Armaniston o‘zini Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (KXSHT)dan tashqarida deb hisoblaydi, mamlakatning tashkilotga qaytishi mumkin emas, dedi Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan 4-dekabr kuni parlamentdagi nutqida, deb xabar berdi Armenpress.
“[Noyabr oyida Qozog‘istonda bo‘lib o‘tgan KXSHT sammitida qabul qilingan] hujjatlarga kelsak, biz KXSHT ishidagi ishtirokimizni muzlatib qo‘yganimizni bildirdik, ya’ni biz hujjatlarni ishlab chiqishda ham, muhokamalarda ham ishtirok etmaymiz, hech qanday taklif kiritmaymiz, veto ham qo‘ymaymiz. Aslida, biz allaqachon o‘zimizni KXSHTdan tashqarida deb hisoblaymiz. Ular nimani xohlashsa, shuni qilishsin. Biz ularning ishlariga aralashmaymiz va bu yerda bizning de-yure veto huquqiga ega ekanimizni da’vo qilmaymiz. Bularning hammasi hamkasblarimizga hurmatni [saqlagan holda aytilmoqda]”, — dedi Armaniston bosh vaziri.
Pashinyanning so‘zlariga ko‘ra, Armaniston va Rossiyaning KXSHTdagi vaziyatni qanday qabul qilishidagi farq Armanistonning tashkilotga qaytishini “tobora qiyinlashtiradi, hatto imkonsiz ham qiladi”. “O‘ylaymanki, biz bu masalada ortga qaytmas nuqtani bosib o‘tdik”, — dedi u.
Shuningdek, Pashinyan YEOII sammitini respublikada o‘tkazishni maqsadga muvofiq emas deb hisoblashini aytdi, deb yozadi Interfaks. Avvalroq Rossiya prezidenti yordamchisi Yuriy Ushakov jurnalistlarga Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashining yig‘ilishi YEOIIga raislik qilayotgan Armanistonning iltimosiga binoan Rossiya hududida — Sankt-Peterburgda — 25-dekabr kuni o‘tkazilishini ma’lum qilgandi.
Rossiya prezidenti Vladimir Putin noyabr oyida bo‘lib o‘tgan KXSHT sammiti yakunida Armaniston tashkilotda to‘liq formatda ishlashga qaytishi mumkinligini aytgan, chunki mamlakat undan chiqmagan, balki “pauza olgan”.
Nikol Pashinyan fevral oyida Armaniston KXSHTdagi ishtirokini “muzlatib qo‘yganini” va may oyida mamlakat tashkilotni moliyalashtirishni to‘xtatganini aytgandi. Pashinyan KXSHTga a’zo ikki davlat 2020-yilda Tog‘li Qorabog‘da Ozarbayjon bilan urushga tayyorgarlik ko‘rishda ishtirok etganini aytdi. Pashinyan bu mamlakatlarni tilga olmadi, lekin Aleksandr Lukashenkoni “urushga tayyorgarlik ko‘rishda ishtirok etgan, Ozarbayjonni rag‘batlantirgan, unga ishongan va g‘alaba tilagan"likda ochiqchasiga aybladi.
Pashinyan 4-dekabr kuni parlamentda so‘zlagan nutqida 2021 va 2022-yillarda “Armanistonga qarshi hududiy da’volar bo‘lganida” ittifoqchilar Armanistonga yordamga kelmaganini ta’kidladi. Uning aytishicha, Armaniston yordam so‘rab ittifoqchilarga murojaat qilgan, ular esa Armaniston chegaralari “qizil chiziq” bo‘lgani uchun hududiy da’volar mumkin emasligini aytgan. “Biz ittifoqchilarimizga ularning ko‘rsatilgan „qizil chizig‘i“ kesib o‘tilganini aytdik, ular esa chegaralar delimitatsiya qilinmagan ko‘rinadi, deb javob berishdi”, — deya qo‘shimcha qildi Pashinyan.
Ma’lumot o‘rnida, avval ittifoqchi sifatida ko‘rilgan Rossiya va Armaniston munosabatlari 2023-yilda sezilarli darajada sovuqlashdi. Armaniston KXSHTning bir nechta tadbirlarida, jumladan, ikki mashg‘uloti va noyabr oyida Minskda bo‘lib o‘tgan tashkilot sammitida ishtirok etmadi.
Moskva tomoni Armanistonni Vladimir Putinni hibsga olishga order bergan Xalqaro jinoiy sudning Rim statutini ratifikatsiya qilgani va AQSH bilan harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazgani uchun tanqid qildi. Yerevan tomoni esa Rossiya Armanistonga Tog‘li Qorabog‘ mojarosida yetarlicha yordam bermaganini ta’kidladi.
Armaniston Xalqaro jinoiy sudning Rim statutini ratifikatsiya qilganidan keyin Rossiya Davlat dumasi Armaniston haydovchilik guvohnomalarini mamlakat hududida tan olinishi noma’lum muddatga qoldirgandi.