Navoiy viloyatining Xatirchi tumanida 200 mln so‘m imtiyozli kreditni talon-toroj qilgan hokim yordamchisi aniqlandi, deya xabar bermoqda O‘zA.
Ma’lum bo‘lishicha, tumandagi mahalla fuqarolar yig‘inlaridan birining muqaddam sudlangan hokim yordamchisi sovun mahsuloti ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi MCHJ rahbari bilan kelishib, mazkur korxona va tumandagi xususiy o‘quv markazi nomiga 200 mln so‘m imtiyozli kredit ajratilishiga erishgan.
Lekin ular pul mablag‘larini o‘ziga tegishli xususiy korxona hisob raqamiga o‘tkazish orqali talon-toroj qilishgan. Hozirda hokim yordamchisiga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Eslatib o‘tamiz, avval ham Navoiy shahrida ro‘yxatdan o‘tgan kompaniya rahbari mahallalardan birida Xatirchi tumanidagi hokim yordamchisining taqdimnomasiga asosan bir fuqaroga bankdan 100 mln so‘m imtiyozli kredit ajratib berishni va’da qilib, 20 mln so‘m olayotgan vaqtida qo‘lga olingan. Muqaddam sudlangan hokim yordamchisi o‘z “xizmati” uchun 10 mln so‘m hamda Xatirchi tumanidagi bank mutaxassisi tegishli hujjatlarni tayyorlab, kredit mablag‘i ajratib berish evaziga 2 mln so‘m olgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasining Ellikqal’a tumanida hokim yordamchisi 33 kishiga 1 mlrd 88 mln so‘m imtiyozli kredit ajratishga erishib, ularni o‘zlashtirgani aytilgandi. Buxoro viloyatining G‘ijduvon tumanida ham hokim yordamchisi 26 kishiga chiqarilgan 821 mln so‘m kreditni talon-toroj qildi. Qashqadaryo viloyatida kuzatilgan holatda esa Shahrisabz shahridagi hokim yordamchisi kompaniyalar rahbarlari bilan birga fuqarolar nomiga 1 mlrd 173 mln 600 ming so‘m kredit rasmiylashtirib, ularni o‘zlashtirdi.