Bu yil noyabr oyi odatdagidan 1,5−2 daraja iliqroq, biroq O‘zbekistondagi meteorologik kuzatuvlarning barcha yillari uchun eng iliq bo‘lgan o‘tgan yilning noyabridan sovuqroq (3−4 daraja) bo‘ldi, deyiladi O‘zgidrometning iqlim sharhida.

2024-yil noyabrida iliq va sovuq to‘lqinlar almashib turdi, biroq iliq to‘lqinlar sovuq to‘lqinlarga nisbatan jadalroq va davomiyroq bo‘ldi. Oy o‘rtasida eng sezilarli, ammo qisqa muddatli sovuq (4−5 darajaga) kuzatildi.

Kechasi havo harorati mamlakatning aksariyat hududlarida 0…-4 darajagacha, shimolda −6…−9 darajagacha pasaydi.

Eng yuqori havo harorati oyning birinchi besh kunida kuzatildi. Kunduzi havo +20…+25 darajagacha, ayrim joylarda +27, janubda +29…+31 darajagacha isidi.

Noyabr oyida haroratning maksimal va, ayniqsa, minimal qiymatlari o‘zining ekstremal qiymatlaridan uzoq bo‘ldi, deya ta’kidlanadi sharhda.

Bu davrda yomg‘ir kam yog‘di. Ba’zi kunlarda (5−6-noyabr, 13-noyabr, 20−21-noyabr, 30-noyabr) yomg‘ir sezilarli jadallikda kuzatildi.

Chimyon, Oygaing va Kul meteostansiyalari ma’lumotlariga ko‘ra, 5−6-noyabrda yog‘ib o‘tgan yog‘ingarchilik kuzatuvlar tarixi uchun rekord bo‘lgan.

Umuman olganda, oy uchun yog‘ingarchilik miqdori me’yordan 1,5−2 marta ko‘p bo‘lgan, faqat shimoli-g‘arbiy hududlarda, cho‘l zonasida va eng chekka janubda taqchillik yuz bergan.

“2024-yilning kuz mavsumi respublika hududining katta qismida harorat tartibi bo‘yicha me’yorga nisbatan biroz iliq, ba’zi joylarda me’yor atrofida bo‘ldi”, — deya xulosa qildi O‘zgidromet.