155 daqiqa — seshanba kuni kechqurun Koreya Respublikasi prezidenti Yun Sok Yol tomonidan harbiy holat e’lon qilinishi va Milliy Assambleya (parlament) tomonidan uni bekor qilish uchun ovoz berish o‘rtasida xuddi shuncha vaqt o‘tdi.
Seulda harbiy holat e’lon qilingandan so‘ng, sovuq bo‘lishiga qaramay, odamlar, asosan, prezidentning iste’fosini talab qilib, parlament oldida yig‘ila boshladi. Ular binoga maxsus kuchlarni kiritmaslikka harakat qildi. Maxsus kuchlar binoga kirdi, ammo deputatlarga o‘z faoliyatini amalga oshirishga to‘sqinlik qilmadi.
Ovoz berishdan ko‘p o‘tmay, prezident ertalab harbiy holatni bekor qilgan hukumat yig‘ilishini chaqirdi. Keyin butun prezident apparatini iste’foga chiqardi. Ushbu maqola yozilayotgan paytda parlamentga prezident impichmenti to‘g‘risidagi qonun loyihasi kiritilgan edi. Ovoz berish 6−7-dekabr kunlari bo‘lib o‘tadi.
Davlat rahbarining konstitutsiyaviy tartibni “Shimoliy Koreya kommunistik kuchlari”dan himoya qilish bahonasida qabul qilgan kutilmagan qarori millatni hayratda qoldirdi va u qonuniy qabul qilinganmi yoki yo‘qmi degan ko‘plab savollarni keltirib chiqardi. So‘nggi marta harbiy holat 1979-yilda — Koreya “iqtisodiy mo‘’jizasi” me’morlaridan biri va ommaviy qatag‘onlar o‘tkazilgan diktator, o‘sha paytdagi prezident Pak Chonxi o‘ldirilganidan keyin e’lon qilingan.
Ma’lumotlarni nazorat qilish mumkin bo‘lgan 45 yil oldingi voqealardan farqli o‘laroq, hozirgi voqealar real vaqt rejimida yoritildi, deb yozadi Yonhap agentligi. Nafaqat jurnalistlar, balki yuzlab odamlar parlament oldidagi maydondan to‘g‘ridan-to‘g‘ri translyatsiyalarni olib bordi, siyosatchilar esa oddiy fuqarolar kirishi qiyin bo‘lgan binoning ichkarisidan eshittirishlarni namoyish etdi. Butun Seul bo‘ylab o‘rnatilgan ko‘cha kuzatuv kameralari uzluksiz efirga uzatishni davom ettirdi.
“Aynan jamoatchilik tunda sodir bo‘lgan voqealarni diqqat bilan kuzatgani, tahlilchilarning fikriga ko‘ra, harbiy holat jiddiy mojarolarsiz bekor qilinishiga yordam berdi”, — deb yozadi agentlik.
“Harbiy holat to‘g‘risidagi qaror qanchalik puxta tayyorlangani haqida ko‘plab savollar mavjud, ammo vaziyatning tezda hal etilgani voqealarni butun millat kuzatgani bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin”, — dedi Seul milliy universiteti sotsiologiya professori Kim Bek-Yon.
O‘zbekistonning Seuldagi elchixonasi bir kun avval vatandoshlarni “shakllanayotgan ichki siyosiy vaziyatni hisobga olgan holda” ehtiyot bo‘lishga, odamlar gavjum joylarga bormaslikka, turli miting va namoyishlarda qatnashmaslikka chaqirgandi.
Hozir Koreya Respublikasi poytaxtida vaziyat tinch. Parlament binosi oldida namoyish davom etmoqda. Odamlar prezidentni iste’foga chiqishga chaqiruvchi plakatlarni ushlab turibdi. Politsiya namoyishchilarga xalaqit bermasdan tartibni saqlamoqda, deydi shahardagi “Gazeta.uz” suhbatdoshlari. Shu bilan birga, shaharda prezidentni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan namoyishlar ham bo‘lib o‘tmoqda. Quyida Seuldan olingan suratlarni e’lon qilamiz.
Suratlar