Shavkat Mirziyoyev 5-dekabr kuni avtomobil sanoatida 2025-yilga belgilangan ustuvor vazifalarga oid taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda davlat rahbarining matbuot xizmati xabar berdi.
Shavkat Mirziyoyev avtomobil sanoatidagi masalalarni o‘tgan oyda muhokama qilib, mutasaddilarga rejalarni tanqidiy ko‘rib chiqish topshirgandi. Bu galgi taqdimotda takomillashtirilgan chora-tadbirlar bayon qilindi.
Keltirilishicha, hozir yiliga 400 mingdan ziyod avtomobil sotilayotgan bo‘lsa, aholi jon boshiga daromad oshayotgani bois bu tendensiya keyingi yillarda ham saqlanib qoladi. Bundan foydalanib, talabga yarasha mahsulot ishlab chiqariladi.
Qolaversa, O‘zbekiston Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishi kutilayotgan davrda bozorda mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun raqobat kuchayishi hisobiga sifat ustida ishlash, mahalliylashtirish darajasini oshirish zarurligi ta’kidlandi.
Xususan, 2025-yilda BYD avtomobillarining 60 ta detalini mahalliylashtirish hisobiga elektromobil tannarxini pasaytirish mumkin. Shu bois Mahalliylashtirishga ko‘maklashish markazi imkoniyatlarini ishga solib, hududiy korxonalar bilan kooperatsiya hajmini 2 karra oshirish vazifasi qo‘yildi.
“Yana bir muhim masala — eksport. So‘nggi yillarda qo‘shni davlatlarda ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgani natijasida 40 mingdan ortiq avtokomplekt sotilgan. Kelgusi yil eksportni 700 million dollardan oshirish maqsad qilingan. Shu bilan birga, Samarqanddagi avtobus va yuk transporti korxonalarini ham tashqi bozorlarga olib chiqish kerak”, deya ta’kidladi prezident.
Davlat rahbari tarmoqda zamon talablariga moslashib, ishlab chiqarishni barqaror qilish, marketing va sifat bo‘yicha har kuni izlanish zarurligini aytdi.
Taqdimotda Markaziy bank raisining o‘rinbosari Abrorxo‘ja Turdaliyev va bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xodjayev ishtirok etdi.
Avvalroq, KPMG Uzbekistan kompaniyasi avtobozor tahlili va avtomobil narxini belgilovchi omillarni taqdim etgandi. Tadqiqotda bojlar “inomarka”lar narxining 70% va undan ko‘prog‘ini tashkil etayotgan bo‘lishi mumkinligi ta’kidlangan. Bozor rivojlanishidagi to‘siqlar murakkab sertifikatlash talablari va yonilg‘i bilan bog‘liq muammolarni ham o‘z ichiga oladi.
Markaziy bank o‘z sharhida yanvar-iyun oylarida O‘zbekistonda avtomobillar narxlarining o‘sish sur’ati pasayganini va sotuvlar kamayganini ta’kidladi. Bu avtokreditlar stavkalarining o‘sishi, shuningdek, bunday kreditlar berilishining 2,1 baravar kamayishi fonida yuz berdi. Bozorda faollikning pasayishi, shuningdek, avtoulovni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun to‘lovlarning oshishi bilan bog‘liq.