16-noyabr kuni Yakkasaroy tumani hokimligi “Askiya” bozori rekonstruksiyasi loyihasini taqdim etdi. Hokimiyat vakillarining fikricha, savdo rastalari ochiq osmon ostida joylashgani va avtoturargoh joylarining yetishmasligi bozorga keluvchilar uchun noqulaylik tug‘diradi. Bozorni modernizatsiya qilish zarurati shu sababli paydo bo‘lgan.
Buning uchun ikki gektarga yaqin maydonni egallagan bozor hududi auksionga qo‘yildi. Loyiha doirasida 150 million dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni o‘zlashtirish rejalashtirilgan. Auksion savdo 20-dekabrda boshlanishi belgilangan.
Rekonstruksiyadan so‘ng, bozor o‘rnida savdo markazi, yashil hudud va mehmonxonani o‘z ichiga olgan yopiq “ekobozor” barpo etilishi rejalashtirilgan. Hududda 4 yulduzli mehmonxona barpo etiladi. Hokimlik ma’lumotlariga ko‘ra, yangilangan majmuada nogironligi bor shaxslar uchun qulayliklar bo‘ladi, velosiped yo‘laklari, Wi-Fi tarqatuvchi hududlar, 400 o‘rinli avtoturargoh paydo bo‘ladi. Rekonstruksiya natijasida 1000 ga yaqin yangi ish o‘rni yaratiladi va hudud mahalliy aholi hamda sayyohlar uchun qulayroq bo‘ladi.
Qurilish davrida bozor o‘z faoliyatini to‘xtatmaydi. “Gazeta.uz” bozor bozorda ishlayotgan sotuvchilar va xaridorlar bilan muloqot qilib, ushbu rekonstruksiya loyihasi haqida ular qanday fikrda ekani, bozorni ta’mirlash zarurati bor yoki yo‘qligi hamda bu o‘zgarishlar shaharliklar hayotiga qanday ta’sir ko‘rsatishini o‘rgandi.