Namibiyaning amaldagi vitse-prezidenti, Janubiy-G‘arbiy Afrika Xalq Tashkilotining (Swapo) rahbari Netumbo Nandi-Ndaitva 27-noyabr kuni bo‘lib o‘tgan bahsli saylovlardan so‘ng mamlakatning birinchi ayol prezidenti etib saylandi, deb yozdi BBC.
U fevralda Xage Geyngob saraton kasalligidan vafot etganidan keyin yangi prezident sifatida qasamyod qilgan Nangolo Mbumbaning o‘rnini egallaydi.
Saylov komissiyasining ma’lum qilishicha, u 57 foizdan ortiq ovoz olgan, uning potensial raqibi Panduleni Itula esa 26 foiz ovoz to‘plagan. Saylovda 15 nafar nomzod ishtirok etgan. Birinchi turda g‘alaba qozonish uchun ovozlarning yarmidan ko‘pi va bitta ovoz kerak bo‘lgan.
Logistik muammolar va mamlakatning ba’zi hududlarida ovoz berish uch kunga uzaytirilganidan so‘ng Itula saylov jarayoni «nuqsonli» bo‘lganini aytdi. Uning «O‘zgarish uchun mustaqil vatanparvarlar» (IPC) partiyasi sudda natijalarga e’tiroz bildirishini ta’kidladi.
Aksariyat muxolifat partiyalar poytaxt Vindxukda e’lon qilingan natijalarni boykot qildi. Xabar qilinishicha, chorshanba kuni Vindxuk tinch, bayramlar ham, norozilik namoyishlari ham yo‘q va odamlar normal hayot tarzini davom ettirmoqda.
G‘alabasi e’lon qilinganidan so‘ng, Nandi shunday dedi: «Namibiya xalqi tinchlik va barqarorlik uchun ovoz berdi».
Swapo 1990-yilda mustaqillikka erishganidan beri janubiy Afrikaning katta, ammo aholisi kam bo‘lgan mamlakatida hokimiyatni egallab kelmoqda. Partiya arbobi Nandi-Ndaitva chorak asr davomida yuqori hukumat lavozimida ishlagan ishonchli yetakchi sanaladi. Nandi-Ndaitva 72 yoshda bo‘lib, U SSSRda ta’lim olgan va «Kommunistik yoshlar harakati ishi va amaliyoti» mutaxassisligi bo‘yicha diplomga ega.
Avvalroq Netumbo Nandi-Ndaiva umumiy saylovda g‘alaba qozongan taqdirda, iqtisodiy rivojlanish masalalariga ustuvorlik berishini ma’lum qilgan.