Janubiy Koreya politsiyasi 3-dekabr kuni harbiy holat e’lon qilingani munosabati bilan davlatga xiyonat qilishda gumon qilingan prezident Yun Sok Yolga nisbatan tergov boshladi, deb xabar bermoqda Yonhap.

Ish ikki murojaatdan so‘ng ochildi: biri Koreyani tiklash partiyasi (muxolifat), ikkinchisi — 59 nafar faoldan iborat guruh tomonidan taqdim etilgan.

Shikoyatlarda nafaqat Yun Sok Yol, balki sobiq mudofaa vaziri Kim Yon Xyon, armiya shtabi boshlig‘i general Pak An Su va ichki ishlar vaziri Li San Min ham ko‘rsatilgan.

Mudofaa vazirligining sobiq rahbariga ham tekshiruv davomida mamlakatdan chiqish taqiqlandi, deya qayd etadi Yonhap. Bir kun avval Kim Yon Xyon lavozimidan iste’foga chiqdi va harbiy holat joriy etilishi bilan bog‘liq barcha voqealar uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga oldi. Mahalliy ommaviy axborot vositalari aynan u prezidentga bunday qadamni qo‘yishni taklif qilgani haqida yozmoqda.

  • 3-dekabr kuni kechqurun prezident Yun Sok Yol Janubiy Koreyada harbiy holat e’lon qilgandi. U buni konstitutsiyaviy tartibni «kommunistik kuchlar»dan himoya qilish zarurati bilan izohladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, u bunday chorani mamlakatni inqirozga olib kirishga urinayotgan muxolifat harakatlari tufayli qo‘llagan.
  • Parlament deputatlari prezident qaroriga qarshi chiqib, uni bekor qilish uchun ovoz berdi, shundan so‘ng prezident o‘z farmonini qaytarib olishga rozi bo‘ldi.
  • 4-dekabr kuni muxolifatdagi partiyalar parlamentga Yun Sok Yol impichmenti bo‘yicha taklif kiritdi. Bu bo‘yicha ovoz berish shu juma yoki shanba kuni bo‘lib o‘tadi. Prezident impichmenti uchun parlament deputatlarining 2/3 qismi (jami 300 o‘rin) ovoz berishi kerak.