Binance birjasida bitkoin kursi 5-dekabrga o‘tar kechasi 100 ming dollardan oshdi.
Undagi ma’lumotlarga ko‘ra, keyinchalik kriptovalyuta o‘sishda davom etdi va ertalab 104 ming dollardan ham oshib ketdi. Ayni vaqtda uning bahosi 102 ming atrofida bo‘lib turibdi.
BlackRock investitsiya kompaniyasi kriptovalyutalarga himoya aktivi sifatida qiziqish ortganini qayd etdi.
Bir qator boshqa kriptovalyutalar narxi ham yuqoriladi. Masalan, Ethereum bir kunda 4,8 foizga oshdi va bahordan beri birinchi marta 3850 dollarga yetdi. Dogecoin har bir token uchun 45 sentga ko‘tarildi — bu bir kun oldingiga nisbatan deyarli 10 foizga qimmat.
Shu bilan birga, Solana kriptovalyutasi 1,4 foizga arzonlashdi va hozirda 235 dollardan sotilmoqda. Toncoin 6,84 dollardan sotilmoqda, u 4 foizga pasaygan, XRP esa deyarli 11 foizga tushib ketdi.
Eslatib o‘tamiz, Donald Tramp AQSH prezidenti etib saylangach, bitkoin kursi ko‘tarila boshlagan. 5-noyabr kuni Trampning saylovdagi g‘alabasi ma’lum bo‘lgach, bitkoin narxi 50 foizdan oshgan. Tramp o‘zining saylov kampaniyasi davomida AQSHni «sayyoraning kripto poytaxtiga» aylantirishga va’da bergandi.
10-noyabr kuni esa bitkoin kursi tarixda ilk bor 80 ming dollardan yuqorilagan.