Odil Shukurovich Temirov «O‘zkimyosanoat» AJ boshqaruvi raisi etib tayinlandi. Bu haqda kompaniya axborot xizmati xabar berdi.

U 2023-yil iyulidan beri «O‘zbekneftgaz» kompaniyasi boshqaruv raisining qayta ishlash bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida ishlagan, undan avval esa «O‘zkimyosanoat» rahbarining ishlab chiqarish, mahalliylashtirish, sanoatda kooperatsiya aloqalarini kengaytirish hamda axborot texnologiyalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari bo‘lgan. Shuningdek, u 2019-yil fevralidan 2020-yil 31-yanvargacha «O‘zkimyosanoat»ga rahbarlik qilgan.

Odil Temirov (1977-yilda tug‘ilgan) Toshkent kimyo-texnologiya institutini tamomlagan. 1999-yildan 2017-yilgacha Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasida turli lavozimlarda, jumladan korxona direktori lavozimida ishlagan.

Temirov yangi lavozimda 2023-yil mayidan buyon shu vazifani bajarib kelgan Timur Muhamedjonov o‘rnini egalladi.

«O‘zkimyosanoat» tarkibiga «Navoiyazot», MAXAM-Chirchiq, «Farg‘onaazot», «Ammofos-Maksam», «Dehqonobod kaliy zavodi», «Qo‘ng‘irot soda zavodi» korxonalari kiradi. Kompaniya korxonalarini ishlab chiqarilayotgan mahsulot turiga ko‘ra quyidagi asosiy ishlab chiqarish majmualariga bo‘lish mumkin:

  • mineral o‘g‘itlar, noorganik moddalar va energetika, oltinkon va kimyo sanoatlari uchun kimyo reagentlar ishlab chiqarish majmuasi;
  • organik kimyo, sun’iy tola va polimer materiallar ishlab chiqarish majmuasi;
  • o‘simliklarni muhofaza qilish kimyo vositalari ishlab chiqarish majmuasi;
  • kalsiylashtirilgan soda ishlab chiqarish majmuasi.

«O‘zkimyosanoat» korxonalarida 170 dan ortiq turdagi kimyoviy mahsulotlar ishlab chiqariladi.