Oliy Majlis Qonunchilik palatasi 3-dekabr kuni bo‘lib o‘tgan majlisda 2024-yil uchun davlat budjeti to‘g‘risidagi qonunga davlat xarajatlarini ko‘paytirishni nazarda tutuvchi tuzatishlarni birdaniga uch o‘qishda ma’qulladi. “Gazeta.uz” jarayonni kuzatdi. Hujjat Senatga yuborildi.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi an’anaviy ravishda yil davomida xarajatlarni ko‘paytirishga ruxsat so‘rab parlamentga murojaat qilmadi, u yoki bu xarajatlarning zarurligi to‘g‘risida deputatlarga hisobot bermadi, yil oxiriga kelib tuzatishlar kiritish bo‘yicha qonun loyihasini kiritgan. Misol uchun: Qozog‘istonda hukumat 10 marta budjetni o‘zgartirdi va har safar tuzatishlar parlament orqali o‘tdi, deputatlar esa rejalashtirilgan xarajatlar haqida tushuntirish oldi.

Tuzatishlarni ko‘rib chiqish Qonunchilik palatasida 9 daqiqa davom etdi (Bu jarayon 2023-yilda taxminan 20 daqiqa, 2022-yilda 30 daqiqa davom etgan). Shu bilan birga, iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Ahadbek Haydarovning nutqi 5 daqiqa davom etdi.

So‘ngra yangi chaqiriq deputatlari hujjatni savollarsiz va muhokamalarsiz birdaniga uch o‘qishda qabul qildilar. O‘tgan yillarda ba’zi parlament a’zolari savollar berishgan.

Uch o‘qishda ovoz berish natijalari.

Birorta ham deputat qarshi ovoz bermadi. Hukumat ham, deputatlar ham davlat xarajatlarini oshirish zarurligini ochiqchasiga asoslab berishmadi. Spiker Nuriddin Ismoilovning ma’lum qilishicha, qonun loyihalari qo‘mita va fraksiyalarda muhokama qilingan, biroq ushbu majlislar jamoatchilik uchun efirga uzatilmayapti (Qonunchilik palatasining yalpi majlislaridagi ayrim translyatsiyalar hatto o‘chirib tashlanmoqda), jurnalistlar esa so‘rovlarga qaramay, ularga taklif etilmayapti.

O‘zgarishlarga ko‘ra, vazirliklar, qo‘mitalar, agentliklar va boshqa davlat organlarining xarajatlari qo‘shimcha ravishda 9,98 trln so‘mga (yoki 775,8 mln AQSh dollari) — 255,4 trln so‘mdan 265,4 trln so‘mga oshiriladi.

Budjet tashkilotlarining ayrim xizmat turlari bo‘yicha ish haqi, pensiya va nafaqalar hamda tariflarni oshirish bilan bog‘liq xarajatlarga qo‘shimcha ravishda 2,43 trln so‘m (jami 11,98 trln so‘m) ajratildi.

Ahadbek Haydarovning ta’kidlashicha, davlat xarajatlarining oshishiga quyidagilar sabab bo‘lgan:

  • Ta’lim kreditlarini moliyalashtirish jamg‘armasiga 841 mlrd so‘m transfertlar;
  • Ijtimoiy himoya yagona reEstriga kiritilgan allergik va ikkilamchi immunitet tanqisligi kasalliklarini davolash uchun ingalyatsion preparatlarni bepul taqsimlash — 30 mlrd so‘m;
  • madaniyat va san’atni rivojlantirish, moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, shuningdek, Madaniyat vazirligining markaziy apparati va hududiy bo‘linmalarini moddiy rag‘batlantirish uchun — 100 mlrd so‘m;
  • isitish mavsumida ehtiyojmand oilalarga bir martalik yordam to‘lovlari va elektr energiyasi va gaz narxlarining bazaviy me’yoridan oshganligi o‘rtasidagi farqning o‘rnini qoplash — 592 mlrd so‘m;
  • mahallalardagi eng dolzarb infratuzilma masalalarini hal etish — 1,344 mlrd so‘m.

Uning so‘zlariga ko‘ra, yil yakuniga qadar budjet tashkilotlarida bo‘sh lavozimlar va samarasiz yoki bir-birini takrorlovchi shtat birliklarini qisqartirish hisobiga 1 trln so‘m miqdoridagi xarajatlarni optimallashtirish rejalashtirilgan. Oktabr oyi oxirida prezident vazirlik va idoralarning boshqaruv va ishlab chiqarish xodimlari shtatini 5,2 foizga qisqartirgandi.

Kam ta’minlangan oilalarni belgilovchi mezonlarni qayta ko‘rib chiqish, bolalar nafaqalari va moddiy yordamni ijtimoiy adolat tamoyillari asosida qayta taqsimlash hisobiga 2 trln so‘m iqtisod qilinishi kutilmoqda.

Shuningdek, joriy yilda vazirlik va idoralarga rivojlantirish uchun ajratilgan mablag‘lardan 1,7 trln so‘m iqtisod qilish rejalashtirilgan.

Maqsadli davlat jamg‘armalarining yil boshidagi qoldiq mablag‘lari va daromadlar prognozini oshirish hisobiga respublika budjetidan ayrim jamg‘armalarga 260 mlrd so‘mga yaqin transfertlarni optimallashtirish mo‘ljallanmoqda.

Tejalgan 4,1 trln so‘m mablag‘ni yuqoridagi yo‘nalishlar bo‘yicha qo‘shimcha xarajatlarga qayta taqsimlash rejalashtirilgan.

Vazirlar Mahkamasining 14-martdagi qaroriga muvofiq (ochiq foydalanish uchun mavjud emas) ijtimoiy ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi doirasida bolalar bog‘chalari va maktablarni qurish va ta’mirlash uchun mahalliy budjetlarda nazarda tutilgan 4,373 mlrd so‘m mablag‘lar respublika budjetiga o‘tkazildi.

Bundan tashqari, maqsadli davlat jamg‘armalari va Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi (TTJ, mamlakatning suveren jamg‘armasi) ko‘rsatkichlariga aniqlik kiritilmoqda.

Maqsadli davlat jamg‘armalari mablag‘larining yil boshidagi qoldig‘i 12,84 trln so‘mni (amaldagi qonun bo‘yicha 11,5 trln so‘m bo‘lishi kutilgan edi), daromadlar 64,77 trln so‘mni (65,25 trln so‘m), davlat budjetidan transfertlar 34,06 trln so‘mni (32,19 trln so‘m), xarajatlar 96,69 trln so‘mni (96,1 trln so‘m) tashkil etmoqda.

Vazirliklar xarajatlari

“Gazeta.uz”ning aniqlashicha, yil boshida Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi balansi profitsit (daromadlar xarajatlardan yuqori) bilan rejalashtirilgan bo‘lsa, yil oxiriga kelib 363,67 mlrd so‘mlik salbiy saldo kutilmoqda.

Xususan, jamg‘arma daromadlari (oltin va boshqa xomashyo materiallarining yuqori narxlari hisobiga, sotuvdan tushgan mablag‘larning bir qismi TTJga o‘tkaziladi) 18,87 trln so‘mdan 20,82 trln so‘mgacha (+10,3 foiz), xarajatlari esa 18,85 trln so‘mdan 21,18 trln so‘mgacha (+12,4 foiz) oshadi.

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi budjeti 3,28 trln so‘mga ko‘payib, 49,9 trln so‘mga yetdi. Shu bilan birga, joriy xarajatlarni moliyalashtirish (o‘qituvchilarning ish haqlarini ham o‘z ichiga oladi) 614,8 mlrd so‘mga — 45,28 trln so‘mgacha, rivojlanish dasturlariga — 5,2 trln so‘mgacha (-250 mlrd so‘m), maktab darsliklarini yangilashga — 1,31 trln so‘mgacha (-200 mlrd so‘m) kamaydi.

Ta’lim sohasidagi islohotlarga ko‘maklashish jamg‘armasi mablag‘larini shakllantirishga ham kamroq mablag‘lar — 235 mlrd so‘m (-15 mlrd), Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri jamg‘armasi mablag‘lari — 65 mlrd so‘m (-35 mlrd) ajratilmoqda.

O‘sish obyektlarni loyihalashtirish, qurish (rekonstruksiya qilish) va jihozlash uchun kapital qo‘yilmalar xarajatlarining 3,95 trln so‘mga — 4,7 trln so‘mga oshishi hisobiga yuz berdi.

Yuqorida ta’kidlanganidek, bog‘cha va maktablarni qurish va ta’mirlash uchun mahalliy budjetlarda nazarda tutilgan 4,373 mlrd so‘m respublika budjetiga o‘tkazildi. Shunday qilib, maktablar va bog‘chalarni ta’mirlash va qurish uchun ajratilgan qariyb 423 milliard so‘m boshqa maqsadlarga yo‘naltirildi.

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi dastlab rejalashtirilganidan — 6,1 trln so‘m o‘rniga 5,7 trln so‘mga 417,9 mlrd so‘mga kam mablag‘ oladi.

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi joriy xarajatlarni (-366,4 mlrd) va rivojlanish dasturlari xarajatlarini (-133 mlrd) qisqartirmoqda, shuningdek, oliy ta’lim muassasalari magistraturasida tahsil olayotgan barcha ayollarning shartnoma to‘lovlarini qaytarib bermaslik sharti bilan moliyalashtirish xarajatlarini 120 mlrd so‘mga (-80 mlrd) tushirmoqda.

Davlat-xususiy sheriklik asosida qurilgan talabalar yotoqxonalarida yashovchilar uchun davlat sherigiga ajratiladigan subsidiyalar 100 mlrd so‘mdan 50 mlrd so‘mgacha (-50 mlrd) kamaytiriladi. Ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasiga o‘tkaziladigan mablag‘lar ham 800 mlrd so‘mdan 715 mlrd so‘mgacha (-85 mlrd) qisqartiriladi.

Faqatgina obyektlarni loyihalashtirish, qurish (rekonstruksiya qilish) va jihozlash uchun kapital qo‘yilmalar 291,6 mlrd so‘mgacha (+33,4 mlrd) ko‘paydi.

Iqtisodiyot va moliya vazirligining budjeti an’anaviy ravishda oshirilmoqda — 97,83 trln so‘m (+5,7 trln). Banklarda ustav kapitalini oshirishga 2,51 trln so‘m yo‘naltirilmoqda. Avvalroq hukumat davlat boshqaruvidagi Mikrokreditbank aksiyalarini bozor narxidan 12 foiz yuqori narxda sotib olib, 2 trln so‘m sarflagan edi (ya’ni 250 mlrd so‘m ko‘proq to‘langan — bu pulga 10 ga yaqin maktab qurish mumkin). Ushbu mablag‘ning 790 mlrd so‘mi Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan, 1,23 trln so‘mi esa aktivlari budjet bilan chambarchas bog‘liq bo‘lgan Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi orqali ajratilgan.

Budjet tashkilotlari xodimlariga homiladorlik va tug‘ish nafaqalari to‘lash bilan bog‘liq xarajatlar 1 trln so‘mdan 850 mlrd so‘mgacha qisqaradi.

“Drayver loyihalar”ni amalga oshirish uchun ayrim tumanlarda infratuzilmani rivojlantirish uchun 500 mlrd so‘m ajratildi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi budjeti 4,7 trln so‘mgacha 113,3 mlrd so‘m ko‘paydi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi budjeti 1,86 trln so‘mga (+148 mlrd), Energetika vazirligi budjeti 315,49 mlrd so‘mga (+72,9 mlrd), Transport vazirligi budjeti esa 6,46 mlrd so‘mga (+277,5 mlrd) oshdi.

Madaniyat vazirligi budjeti 1,04 trln so‘mgacha (-60,2 mlrd so‘m), Sport vazirligi budjeti 1,5 trln so‘mgacha (xarajatlarni qisqartirish va ba’zilarini kelgusi yilga ko‘chirish hisobiga -321,1 mlrd), Suv xo‘jaligi vazirligi budjeti 10,14 trln so‘mgacha (-296,1 mlrd), Ekologiya vazirligi budjeti 825,1 mlrd so‘mgacha (-58,1 mlrd), Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi budjeti 887,4 mlrd so‘mgacha (-51,6 mlrd), Bandlik va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi budjeti 1,1 trln so‘mgacha (-344,6 mlrd so‘m), Tashqi ishlar vazirligi budjeti 759,3 mlrd so‘mgacha (-115,3 mlrd), Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi budjeti 917,4 mlrd so‘mgacha (-150,7 mlrd) qisqartiriladi.

Vazirlar Mahkamasining zaxira jamg‘armasi 900 mlrd so‘mdan 1,42 trln so‘mgacha (+524,8 mlrd so‘m) ko‘paytiriladi.

Jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan zararni qoplash uchun qabul qilingan dasturlar, prezident va hukumat topshiriqlari asosida qo‘shimcha 100 mlrd so‘mga oshib, ja’mi 600 mlrd so‘m yo‘naltirilmoqda.

Bosh prokuraturaning budjeti 2,18 trln so‘mgacha (+68,9 mlrd) oshdi, Oliy sudning budjeti esa 1,59 mlrd so‘mgacha (-114,3 mlrd) qisqardi.

Milliy teleradiokompaniya va Milliy axborot agentligi (O‘zA) xarajatlari biroz qisqardi.

Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati va Milliy gvardiya budjetlarini o‘z ichiga olgan “boshqa tashkilotlar” xarajatlari 2,48 trln so‘mga oshib, 47 trln so‘mga yetdi. 2025-yilda ularning moliyalashtirilishini qariyb 50 trillion so‘mga yetkazish rejalashtirilgan.

“Gazeta.uz” avvalroq 60 ta vazirlik va idoralarning umumiy xarajatlarini 25,9 trln so‘mga — 281,4 trln so‘mgacha oshirish taklif etilayotgan O‘zbekiston davlat budjeti to‘g‘risidagi qonun loyihasini ko‘rib chiqqan edi.