Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston xalqini 8-dekabrda nishonlanadigan Konstitutsiya kuni bilan tabrikladi.

Davlat rahbari bu yil ushbu bayram “siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, ma’naviy-ma’rifiy hayotimizda katta o‘zgarishlar amalga oshirilayotgan tarixiy bir sharoitda” o‘tayotganini ta’kidladi.

27-oktabrda Oliy Majlis va mahalliy kengashlarga bo‘lib o‘tgan saylovlar natijasida “yurtimizda yangi vakillik tizimi shakllandi”, “konstitutsiyaviy huquq va vakolatlari kuchayib, mas’uliyati bir necha karra ortdi”, dedi prezident.

“Hokimlar bir paytning o‘zida mahalliy kengashlarga ham rahbarlik qilib kelgan amaliyotdan ushbu organlarga ilk bor deputatlar orasidan saylangan kengash raisi boshchilik qiladigan yangi tizimga o‘tilmoqda. Bundan tashqari, hokimlarning 30 dan ziyod vakolatlari mahalliy kengashlarga o‘tkazilgani ijtimoiy hayotimizda demokratiya, xalqparvarlik tamoyillari tobora keng o‘rin olayotganidan dalolat beradi”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

“Biz „Xalq davlat hokimiyatining birdan-bir manbaidir“ degan konstitutsiyaviy prinsipga amal qilgan holda, parlament va mahalliy kengashlar vakolatlarini kengaytirish, ularning faolligini yanada oshirish, samarali faoliyat ko‘rsatishlari uchun zarur sharoitlarni yaratish, bir so‘z bilan aytganda, ularni chinakam xalq ovoziga aylantirishga qaratilgan islohotlarimizni qat’iy davom ettiramiz”, — dedi u.

Prezident mamlakatda bundan buyon ham Asosiy qonunda mustahkamlab qo‘yilgan inson huquqlari, manfaatlari va qadr-qimmatini ta’minlashning ustuvor tamoyillarini hayotga izchil tatbiq etish davom etishinini alohida ta’kidladi.

“Atrof-muhitni muhofaza qilish va yashil iqtisodiyot yili” deb e’lon qilingan kelgusi yilga mo‘ljallangan Davlat dasturini ishlab chiqish va amalga oshirishda barcha fuqarolarni faol ishtirok etishga chaqirdi.

“Tabiatni asrash — bu insonni, kelajakni asrash demakdir. Bebaho boyligimiz bo‘lgan serhosil dalalarimiz, zilol buloqlarimiz, daryo va ko‘llarimiz, tog‘ va adirlarimizni asrab, bog‘u rog‘lar, yashil maskanlarni ko‘paytirsak, O‘zbekistonimiz yanada go‘zal diyorga aylanadi, avlodlarga bizdan ozod va obod Vatan qoladi”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

“Konstitutsiyamiz mamlakatimizda milliy mustaqilligimizni mustahkamlash, tinchlik va barqarorlik, millatlararo do‘stlik va hamjihatlikni saqlash, islohotlarimizning ortga qaytmas tus olishini ta’minlashda doimo ishonchli kafolat bo‘lib kelgan va bundan buyon ham shunday bo‘lib qoladi”, — ta’kidladi u.

“Xalqimizning huquqiy tafakkuri, xohish-irodasining yorqin timsoli va amaliy ifodasi bo‘lgan asosiy qonunimiz bilan har qancha faxrlansak arziydi. Bu noyob qomusning har bir moddasi va qoidasini o‘rganish, ularga hurmat, mehr va e’tibor bilan munosabatda bo‘lib, to‘laqonli ijro etish barchamiz uchun muqaddas burch va mezonga aylanishini istardim”, — dedi prezident.

“Aminmanki, ana shunday yuksak mas’uliyat bilan astoydil mehnat qilib, islohotlarimiz samarasini yanada oshiramiz va oldimizga qo‘ygan ulug‘vor maqsadlarga albatta yetamiz”, — qayd etdi davlat rahbari.