Iqlim o‘zgarishlarining salbiy ta’siri va an’anaviy energiya manbalari taqchilligi yaqqol sezilayotgan hozirgi sharoitda tinch atom hayot sifatini oshirish va milliy taraqqiyot strategiyalarini amalga oshirishda muhim muqobil yechim hisoblanadi.
Bu haqda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Samarqandda bo‘lib o‘tayotgan ««Islom hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlarning barqaror rivojlanishi uchun atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanish istiqbollari: xalqaro va milliy tajriba» xalqaro konferensiyasi ishtirokchilariga yo‘llagan murojaatida ta’kidladi.
Davlat rahbarining murojaatini uning matbuot kotibi Sherzod Asadov o‘qib eshittirdi. Forumda Xalqaro atom energiyasi agentligi (MAGATE) bosh direktori Rafael Grossi ham ishtirok etdi.
Prezident o‘tgan yili Dubay shahrida o‘tkazilgan COP28 Iqlim sammitida ko‘plab mamlakatlar yetakchilarining atrof-muhitga uglevodorod energetikasi manbalari salbiy ta’sirini keskin kamaytirish maqsadida 2050-yilga qadar atom elektr energetikasi quvvatlarini uch barobarga oshirish bo‘yicha erishgan muhim kelishuvlari bejiz emasligini ta’kidladi.
«Mamlakatni ishonchli, xavfsiz, iqtisodiy samarador va ekologik toza energiya manbalari bilan ta’minlash — Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarda ustuvor yo‘nalishlardan biri sifatida yetakchi o‘rin egallab kelmoqda», — dedi prezident.
Sohaning huquqiy-institutsional asosini mustahkamlash uchun Milliy agentlik tashkil etildi, Atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanish haqidagi qonun, Atom energiyasini rivojlantirish bo‘yicha uzoq muddatli konsepsiya, kadrlar salohiyatini mustahkamlashga qaratilgan strategiya qabul qilindi. Soha uchun yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash tizimi joriy etildi.
«Yurtimiz jahonda birinchilardan bo‘lib, xalqaro talab va standartlarga muvofiq, kichik quvvatli atom elektr stansiyalarini barpo etishga kirishdi. Biz ushbu loyihalarni, bundan tashqari, sog‘liqni saqlash va qator ilmiy dasturlarni muvaffaqiyatli amalga oshirishda MAGATEni o‘zimiz uchun muhim sherik deb bilamiz», deya ta’kidladi davlat rahbari.
Hech shubhasiz, atom energiyasi bo‘yicha ilg‘or texnologiyalarning joriy etilishi mamlakatimiz taraqqiyotiga kuchli turtki beradi hamda yangi ilmiy-texnologik ishlanmalar va innovatsion iqtisodiyotga o‘tish uchun imkon yaratadi, deya qo‘shimcha qildi u.
Keltirilishicha, konferensiya kun tartibiga sohadagi faoliyatni MAGATE bilan muvofiqlashtirgan holda AESlar barpo etish, ularning xavfsizligini ta’minlash, yadro texnologiyalarini rivojlantirishning ekologik jihatlari kabi o‘ta dolzarb masalalar kiritilgan. Shuningdek, innovatsiyalar, yadroviy tibbiyot, sohada ta’limni rivojlantirish va malakali kadrlar tayyorlash masalalariga ham alohida e’tibor qaratiladi.
«O‘zbekiston barcha xorijiy hamkorlar bilan ushbu ustuvor yo‘nalishda yaqin hamkorlik qilishga doim tayyor», — deya tabrik yo‘lladi prezident.