Rubob yasash va chalish san’ati YUNESKOning Insoniyat nomoddiy madaniy merosi reprezentativ ro‘yxatiga kiritildi. Qaror 4-dekabr kuni Paragvay poytaxti Asunson shahrida YUNESKOning Nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish bo‘yicha hukumatlararo qo‘mitasining 19-sessiyasida ma’qullandi.

«Dunyo» xabariga ko‘ra, O‘zbekiston Tojikiston, Afg‘oniston va Eron bilan birgalikda nomzodlik tashabbusi bilan chiqqan.

Bu yerda va undan keyin — nominatsiyaga ilova qilingan suratlar.Bu yerda va undan keyin — nominatsiyaga ilova qilingan suratlar.

Qo‘mita qarorida rubob Markaziy, Janubiy va Janubi-g‘arbiy Osiyodagi eng qadimgi musiqa asboblaridan biri ekanligi ta’kidlangan.

rubob, yunesko

Bu san’at madaniy va ijtimoiy birdamlikni, madaniy almashinuv va hamjihatlikni rivojlantirishga, shuningdek, ta’lim, gender tenglik va barqaror taraqqiyotga hissa qo‘shishi alohida qayd etilgan.

rubob, yunesko

Rubob yasash va chalish san’ati O‘zbekiston tashabbusi bilan YUNESKOning Reprezentativ ro‘yxatiga kiritilgan insoniyatning nomoddiy madaniy merosi 16-elementi bo‘ldi.

Joriy sessiya davomida YUNESKOning Butunjahon madaniy va tabiiy merosini muhofaza qilish to‘g‘risidagi konvensiyasiga a’zo 183 ta davlatni ifodalovchi Qo‘mitaning 24 ta a’zo davlati konvensiya ro‘yxatlariga kiritish uchun taqdim etilgan 63 ta arizani ko‘rib chiqadi:

  • Insoniyat nomoddiy madaniy merosining Reprezentativ ro‘yxatiga kiritish uchun 58 ta ariza (shu jumladan, boshqa davlatlarning buyurtmanomalari bo‘yicha ro‘yxatga ilgari kiritilgan elementlarni kengaytirish uchun 5 ta ariza);
  • Muddatli muhofazaga muhtoj nomoddiy madaniy meros ro‘yxatiga kiritish uchun 2 ta ariza;
  • Nomoddiy madaniy merosni saqlash bo‘yicha ilg‘or tajribalar reestriga kiritish uchun 3 ta talabnoma.

Elementlar Muddatli muhofazaga muhtoj nomoddiy madaniy meros ro‘yxatiga kiritilgandan so‘ng amalga oshirilgan muhofaza choralarining ijobiy natijalari munosabati bilan Qo‘mita, shuningdek, Muddatli muhofazaga muhtoj nomoddiy madaniy meros ro‘yxati elementlarini Insoniyatning nomoddiy madaniy merosi reprezentativ ro‘yxatiga o‘tkazish uchun 3 ta talabnomani ko‘rib chiqadi. Ro‘yxat YUNESKO saytida mavjud.

Insoniyatning nomoddiy madaniy merosi Reprezentativ ro‘yxatiga kiritish uchun berilgan arizalar orasida Navro‘z bayrami ham bor. Arizalar Ozarbayjon, Afg‘oniston, Hindiston, Iroq, Eron, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, O‘zbekiston, Pokiston, Tojikiston, Turkiya, Turkmaniston va Mo‘g‘ulistondan topshirilgan.

2023-yilda YUNESKOning Insoniyat nomoddiy madaniy merosi reprezentativ ro‘yxatiga O‘zbekistonning uchta ijtimoiy-madaniy nominatsiyasi — tazkira, iftorlik va kulolchilikning badiiy bezagi, 2022-yilda ipakchilik va Xoja Nasriddin latifalari kiritildi.