Toshkent viloyati O‘rta Chirchiq tumanidagi ishlab chiqarish korxonasida gaz portlashi sodir bo‘ldi. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi xabar qildi.

Voqea 5-dekabr kuni soat 07:46 da tumanning «Kim Pen Xva» MFY Qutb Yulduzi ko‘chasida joylashgan ishlab chiqarish korxonasi ma’muriy-xo‘jalik binosida sodir bo‘lgan. Portlash joyida yong‘in sodir bo‘lmagan.

Hodisa oqibatida 1 nafar fuqaro vafot etgan, 6 nafar fuqaro tan jarohati olib, shifoxonaga yotqizilgan.

gaz portlashi, toshkent viloyati, fvv

«Voqea joyiga favqulodda vaziyatlar vaziri general-mayor Abdulla Qo‘ldoshev yetib bordi va uning rahbarligida vaziyat oqibatlari bartaraf etilmoqda. Shuningdek, hodisa joyiga viloyat FVB rahbariyati, tuman hokimiyati, prokuratura, IIB, SSB, „Hududgazta’minoti“ rahbar xodimlari yetib borgan. Ayni vaqtda FVVning yong‘in-qutqaruv ekipajlari voqea joyida amaliy harakatlarni olib bormoqda», — deyiladi xabarda.

Holat yuzasidan dastlabki tergovoldi surishtiruv ishlari boshlangan.