O‘zbekistonda termitlar yoki boshqa hasharotlar tufayli vayron bo‘lgan uylar aholisi davlat uy-joy fondidan yangi uy-joy oladi. Bu Vazirlar Mahkamasining 4-noyabrdagi qarorida nazarda tutilgan.
Hukumat termitlar va boshqa hasharotlar tomonidan zararlangan uy-joylarni aniqlash va yashash uchun yaroqsiz deb topish bo‘yicha davlat xizmatining ma’muriy reglamentini tasdiqladi.
Reglament bunday hollarda aholini yangi uy-joy bilan ta’minlash uchun huquqiy asos yaratadi.
2025-yil 1-yanvardan boshlab tuman (shahar) hokimliklari tomonidan tashkil etiladigan termitlar va boshqa hasharotlar tomonidan zararlangan uy-joylarni aniqlash bo‘yicha komissiyalar tomonidan davlat xizmatlari markazlari va Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YAIDXP) orqali davlat xizmati ko‘rsatilishi rejalashtirilgan edi. YAIDXP xizmatning ishga tushirilishini 29-noyabr kuni e’lon qildi.
Ushbu xizmat yordamida my.gov.uz portalida turar joy holatini bepul baholash va tegishli xulosa olish mumkin.
“Jismoniy shaxslar o‘zlari yashab turgan uy-joylarga nisbatan mulk huquqi mavjud yoki mavjud emasligidan qat’i nazar, davlat xizmatidan foydalanishi mumkin. Komissiya xulosasi bo‘yicha turar joy yashash uchun yaroqsiz deb topilsa, davlat uy-joyini berish uchun asos bo‘ladi”, — deyiladi xabarda.
Ariza beruvchidan davlat xizmatlari markazlariga murojaat qilishda tasdiqlangandan keyin 10 daqiqa ichida komissiyaga elektron shaklda beriladigan anketadan tashqari qo‘shimcha hujjatlar yoki ma’lumotlar talab qilinmaydi.
YAIDXP orqali arizada shahar, tuman, uyning kadastr raqami va telefon raqamini ko‘rsatish, shuningdek, ushbu masala bo‘yicha ilgari murojaat bo‘lgan-bo‘lmaganligi haqidagi savolga javob berish zarur. So‘rovnoma avtomatik ravishda komissiyaga yuboriladi.
Davlat xizmatini ko‘rsatishni rad etish uchun quyidagilar asos bo‘ladi:
- so‘rovnomada noto‘g‘ri yoki xato ma’lumotlar ko‘rsatilganda;
- ariza beruvchi tomonidan Komissiyaga uy-joyni ko‘zdan kechirish uchun imkon berilmaganda yoki ko‘zdan kechirishga to‘sqinlik qilinganda;
- uy-joyning termitlar va boshqa hashoratlardan zararlangan bo‘lishiga qaramay, uning texnik holati yashash imkonini berganda;
- uy-joyda termitlar va boshqa hashoratlardan zararlanish holatlari aniqlanmaganda.
Davlat xizmatini boshqa asoslarga ko‘ra rad qilish taqiqlanadi.
Komissiya yetti ish kuni davomida so‘rovnomani ko‘rib chiqib, uy-joy joylashgan hududga chiqqan holda quyidagilarni aniqlaydi:
- uy-joyning termitlar va boshqa hashoratlardan zararlanganlik darajasini;
- uy-joyning termitlar va boshqa hashoratlardan zararlanganligi natijasida uy-joyning texnik holatini;
- uy-joyning termitlar va boshqa hashoratlardan zararlanganligi natijasida uy-joyda yashash imkoniyati mavjudligini;
- uy-joyning termitlar va boshqa hashoratlardan zararlanganligi natijasida uy-joyni yaroqsiz holatga kelganligini.
O‘rganish natijasida komissiya tomonidan uy-joyning termitlar va boshqa hashoratlardan zararlanganligi natijasida yaroqsiz holatga kelganligini tasdiqlash yoki rad etish QR-kod (matrik shtrixli kod) qo‘yilgan holda rasmiylashtirilgan xulosa Davlat xizmatlari markaziga (shaxsan kelib murojaat etgan taqdirda) yoki YAIDXP orqali ariza beruvchiga (elektron tarzda murojaat etgan taqdirda) yuboriladi.
Bunda o‘rganish natijasida uy-joyning yaroqsiz holatga kelganligi tasdiqlansa, xabarnoma qo‘shimcha ravishda tegishlicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga uy-joyni yashashga mo‘ljallanmagan joylar toifasiga o‘tkazish hamda uy-joy fondidan chiqarish masalasini ko‘rib chiqish uchun yuboriladi.
Hokimlarning uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish va obodonlashtirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari komissiya raislari hisoblanadi.
Hukumat qarori bilan Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligiga bir oy muddatda Sog‘liqni saqlash vazirligi va Fanlar akademiyasi bilan birgalikda termitlar va boshqa hasharotlar tomonidan zararlangan uy-joylarni yashash uchun yaroqsiz deb topish uchun texnik talablarni ishlab chiqish topshirildi. Ikki oy muddatda normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu hujjatga muvofiqlashtirish zarur.
Termitlar yog‘och va tarkibida sellyuloza bo‘lgan boshqa materiallar bilan oziqlanadigan hasharotlar bo‘lib, ular inshootlar va inson mulki uchun jiddiy xavf tug‘diradi. Ular to‘sinlar, pollar, devorlar, tomlar va boshqa yog‘och elementlarni yemiradi.
2022-yil aprel oyida Zoologiya instituti direktori Baxtiyor Xolmatov termitlar YUNESKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan “Ichan-Qal’a” tarixiy-me’moriy majmuasidagi 33 ta tarixiy yodgorlikning o‘ymakor yog‘och elementlariga jiddiy zarar yetkazgani haqida xabar bergan edi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, global iqlim o‘zgarishi, haroratning ko‘tarilishi va antropogen omillar natijasida termitlar tabiiy yashash joylaridan ko‘chib ketmoqda va aholi punktlaridagi yog‘och inshootlarga jiddiy zarar yetkazmoqda. Dunyoda termitlarning 3000 ga yaqin turi mavjud bo‘lib, ulardan ikkitasi O‘zbekistonda uchraydi — bu Turkiston termitlari Anacanthothermes termestanicus Jacobs va katta Kaspiy orti termitlari Anacanthothermes angerianus Jacobs. Ular mamlakatning deyarli barcha hududlarida keng tarqalgan.
Zoologiya instituti ma’lumotlariga ko‘ra, 2022-yilda aholi punktlarida termitlar tomonidan zarar yetkazilgan deyarli 19 ming holat, ijtimoiy soha obyektlarida — 98 holat, strategik ahamiyatga ega obyektlarda — 15 holat qayd etilgan. O‘zbekistonda 1082 gektar dala va dasht zonalari, qabristonlar va boshqa ochiq maydonlarda hasharotlarning ushbu turi bilan zararlangan.