Toshkentning “Paxtakor” futbol klubiga portugaliyalik mutaxassis Pedro Moreyra murabbiy etib tayinlandi. Bu haqda 4-dekabr kuni klubning keyingi rejalariga bag‘ishlangan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.
Yangi bosh murabbiy bilan shartnoma “1+1” sxemasi bo‘yicha — bir yilga, yana bir yilga uzaytirish imkoniyati bilan tuzilgan. Unga to‘rtta assistent yordam beradi.
“Paxtakor” prezidenti Jahongir Ortiqxo‘jayevning aytishicha, 2022-yilning iyun oyidan buyon jamoani boshqargan Maksim Shatskix endi klub raisining maslahatchisi sifatida ishlaydi.
Ortiqxo‘jayevning ta’kidlashicha, Abbosbek Fayzullayev, Aziz Turg‘unboyev, Hojimat Erkinov kabi ko‘plab tajribali futbolchi va yulduzlar jamoani tark etgan va bu mavsumni yosh futbolchilar bilan o‘tkazishga qaror qilingan. Shatskix yosh futbolchilar bilan chempionatda g‘alaba qozonish qiyin bo‘lishi haqida ogohlantirgan, shuning uchun bu mavsumda bunday vazifa qo‘yilmagandi, dedi klub prezidenti.
Uning ta’kidlashicha, klubning boshqa yosh toifalaridagi barcha to‘rtta yoshlar jamoasi O‘zbekiston chempioniga aylangan.
“Biz buning uchun Maksim Shatskixga minnatdorchilik bildiramiz. Shatskix klubdan ketmadi, bu iste’fo emas. U bosh murabbiy lavozimidan ketdi, lekin direktorlar kengashida mening maslahatchim bo‘lib qolmoqda”, — dedi u.
Jahongir Ortiqxo‘jayevning so‘zlariga ko‘ra, yangi murabbiy oldiga chempionlikni qo‘lga kiritish vazifasi qo‘yilgan. Mutaxassisning shartnomasida ish haqini oshkor qilishni taqiqlovchi band ko‘rsatilgan.
“U qanday bo‘lishidan qat’i nazar, halol ishlashi kerak. Uning ishiga hech kim aralashmasligi kerak. Biz uni o‘zbeklashtirib, bir haftadan keyin choyxonadan chiqolmaydigan qilib qo‘ymasligimiz kerak”, — dedi Ortiqxo‘jayev.
U, shuningdek, jamoaning eng yaxshi hujumchisi Dragan Cheran klubni tark etishini e’lon qildi. 37 yoshli serbiyalik futbolchi 2018-yildan buyon “Paxtakor” safida 151 ta o‘yinda maydonga tushib, 99 ta gol urgan.
“Cheranga maslahatim — faoliyatini yakunlab, murabbiylik bilan shug‘ullanish. U 38 yoshda va u bizning talablarimizga javob bermaydi, shuning uchun keyingi mavsum uchun rejalarimizda yo‘q. Cheranning muxlislar bilan vidolashuvi? Muxlis yo‘q-ku, hammasi bo‘lib 500 nafar odam keladimi yo‘qmi?”, — dedi klub prezidenti.
Bundan tashqari, Jahongir Ortiqxo‘jayev kelgusi yil bahorida “Paxtakor” stadionini rekonstruksiya qilish boshlanishini ma’lum qildi. U FIFA standartlariga muvofiqlashtiriladi.
Pedro Moreyra stadion loyihasi unga yoqganini va jamoaga yangi uslub va g‘oyalarni olib kelishni rejalashtirayotganini aytdi.
“G‘oyalarim va falsafam “Paxtakor”ning qarashlariga to‘g‘ri keldi. Biz har bir o‘yinda g‘alaba uchun ishlaymiz. Maqsadimiz — OFK Chempionlar ligasi elitasiga qaytish. Men o‘z g‘oyalarim bilan jamoaga yordam bermoqchiman. Maydonda hamma narsani o‘yinchilar hal qiladi. Albatta, chempionlik uchun kurashamiz”, — dedi yangi bosh murabbiy.
Joriy yilgi O‘zbekiston chempionati 30-noyabr kuni yakunlandi. Uning g‘olibi tarixda ilk bor Qarshi “Nasaf” jamoasi bo‘lib, 26 o‘yinda 52 ochko jamg‘ardi. Ikkinchi o‘rinni OKMK (47), uchinchi o‘rinni “So‘g‘diyona” (43) egalladi. “Paxtakor” shu vaqtgacha ketma-ket beshta chempionlikni qo‘lga kiritgan bo‘lsa-da, bu mavsum oltinchi o‘rinni egalladi (38).
Pedro Moreyra asosan “Portu,” “Braga,” “Shaxtyor Donetsk,” “Roma” kabi klublarda murabbiy Paul Fonsecaning yordamchisi bo‘lib ishlagan. 2022-yildan boshlab u Portugaliya chempionatining ikkinchi ligasida Portugaliyaning “Torrensi” jamoasida mustaqil murabbiylik faoliyatini boshlagan.