Shavkat Mirziyoyev 2-dekabr kuni “Bolalar masalalari bo‘yicha komissiyalar faoliyatining samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmonni imzoladi.
Hujjat bolalar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishda manzilli va samarali chora-tadbirlarni belgilash, bolalar sog‘lig‘ini saqlash, salomatligini tiklash, ta’limga jalb etish, kasbga yo‘naltirishning huquqiy asoslarini takomillashtirish maqsadida qabul qilingan.
Farmon bilan Bolalar masalalari bo‘yicha milliy komissiyaning yangilangan tarkibi hamda Bolalar masalalari bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahri va tuman (shahar) komissiyalarining namunaviy tarkiblari tasdiqlandi.
Ushbu komissiyalarning asosiy vazifalari:
- bolalarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini amalga oshirish, ularning jismoniy, intellektual, ma’naviy va axloqiy rivojlanishiga, qobiliyat va iste’dodining to‘liq namoyon bo‘lishiga ko‘maklashish bo‘yicha choralarni muvofiqlashtirish;
- bolalarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha bajarilayotgan ishlarning tizimli tahlili, baholanishi va samaradorligini oshirish;
- bolalarni oilaga tarbiyaga berish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar samaradorligini tahlil qilish;
- bolalarning chuqur bilim, malaka va ko‘nikmalarni egallashi, sifatli ta’lim-tarbiya jarayonini tashkil etish bo‘yicha davlat organlari ishini tahlil qilish;
- alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalarni inklyuziv ta’limga jalb qilish, ularning tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiyasi va jamiyatga integratsiyasini ta’minlash bo‘yicha choralar samaradorligini baholash;
- bolalarda huquqbuzarliklarga qarshi immunitetni shakllantirish, ular orasida huquqbuzarliklar, nazoratsizlik va g‘ayriijtimoiy xatti-harakatlar, bolalar mehnatidan foydalanish va boshqalarning oldini olish.
Ijtimoiy himoya milliy agentligi, uning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri boshqarmalari hamda tuman (shahar) “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari tegishlicha Bolalar masalalari bo‘yicha milliy komissiya va hududiy komissiyalarning ishchi organi vazifasini bajaradi. Bunda Milliy gvardiyaga komissiyalar ishchi organlariga komissiyalar yig‘ilishlarini o‘tkazish, komissiyalar faoliyati uchun zarur axborotlarni to‘plash va tahlil qilishda ko‘maklashish vazifasi yuklatiladi.
Prezident farmoniga muvofiq Bolalar masalalari bo‘yicha milliy komissiyaning yangilangan tarkibi quyidagicha bo‘ldi:
- Abdulla Aripov — O‘zbekiston bosh vaziri, milliy komissiya raisi
- Mansurbek Olloyorov — prezident maslahatchisi — Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktori, milliy komissiya raisi o‘rinbosari
- Shahnoza Mirziyoyeva — Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari, milliy komissiya raisi o‘rinbosari
- Rustam Jo‘rayev — Milliy gvardiya qo‘mondoni, milliy komissiya raisi o‘rinbosari
- Zulayho Mahkamova — bosh vazir o‘rinbosari — Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi
- Orzigul Qozixonova — Oliy Majlis Senati Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi raisi (kelishuv asosida)
- Nodir Jumayev — Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Fan, ta’lim, va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi raisi (kelishuv asosida)
- Isroil Adhamov — bosh prokuror o‘rinbosari
- Hilola Umarova — maktabgacha va maktab ta’limi vaziri
- Kongratbay Sharipov — oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri
- Po‘lat Bobojonov — ichki ishlar vaziri
- Asilbek Xudayarov — sog‘liqni saqlash vaziri
- Ozodbek Nazarbekov — madaniyat vaziri
- Adham Ikramov — sport vaziri
- Sherzod Shermatov — raqamli texnologiyalar vaziri
- Botir Zohidov — kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri
- Shuxrat Xalmuxamedov — mudofaa vaziri
- Ilhom Norqulov — iqtisodiyot va moliya vazirining birinchi o‘rinbosari
- Qahramon Quronboyev — O‘zbekiston mahallalari uyushmasi raisi
- Sodiq Toshboyev — Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi
- Alisher Sa’dullayev — Yoshlar ishlari agentligi direktori
- Mukarram Nurmatova — Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi o‘rinbosari
- Nuriddin Xoliqnazarov — O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy
- Otabek Hasanov — Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari
- Nigina Rahimova — “Ijtimoiy fikr” respublika jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi direktori
- Lavozimi bo‘yicha — Ijtimoiy himoya milliy agentligi mas’ul xodimi, milliy komissiya kotibi
Bolalar masalalari bo‘yicha milliy komissiya a’zolari boshqa ishga o‘tgan taqdirda, uning tarkibiga ushbu lavozimlarga yangi tayinlangan yoki zimmasiga tegishli funksiyalarni bajarish yuklangan shaxslar kiritiladi.
Bolalar masalalari bo‘yicha komissiyalar o‘z vakolatiga kiradigan masalalar yuzasidan har chorakda kamida bir marta yig‘ilish o‘tkazadi. Komissiyalarning bola huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan takliflari davlat organlari va tashkilotlari tomonidan majburiy tartibda ko‘rib chiqiladi.
Bolalar masalalari bo‘yicha komissiyalar o‘z yig‘ilishlarida davlat organlari va tashkilotlari rahbarlarining komissiya faoliyatiga doir masalalar bo‘yicha axborotlarini eshitib boradi, shuningdek, vakolatlari doirasiga kiruvchi masalalar yuzasidan davlat organlari, shu jumladan, huquqni muhofaza qiluvchi organlarni jalb qiladi.
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Milliy markazi tomonidan Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya talablari bo‘yicha BMTga taqdim etish uchun tayyorlangan hisobot hamda BMT ustav va shartnomaviy organlarining ushbu hisobotni ko‘rib chiqish yakunlari bo‘yicha berilgan taklif va tavsiyalari Bolalar masalalari bo‘yicha milliy komissiya majlislarida dastlabki tarzda ko‘rib chiqiladi va yakuni bo‘yicha tegishli tavsiyalar beriladi.