Fransiya parlamentining quyi palatasi bo‘lmish Milliy majlis ko‘pchilik ovoz bilan bosh vazir Mishel Barne hukumatiga ishonchsizlik votumini qo‘llab-quvvatladi. Bu haqda Le Figaro xabar bermoqda.

Bu qaror uchun 331 nafar deputat zaruriy bo‘lgan 289 ta ovozni berdi. Ishonchsizlik votumi munosabati bilan bosh vazir va hukumat iste’foga chiqadi. Barne Fransiya prezidenti Emmanuel Makron uning vorisini saylagunga qadar bosh vazir vazifasini bajaruvchi bo‘lib qoladi, ya’ni mamlakatni yana muvaqqat hukumat boshqaradi.

Hukumatga ishonchsizlik votumiga Barnening kelasi yil byudjetini parlament bilan kelishmasdan tasdiqlash qarori sabab bo‘ldi. Byudjet taqchilligini qisqartirish maqsadida vazirlar mahkamasi xarajatlarni 40 milliard yevroga qisqartirish, shuningdek, yirik korporatsiyalar va badavlat fransuzlar uchun soliqlarni oshirishni taklif qilgandi (bu g‘aznaga yana 20 milliard yevro keltirishi kerak edi). Biroq uning bir qator takliflariga «Yangi xalq fronti» so‘l koalitsiyasi deputatlari va o‘ta o‘ng «Milliy birlashuv» partiyasi ishonchsizlik votumi bilan tahdid qilgan holda qarshi chiqdi.

Radio France Internationale (RFI) rus xizmatining qayd etishicha, Barne parlamentdagi partiyalar bilan muzokaralar chog‘ida byudjet qonunlari uchun ovoz berishda ko‘pchilik deputatlarning qo‘llab-quvvatlashiga umid qilib, xarajatlar va soliqlar bo‘yicha bir qator yon bosishlarga yo‘l qo‘ygan. Biroq, oxir-oqibat, kerakli miqdordagi ovozlar bilan ta’minlana olmadi. 2-dekabr kuni bosh vazir byudjetni tasdiqlash uchun Konstitutsiyada nazarda tutilgan alohida tartibni qo‘llashga qaror qildi. U byudjet qonunini parlamentda muhokama va ovoz berishsiz, shu bilan birga, hukumat tomonidan taklif qilingan asl versiyada tasdiqlash imkonini berardi.

Fransiya Milliy majlisi shu kunga qadar hukumatni faqat bir marta iste’foga chiqarishga muvaffaq bo‘lgan. Bu 1962-yilda, deputatlar Jorj Pompidu kabinetiga ishonchsizlik votumi uchun ovoz berganlarida sodir bo‘lgan. Shu bilan birga, Milliy majlisda hukumatga ishonch masalasida ovoz berishning o‘zi ham istisno emas, deb ta’kidlaydi RFI. 1958-yildan buyon u 130 martadan ortiq o‘tkazilgan.

Prezident Makron 5-sentyabr kuni 73 yoshli o‘ng-markazchi siyosatchi Mishel Barneni mamlakat bosh vaziri lavozimiga tayinlagandi. Barne — o‘ng markazchi «Respublikachilar» partiyasining faxriysi. Siyosiy faoliyati davomida u Fransiyada ham, Yevropa Ittifoqi tuzilmalarida ham turli rahbarlik lavozimlarida ishlagan. 2016-yildan 2019-yilgacha u Buyuk Britaniya rasmiylari bilan Yevropa Ittifoqidan chiqish bo‘yicha muzokaralarga yetakchilik qilgan.

Barne kabineti qulashi istiqboli fonida muxolifat tomonidan Makronning o‘zini iste’foga chiqarishga chaqiriqlar ham faollashdi. Bundan tashqari, Elabe kompaniyasining avvalroq e’lon qilingan tadqiqotiga ko‘ra, fransuzlarning qariyb 63 foizi yangi tuzilgan hukumat qulagandan keyin prezidentning ketishini qo‘llab-quvvatlagan bo‘lar edi.

Shunga qaramay, 3-dekabr kuni Makron Saudiya Arabistoniga tashrif buyurib, vakolat muddati tugaguniga qadar (2027-yilda) o‘z ixtiyori bilan lavozimidan ketmasligini aytdi. «Bundan hech qanday ma’no yo‘q, to‘g‘risini aytsam, bunday gaplarni aytish yaramaydi. Sizning oldingizda turar ekanman, buning sababi shundaki, men fransuz xalqi tomonidan ikki marta saylanganman», — deya qo‘shimcha qildi u (Le Monde iqtibosi).