Vazirlar Mahkamasi 27-noyabr kuni “Respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda davlat tashkilotlarining aloqa markazlari faoliyatini yanada samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni qabul qilindi.
Hujjat bilan Respublika va mahalliy ijro hokimiyati organlari, shuningdek, davlat tashkilotlari aloqa markazlarining texnik faoliyatini nazorat qilish va baholash tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. Unda quyidagi tartiblar nazarda tutilgan:
“O‘zkomnazorat” inspeksiyasi tomonidan “Raqamli nazorat” kompleks axborot tizimi orqali aloqa markazlarining texnik faoliyatini nazorat qilish va baholash;
respublika va mahalliy ijro hokimiyati organlari hamda davlat tashkilotlari aloqa markazlari reyestrini yuritish.
Nizomga ko‘ra, aloqa markazi — jismoniy va yuridik shaxslarning telefon murojaatlarini qabul qilish va ularga munosabat bildirish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatuvchi va buning uchun zarur tashkiliy, texnik va boshqa resurslarga (ishonch telefonlari, call-markazlar, dispetcherlik markazlari) ega bo‘lgan tashkilot yoki bo‘linmadir.
Aloqa markazlari quyidagicha baholanadi:
- 71 balldan 100 ballgacha — “a’lo” baho (“yashil” toifa);
- 55 balldan 70 ballgacha — “yaxshi” baho (“sariq” toifa);
- 54 ballgacha — “qoniqarsiz” baho (qizil toifa).
Respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda davlat tashkilotlari aloqa markazlarining texnik faoliyatini baholash natijalariga ko‘ra quyidagilar amalga oshiriladi:
“yashil” toifadagi aloqa markazlari bo‘yicha:
- “O‘zkomnazorat” inspeksiyasi tomonidan aloqa markazlarining texnik faoliyatini yanada yaxshilash bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqiladi (baholash natijasi maksimal bo‘lgan aloqa markazlari bundan mustasno);
- respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda davlat tashkilotlari “O‘zkomnazorat” inspeksiyasi tomonidan taqdim etilgan tavsiyalarga muvofiq aloqa markazlarining texnik faoliyatini yanada yaxshilash choralari ko‘riladi;
“sariq” toifadagi aloqa markazlari bo‘yicha:
- “O‘zkomnazorat” inspeksiyasi tomonidan aloqa markazlarining texnik faoliyatini yaxshilash bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqiladi;
- respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda davlat tashkilotlari tomonidan “O‘zkomnazorat” inspeksiyasi tavsiyalari asosida “O‘zkomnazorat” inspeksiyasi bilan birgalikda aloqa markazlarining texnik faoliyatini yaxshilash bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqiladi va amalga oshirilishi ta’minlanadi;
“qizil” toifadagi aloqa markazlari bo‘yicha:
- “O‘zkomnazorat” inspeksiyasi tomonidan aloqa markazlari faoliyatida yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklarni o‘rganish ishlari o‘tkaziladi va ularni bartaraf etish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqiladi;
- respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda davlat tashkilotlari tomonidan “O‘zkomnazorat” inspeksiyasi tavsiyalari asosida inspeksiya bilan birgalikda aloqa markazlari texnik faoliyatini yaxshilash bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqiladi va amalga oshirilishi ta’minlanadi;
- respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda davlat tashkilotlari aloqa markazlarining texnik faoliyatini yaxshilash bo‘yicha chora-tadbirlar dasturining ijrosi ular tomonidan ta’minlanmagan taqdirda, “O‘zkomnazorat” inspeksiyasi respublika va mahalliy ijro etuvchi Hokimiyat organlari hamda davlat tashkilotlariga ularni bartaraf etish muddatlari belgilangan holda qonunchilik hujjatlariga muvofiq ko‘rsatma beradi;
- “O‘zkomnazorat” inspeksiyasi tomonidan aniqlangan qoidabuzarliklarni bartaraf etish to‘g‘risida berilgan ko‘rsatma respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda davlat tashkilotlari tomonidan ijrosi ta’minlanmagan taqdirda, “O‘zkomnazorat” inspeksiyasi qonunchilik hujjatlariga muvofiq bajarilishi majburiy bo‘lgan taqdimnoma kiritadi;
- “O‘zkomnazorat” inspeksiyasining ko‘rsatmalari hamda bajarilishi majburiy bo‘lgan taqdimnomalarini bajarmaslik, shu jumladan, o‘z vaqtida yoki to‘liq yoxud belgilangan muddatlarda bajarmagan respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda davlat tashkilotlarining mansabdor shaxslarga nisbatan “O‘zkomnazorat” inspeksiyasi tomonidan qonunchilikda belgilangan tartibda choralar ko‘riladi.
Inspeksiya 2024-yil 10-dekabrga qadar respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda davlat tashkilotlarining aloqa markazlari reyestrini shakllantirsin hamda uning muntazam ravishda yuritilishini ta’minlab boradi.
2025-yildan boshlab har yili ikki marotaba (15-fevralga va 15-avgustga qadar) manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda davlat tashkilotlarining aloqa markazlarini xatlovdan o‘tkazish choralarini ko‘rib boriladi.
Raqamli texnologiyalar vazirligi O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi hamda manfaatdor vazirlik Va idoralar bilan birgalikda 2025-yil 1-martga qadar respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda davlat tashkilotlarining aloqa markazlari faoliyatini xalqaro standartlarga muvofiq yanada samarali tashkil qilish maqsadida aloqa markazlari faoliyatini texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi tegishli normativ hujjatni ishlab chiqib, tasdiqlaydi.