Ukraina prezidenti ofisi rahbari Andrey Yermak Donald Tramp jamoasi vakillari — Milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchi lavozimiga taklif etilgan Mayk Uolts va Rossiya hamda Ukraina bo‘yicha maxsus elchi lavozimiga da’vogar Kit Kellog bilan uchrashdi. Bu haqda Reuters va The Wall Street Journal xabar berdi.
Reuters suhbatdoshlari Ukraina delegatsiyasining Tramp jamoasi bilan uchrashuvi tafsilotlarini ochiqlamadi. WSJ ma’lumotlariga ko‘ra, muhokamalarga saylangan vitse-prezident Jey Di Vens ham qo‘shilgan. Nashrning yozishicha, bundan oldin Yermak Floridada Tramp davrida Oq uy apparatini boshqaradigan Syuzi Uayls bilan ham uchrashgan.
WSJ manbalariga ko‘ra, Yermak Trampning yordamchilari bilan munosabatlarni yo‘lga qo‘yish uchun Vashingtonga tashrif buyurdi. O‘z navbatida, Ukraina «tinchlikka tayyorligini ma’lum qilishni rejalashtirmoqda». «Ammo bu barqaror tinchlik bo‘lishi kerak. Beqaror, vaqtinchalik tinchlik AQSH yoki Ukraina manfaatlariga javob bermaydi», — dedi nashrning Kiyev rejalari bilan tanish bo‘lgan suhbatdoshi.
Tramp jamoasi izoh yuzasidan so‘roviga javob bermadi, deb yozadi Reuters.
Kiyev Ukrainani NATOga taklif qilishni Vladimir Zelenskiy tomonidan taklif qilingan «g‘alaba rejasi»ning asosiy bandlaridan biri deb hisoblaydi. Biroq Donald Tramp saylanganidan keyin Zelenskiy agar Kiyev tomonidan nazorat qilinadigan Ukraina hududi «NATO soyaboni ostiga» olinsa, urushning «qaynoq bosqichi» tugashi mumkinligini bildirdi. Shu bilan birga, u mamlakatni alyansga qisman, Kiyev «diplomatik yo‘l bilan qaytarishga» intiladigan okkupatsiya qilingan hududlarsiz taklif qilish mumkin emasligini ta’kidladi.
3−4-dekabr kunlari NATO tashqi ishlar vazirlarining uchrashuvi oldidan Reuters NATOning 32 a’zosi orasida Kiyevni ittifoqqa taklif qilish bo‘yicha «hech qanday konsensus belgilari» yo‘qligini yozdi. Ukraina Tashqi ishlar vazirligi Kiyev a’zolikka muqobil formatlardan voz kechishini ma’lum qildi.
Reuters xabariga ko‘ra, hozirda Tramp jamoasi Ukrainada tinchlik o‘rnatish bo‘yicha uchta asosiy taklifni muhokama qilmoqda: ular Kit Kellog, Jey Di Vens va AQSHning Germaniyadagi sobiq elchisi va milliy razvedkaning sobiq direktori Richard Grenell tomonidan berilgan. Ularning barchasi Ukrainaning yaqin vaqt ichida NATOga a’zo bo‘lishini istisno qiladi.