Janubiy Koreyada qariyb olti soat oldin joriy qilingan harbiy holat parlament qarori bilan bekor qilinadi. Bu haqda mamlakat prezidenti Yun Sok Yol ma’lum qildi, deya xabar berdi Reuters.

U Vazirlar mahkamasining navbatdagi yig‘ilishida bekor qilinadi, deya qo‘shimcha qildi prezident. Harbiylar Milliy assambleya (parlament) hududidan olib chiqiladi.

3-dekabr oqshomida Yun Sok Yol harbiy holat joriy etilganini e’lon qildi va buni konstitutsiyaviy tuzumni “kommunistik kuchlar"dan himoya qilish zarurati bilan izohladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, u bu choraga mamlakatni inqirozga olib kelmoqchi bo‘lgan muxolifat harakatlari sabab qo‘l urgan.

Bir necha soatdan keyin parlament harbiy holatni bekor qilishga ovoz berdi. Ovoz berishda 300 nafar deputatdan 190 nafari qatnashdi.