5-dekabr kuni soat 09:00 dan boshlab Samarqand va Qashqadaryo viloyatlarini bog‘lovchi Taxtaqoracha dovonida avtomobillar harakati cheklandi. Bu haqda YHXX axborot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, dovonda favqulodda vaziyatlarning oldini olish maqsadida amaliy o‘quv mashg‘uloti o‘tkaziladi. Mashq davomida yirik toshlarni xavfsiz tushirish ishlari amalga oshirilib, dovonda transportlar harakati vaqtincha cheklanadi.

Yo‘l harakati xavfsizligi xizmatining «Gazeta.uz»ga bildirishicha, dovonda avtomobillar harakati bugunning o‘zida qayta tiklanadi. YHXX barcha haydovchilardan tashkil etilgan chora-tadbirlarni to‘g‘ri tushunib, tartibga soluvchilarning ishoralariga rioya qilishni so‘ragan.

Eslatib o‘tamiz, 6-noyabr kuni Qashqadaryo viloyatining Kitob tumanidan o‘tgan Taxtaqoracha dovonida avtomobilni tosh bosib qolgani haqida xabar berilgandi. Cobalt avtomashinasini tog‘ tepaligidan sirpanib tushgan tosh bosib qolgan.

Dovonda tog‘dan ulkan tosh avtomobilga qulashi oqibatida uch kishi, jumladan, ikki nafar Vengriya fuqarosi halok bo‘lgan. O‘zbekistonning Budapeshtdagi elchixonasi chuqur ta’ziya izhor etib, marhumlarning jasadlarini vataniga qaytarishda ko‘maklashishga tayyorligini bildirgan.

30-noyabrda Taxtaqoracha dovonida bir necha tonnalik xarsangtoshlar parchalanib, yo‘ldan olib tashlandi. FVV profilaktika ishlari davomida dovon yaqinida yo‘lga tosh tushishi xavfi bor bo‘lgan 17 ta xavfli uchastka aniqladi. Shundan so‘ng topilgan toshlar parchalanib, yo‘l yaqinidan olib tashlandi.