadi. Asosiy savollar javobsiz qolmoqda: nima uchun Yun uch soat ham davom etmagan harbiy holatni e’lon qildi? Bu qarorni qabul qilishdan oldin u kim bilan maslahatlashdi? Nima uchun u bu gapni puxta tayyorgarliksiz aytdi?

Harbiy holat to‘g‘risidagi farmonga rioya qilish uchun politsiya ham, harbiylar ham safarbar qilindi, bu esa Konstitutsiya va qonunni ochiqdan ochiq buzish edi. [Mudofaa vaziri] Kim Yon Xyon va ichki ishlar vaziri Li San Min, Yunning maktab partasidan boshlab ikki sodiq tarafdori, ehtimol, harbiy holat e’lon qilishda ishtirok etgan va muqarrar ravishda impichment hamda tergov jarayoniga duch kelishlari kutilmoqda.

The Chosun Daily

«Prezident Yun Sok Yol tomonidan 3-dekabr kuni kechqurun e’lon qilingan favqulodda harbiy holat atigi ikki yarim soatdan so‘ng bekor qilindi, chunki Milliy majlis shoshilinch yig‘ilishni chaqirdi va uni bekor qilishni talab qiluvchi rezolyutsiya qabul qildi. 45-yil ichida birinchi marta qisqa muddatli harbiy holat joriy etilishi fuqarolarning smartfonlarida real vaqt rejimida amalga oshirildi, video va tasvirlar esa ijtimoiy tarmoqlar va xabar almashish platformalarida tez tarqaldi.

Parlament ichida bo‘lib o‘tgan drama qonun chiqaruvchilar va ommaviy axborot vositalariga tegishli YouTube kanallarida to‘g‘ridan to‘g‘ri efirga uzatildi va jamoatchilikka filtrlanmagan qarashlarni taklif etdi. Politsiya namoyishchilarni parlament hududiga kiritmaslikka harakat qildi, ammo onlayn translyatsiyalar millionlab odamlar xaos sahnalarini real vaqt rejimida ko‘rishini kafolatladi.

Joong Ang Daily

«Prezident Yun Sok Yolning kutilmaganda harbiy holat e’lon qilishi ko‘plab savollarni keltirib chiqardi: nima uchun u shunday qildi va bundan keyin nima bo‘ladi?

Hatto Yunning «Xalq kuchi» partiyasi a’zolari ham bu haqda xabardor qilinmagani… prezidentning demokratik me’yorlar va institutlarga rioya qilishni istamasligining xavotirli belgisidir.

Bor-yo‘g‘i olti soat davom etgan favqulodda harbiy holatning tezda bekor qilinishi ham Yun tavakkal qilishga tayyor emasligini ko‘rsatadi.